Bemor xususiy shifoxona koronavirusni noto‘g‘ri davolagani sababli vafot etdi. SSV klinikaga chora ko‘rdi
Jamiyat
−
06 avgust 2021
10453Koronavirus bo‘yicha davolash standartlariga amal qilmagan xususiy shifoxonaning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash standartiga zid ravishda shifokorlar tomonidan bemorlarga antibiotik, gormon va boshqa dori vositalarini buyurish holatlari kuzatilmoqda. Buning natijasida ushbu tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar ahvoli yanada og‘irlashib, hatto, ularning o‘limiga ham sabab bo‘lmoqda.
“Bugungi kunda poytaxtimizdagi 25 ta, viloyatlardagi 6 ta xususiy shifoxonaga “COVID-19”ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha ruxsat berilgan. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda tegishli tartibda ruxsat olmagan ayrim xususiy shifoxonalar tomonidan laborator (PZR) tasdiqlanmagan pnevmoniya kasalliklarini “bu koronavirus emas” degan asos bilan davolash holatlari kuzatilmoqda”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Farhod Rahimqulov
Qayd etilishicha, natijada yetarli darajada jihozlanmagan, bilim va saviyaga ega bo‘lmagan, sanitariya talablariga rioya etilmagan bunday shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar og‘ir asoratlar bilan koronavirusni davolashga ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun ixtiyoriy shartnoma imzolagan ayrim xususiy shifoxonalarda ham davolash standartlariga amal qilmaslik oqibatida bemorlarning ahvoli yanada og‘irlashib, boshqa tibbiyot muassasalariga o‘tkazilayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Xususan, koronavirus kasalligini davolashga ruxsat olgan Toshkentdagi “ASIA SHINE HOSPITAL” xususiy shifoxonasida o‘tkazilgan monitoring davomida bu yerda bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlari to‘liq va sifatli to‘ldirilmagani, COVID-19 ga chalingan shaxslarni davolash bo‘yicha standart talablariga to‘liq rioya qilinmagani, tashkilot “bemor.ssv.uz” elektron axborot tizimiga ulanmagani hamda koronavirus bo‘yicha hisobotlarni muntazam ravishda taqdim etmasdan kelgani aniqlangan. Natijada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ushbu shifoxonada davolangan bemor ahvolining og‘irlashishiga, keyinchalik esa davlat tibbiyot muassasisida vafot etishiga sabab bo‘lgan.
Shu bois, ushbu xususiy muassasa bilan Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha 2021 yil 19 iyulda imzolangan shartnomani bir tomonlama bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Qolaversa, 10 avgustga qadar ushbu shifoxonada koronavirus bilan davolanayotgan 16 nafar bemorni boshqa shifoxonalarga o‘tkazish hamda mazkur sanadan boshlab bu yo‘nalishda bemorlarni davolash bo‘yicha faoliyatini to‘xtatishga majburiy ko‘rsatma berilgan.
Shu bilan birga, ushbu davolash muassasasida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan prokuratura organlariga ham ma’lumot yuboriladi.
LiveBarchasi