Bepushtlikni davolashda urug‘lantirish usullaridan foydalanish tartibi belgilanadi
Jamiyat
−
16 yanvar 2020
11611Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.
Hujjatga asosan, yordamchi reproduktiv texnologiyalar urug‘lantirishning ayrim yoki barcha bosqichlarida ayolning organizmidan tashqarida amalga oshiriladigan homiladorlikka erishishga qaratilgan tibbiy texnologiyalar, davolash usullari va muolajalaridan iborat.
YORT erkak va ayolning YORTni qo‘llash bo‘yicha ixtiyoriy rozilik arizasi asosida qo‘llaniladi.
YORT usullari reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan YORT qo‘llanilgan bemorlarni hisobga olish hujjatlari yuritiladi. Bunda, YORT qo‘llanilishi to‘g‘risidagi, shuningdek YORT ishtirokchilarining shaxsi haqidagi ma’lumotlar shifokorlik sirini tashkil etadi va ular to‘g‘risidagi axborot maxfiy bo‘lishi kerak.
Bepushtlik sabablarini aniqlash va YORTdan foydalanish maqsadida bemorlar quyidagi birlamchi tekshiruvlardan o‘tkaziladi:
• endokrin va ovulyator holatini baholash (qon tarkibida prolaktin, gonadotropinlar, steroidli gormonlar va shu kabilar darajasini aniqlash);
• kichik toz a’zolarini ultratovushli transvaginal tekshirish;
• gisterosalpingografiya, kontrastli exogisterosalpingoskopiya
• va laparoskopiya usullaridan foydalangan holda bachadon naychalarining o‘tkazuvchanligini baholash;
• endometriy ahvolini baholash (endometriyni ultratovushli transvaginal tekshirish, gisteroskopiya, endometriy to‘qimalarining biopsiyasi);
• erkak va ayollarni urogenital infeksiyalar mavjudligiga tekshirish;
• erkak maniysi (eyakulyatini) tekshirish;
• spermatozoidlar agglyutinatsiyasi aniqlangan holda spermatozoidlarning aralash antiglobulin reaksiyasini o‘tkazish.
Qayd etilgan tekshiruvlar olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkazilishi lozim.
O‘tkazilgan birlamchi tekshiruv natijasida bepushtlik sababi aniqlangan bemorlarda konservativ va jarrohlik davolash o‘tkazilgandan so‘ng 9–12 oy davomida homiladorlik kuzatilmasa, mazkur bemorlar YORT yordamida davolanishga yuboriladi.
O‘tkazilgan birlamchi tekshiruv natijasida bepushtlik sababi aniqlangan 35 va undan katta yoshdagi ayollar konservativ va jarrohlik davolash o‘tkazilmasdan, 9–12 oy muddatsiz shifokorlar konsiliumining qarori bo‘yicha YORT yordamida davolashga yuborilishi mumkin.
YORT yordamida davolashga yuborilgan bemorlar Nizomga muvofiq YORT yordamida davolash usullarini qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalarni aniqlash yuzasidan quyidagi tekshiruvlardan o‘tkaziladi:
• qon tahlilida rangpar treponemaga antitanachalarni, odam immun tanqisligi virusi (OIV) M, G sinfi antitanachalarini, V, S virusli gepatiti antigeniga 1 va 2-antitanachalarni, qondagi qizilcha virusiga antitanachalarni aniqlash;
• qonda 1 va 2-tur oddiy gerpes virusi, sitomegalovirus (SMV) molekulyar-biologik tahlilini o‘tkazish;
• xlamidiyalar, mikoplazma va ureaplazma mavjudligiga mikrobiologik tekshirish;
• toksoplazmoz, brutsellyoz mavjudligiga tekshirish;
• jinsiy yo‘l ajralmalarini (qin ajralmasi, eyakulyat) mikroskopik tekshirish.
Mazkur asosan tekshiruvlardan tashqari ayollar quyidagi tekshiruvlardan o‘tkaziladi:
• qonning umumiy (klinik) tahlili, qonning biokimyoviy tahlili, koagulogramma (zarur hollarda gemostaz tizimini batafsil tekshirish va gematolog maslahati);
• bachadon bo‘yinini sitologik tekshirish (Papanikolau usulida);
• peshobning umumiy tahlili, buyraklarni ultratovush tekshiruvidan o‘tkazish;
• o‘pka flyuorografiyasi (bunday tekshiruvdan 12 oydan ortiq vaqt davomida o‘tmaganlar uchun);
• elektrokardiogramma;
• qonni gormonlar mavjudligiga tekshirish (FSG, LG, prolaktin, estradiol va antimyuller gormoni);
• homiladorlikni davom ettirish imkoniyati yuzasidan shifokor-terapevt ko‘rigi (tibbiy ko‘rik, maslahat);
• 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarda sut bezlarini ultratovush tekshiruvi, sut bezlarining xastaligi aniqlangan taqdirda esa mammografiya tekshiruvi;
• 35 va undan katta yoshdagi ayollar uchun mammografiya tekshiruvi.
• Anamnezida yoki yaqin qarindoshlarida rivojlanishning tug‘ma nuqsonlari va xromosom xastaliklari mavjud bo‘lgan, birlamchi amenoreya kasalligiga chalingan, 35 va undan katta yoshdagi, YORTdan foydalanish harakatlari samarasiz kechgan ayollarga shifokor-genetik ko‘rigi (maslahati) va xromosom apparati tekshiruvi (kariotiplash) o‘tkaziladi.
Tekshiruv natijasida endokrin o‘zgarishlar aniqlangan ayollarga shifokor-endokrinolog maslahati, qalqonsimon bez, qalqonsimon oldi bezi, buyrak usti bezlarining ultratovush tekshiruvlari tayinlanadi.
Mazkur Nizomda nazarda tutilgan tekshiruvlardan tashqari erkaklarga eyakulyat tahlili hamda 35 va undan katta yoshdagi erkaklarga genetik tekshiruv o‘tkaziladi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, YORT yordamida davolash usullarini qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalar aniqlanmagan bemorlarga quyidagi davolash usullari qo‘llaniladi:
• ekstrakorporal urug‘lantirish;
• sun’iy urug‘lantirish;
• xetching;
• kriokonservatsiya;
• spermatozoidning intratsitaplazmatik in’eksiyasi (bundan buyon matnda IKSI deb yuritiladi).
Tekshiruv natijalariga ko‘ra bemorlarda YORT yordamida davolash usullarini qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalar aniqlanganda, mazkur bemorlarga YORT qo‘llash taqiqlanadi.
YORT usullari qo‘llanilishidan avval bemorlarga bu usullarning afzalliklari va kamchiliklari to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumot berilishi shart.
YORT usullaridan birining qo‘llanilishi samara bermaganda, YORTning boshqa usullari qo‘llanilishi mumkin.
LiveBarchasi