“Beli og‘rimay” millionerga aylangan amerikalik boyvachchalar ro‘yxati e’lon qilindi

Bu qiziq

image

AQSHda dunyodagi eng katta transmilliy korporatsiyalar egalari va badavlat shaxslar jamlangan. O‘z navbatida ular korxonasi, biznesi hamda boyliklarini farzandlari, turmush o‘rtog‘i va hatto sevimli uy hayvonlariga ham meros qilib qoldirishi mumkin. “Investing” nashri xuddi shunday boy va taniqli vorislar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Reytingdagi mashhur shaxslarning merosxo‘ri bo‘lgan yoki o‘zi ko‘pchilikka tanilib ulgurgan amerikaliklar haqida ba’zi ma’lumotlarni taqdim etishga qaror qildik.

Gollivud yulduzi Skarlett Yoxanssonning sof boyligi 140 million dollarni tashkil qiladi. Bu pullar unga ota-onasi Karsten Olaf Yoxansson va Melani Sloandan meros bo‘lib o‘tgan. Skarlett Yoxansson ajoyib iste’dod sohibi bo‘lsa-da, u ota-onasining yordami tufayli oyoqqa turganini yashirmaydi.

O‘zbek tomoshabinlariga  “Sahro shahzodasi” filmidagi roli bilan tanish aktyor Jeyk Jillenxol mashhur Gollivud rejissyori Stiven Jillenxolning o‘g‘lidir. Unga otasidan 65 mln dollar qiymatidagi boylik meros bo‘lib qolgan. Aktyor Los-Anjelesda tug‘ilgan va Kolumbiya universitetini tamomlagan. U bolaligidan aktyorlikni tanlagan, uning debyuti 1991 yilda suratga olingan "Siti slickers" filmida bo‘lgan.

Bir necha bor "o‘lib-tirilgan" amerikalik moliyachi Jorj Sorosning o‘g‘li Aleksandr Sorosga ham otasidan 20 mlrd dollarlik meros qolgan. Aleksandr Nyu-York universitetida tahsil olgan bo‘lib, u hatto Ph.D. darajasini ham yoqlagan. U o‘z ilmiy ishlarini  "Politico" , "The Guardian" , "The Forward" singari yirik nashrlarda e’lon qilib boradi. U ham otasi singari xayriyalar bilan shug‘ullanadi, jumladan "Yahudiy Adolat" jamg‘armasini bevosita qo‘llab-quvvatlaydi.

Amerikalik qo‘shiqchi va aktrisa Ariana Grandening boyligi 50 mln dollarni tashkil qiladi. San’atkorning pullari unga otasi, taniqli grafik dizayner Edvard Butera hisobidan o‘tgan. Shunga qaramay Ariana qobiliyati, keng vokal diapazoni tufayli albomlarining muvaffaqiyati ortidan Grammy mukofotini qo‘lga kiritgan.

Gollivudning mashhur aktrisalaridan biri Kristen Styuart hisobiga ham otasi Jon Styuartdan 70 mln dollar qiymatidagi mol-mulk o‘tgan.

Shunga qaramay Kristen 2010-2012 yillarda dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi aktrisalar ro‘yxatiga kiritilgan. Aktrisa Los-Anjelesda tug‘ilgan va uning ota-onasi, jumladan, teleprodyuser Jon Styuart shou-biznes vakili bo‘lgan. Shu boisdan ham aktrisa bolaligidanoq bir-nechta rollar ijro eta boshlagan. Jumladan, 2002 yilda suratga olingan “Vahima xonasi” filmidan so‘ng u ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan.

Ayni paytda AQSHdagi saylovlarda g‘alaba qozonish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan sobiq prezident Donald Trampning qizi Ivanka Tramp ham otasidan yaxshigina pul undirgan. Qariya Tramp qizi uchun boyligining 375 million dollarini ajratib bergan. Ivanka ham tadbirkorlikda otasidan qolishmaydi. Uning biznesi moda olamidan tortib, nashriyotgacha bo‘lgan sohalarni qamrab olgan. U otasining ham asosiy maslahatchilaridan biri hisoblanadi.

Rokfellerlar sulolasining a’zosi Ariana Rokfeller  Standard Oil kompaniyasining eng boy merosxo‘rlaridan biri sanaladi. Bankir Devid Rokfellerning nabirasiga 2,8 mlrd dollarlik meros qolgan.  Uning ota bobosi o‘z vaqtida neft kompaniyasiga asos solib, milliardlab pul ishlab topishga muvaffaq bo‘lgan.

Ariana moda sanoatiga juda qiziqadi va u Kolumbiya universitetida tahsil olgan. Milliarder xonim Birlashgan Millatlar Tashkilotida ham amaliyot o‘tagan, biroq keyinchalik u o‘zining moda brendini yaratishga qaror qilgan.

Taniqli aktrisa, yozuvchi va prodyuser Rashida Jons ham badavlat merosxo‘rlar qatoridan o‘rin olgan. Unga otasi – mashhur musiqa prodyuseri Kuinsi Jonsdan 25 mln dollarlik aktivlar meros bo‘lib qolgan. U, shuningdek, ayollar huquqlari faoli hisoblanadi. U o‘zi muallifligidagi kartinalarida ko‘pincha Amerikada ayollarning jinsiy ekspluatatsiya qilinishi muammosiga to‘xtalgan.

Qariyb 28 mlrd dollarlik daromad keltiradigan Dell Technologies kompaniyasining merosxo‘ri Aleksa Dell ham Amerikaning eng taniqli ayollaridan biridir. Uning otasi Maykl Dell dunyoning eng boy odamlari qatoridan joy olgan.

Tom Kruz va Keti Xolmsning qizi Suri Kruz ham garchand ota-onasi ajrashib ketgan bo‘lsa-da, 300 mln dollardan ko‘proq meros egasi hisoblanadi. U aktyor va prodyuser Tom Kruzning yagona haqiqiy farzandi.

Yer yuzidagi badavlat bolalardan biri shubhasiz – Shimoliy-G‘arb (North West). O‘zining noodatiy ismi bilan e’tiborni tortuvchi qizaloq realiti-shou yulduzi Kim Kardashyan va taniqli reper Kane Uestning farzandi. Ayni paytda u ota-onasining 130 mln dollarlik boyligi egasi hisoblanadi. Shunga qaramay qizaloq iste’dodi tufayli reklama roliklarida, televideniyeda va hatto Pol Makkartnining musiqiy videosida suratga tushib mo‘maygina pul ishlab olgan.

Yana bir puli ko‘p qizaloq bu Blyu Ayvi Karterdir. U Amerikaning super yulduz qo‘shiqchilari Beyonse va Jey-Zining merosxo‘ri hisoblanadi. Faqat u 1,2 mlrd dollarlik boyligini kelajakda  egizak ukalari bilan bo‘lishishga majbur.

Liza Jobs Apple asoschisi va sobiq bosh direktori Stiv Jobsning qizi bo‘lib, unga otasidan 18,8 mln dollar qolgan. Liza Oregon shtatining Portlend shahrida tug‘ilgan va Garvard universitetida tahsil olgan. U Jobsning birinchi rafiqasi Krizan Brennan bilan turmushidan dunyoga kelgan. Jobs vafot etganida Lizaga uning milliardlab boyliklari va aksiyalari meros bo‘lib qolgan.

Marhum pop yulduzi Maykl Jeksonning qizi Peris Jeksonning boyligi ham 100 mln dollarga chamalanmoqda. Maykl Jeksonning orttirgan mol-mulki Peris va uning ikki ukasi o‘rtasida taqsimlangan. U 1998 yilda AQSHning Beverli-Xillz shahrida tug‘ilgan bo‘lib, yigirma yoshidan boshlab modellik bilan shug‘ullana boshlagan.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing