Benzin narxi qachon pasayishi aytildi
Jamiyat
−
16 noyabr 2021
21833Bugun, 16 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev benzin narxi 10-15 kunda o‘zgarishini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, benzin narxlariga ta’sir qiluvchi omillar o‘rganilgan, ko‘rsatmalar berilgan, choralar ko‘rilmoqda. Ushbu masala bo‘yicha idoralararo ishchi guruh ishlamoqda.
“Qayerda bozor mexanizmlari asosida tabiiy o‘sishga erishilgan bo‘lsa, biz unga ta’sir ko‘rsata olmaymiz. Lekin sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan, kelishib qilingan, manipulyatsiya harakatlariga ta’sir ko‘rsatish mumkin”, deydi Farrux Qoraboyev.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, benzin narxi oshishida ham manipulyatsiya holatlari, arzon narxdagi benzinni sun’iy ravishda annulyatsiya qilish alomatlari aniqlangan.
“Benzin narxini barqarorlashtirish, tushirish bo‘yicha harakatlar davom etyapti, bu vaqt talab qiladigan masala. Lekin yaqin kunlarda narxlarda o‘zgarish bo‘ladi. Ayni paytda bozorni to‘yintirish, arzon narxlar asosida kichik xaridorlarga imkoniyat berish masalasiga e’tibor qaratilyapti”, deydi Farrux Qoraboyev.
Hozir nima bo‘lyapti? Yirik, ulgurji xaridorlar juda kichik rentabellikka ishlaydi, ularning savdo jarayonida balandroq taklif berish imkoni ko‘proq.
Shuning uchun ham lotlar kichik hajmda qilinmoqda, bundan maqsad – oddiy AYOQSHlarning benzinni olishi va zaxirasini to‘ldirishiga imkoniyat yaratishdan iborat. Bu narxlar sun’iy ravishda ko‘tarilishining oldini olishga yordam beradi.
LiveBarchasi