Bemorlarni og‘irlik darajasi bo‘yicha saralaydigan shoshilinch qabul bo‘limlari tashkil etiladi

Jamiyat

image

Hududiy tibbiyot muassasalarida bemorlarni og‘irlik darajasi bo‘yicha saralaydigan shoshilinch qabul bo‘limlari tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil yakuniga qadar mavjud shifo o‘rinlari va shtat birliklari doirasida:

•  markaziy tuman (shahar) shifoxonalaridagi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlaridagi shifo o‘rinlari pediatriya, terapiya va xirurgiya bo‘limlari tarkibiga o‘tkazilib, bemorlarni og‘irlik darajasi bo‘yicha saralaydigan (triaj) tunu-kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limlari;

•  respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari hamda barcha tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida shoshilinch qabul bo‘limlari;

•  Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 1-son, Yashnobod tumanidagi 4-son, Yunusobod tumanidagi 7-son shahar klinik shifoxonalari hamda Uchtepa tumanidagi shahar tez yordam shifoxonasi tarkibida alohida yuridik maqomga ega bo‘lmagan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Respublika tez tibbiy yordam markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ularning hududiy filiallari hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmatlarni pullik asosda tashkil etishga ruxsat beriladi.

Yangi tashkil etilayotgan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini jihozlash uchun Jahon bankining “O‘zbekistonda COVID-2019 koronavirusi infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Qarorda belgilanishicha, 2022 yil 1 sentyabrga qadar shoshilinch qabul bo‘limlarining yangilangan shtat normativlari tasdiqlanadi. 2022 yil 1 dekabrga qadar markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shifo o‘rinlari fondi aholi soni va kasalliklar yo‘nalishlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqiladi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

45

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing