“Beshqo‘rg‘on” bozori vaqtinchalik yopildi
Jamiyat
−
17:34 1089 1 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan “Beshqo‘rg‘on” bozorida katta yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisa ortidan bozor vaqtinchalik yopildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Beshqo‘rg‘on” bozorida yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng uning hududi atrofidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi va savdo kompleksi tegishli tartibda Toshkent shahar FVBB tomonidan tekshirilgan. Tekshiruv davomida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi yoqilg‘i saqlash sig‘imiga yaqin masofada joylashgan binodan omborxona sifatida foydalanilayotgani, savdo kompleksi binosidagi mavjud avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi nosoz holatda ekanligi va shunga o‘xshash bir nechta yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan va barcha kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar ularning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
“Hurmatli tadbirkorlar! Yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qiling. Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari tomonidan berilayotgan tavsiyalarga amal qiling! Xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik katta fojialarga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, majmuaning 3000 kvadrat metr maydoni va moddiy boyliklari, shuningdek, unga tutash bo‘lgan hududdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi hamda 5 qavatli avtoturargoh yong‘indan saqlab qolingan. Yong‘indan hech kim jarohatlanmagan.
Live
Barchasi