Belarusdagi harbiy harakatlarda AQSHga tegishli suvosti kemasi topildi. Shoygu Putinga hisob berdi
Olam
−
14 fevral 2022
24599Ehtimoliy urush xavfi ortib borishi natijasida Rossiya joriy yil 10 fevraldan boshlab Belarus hududida 10 kunlik harbiy mashg‘ulot o‘tkazishi haqida xabar bergan edik. Bugun, 14 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan Rossiya va Belarus’ hududlarida olib borilayotgan mashg‘ulotlar yuzasidan muloqot qildi.
Shoyguning bildirishicha, mashg‘ulotlar Belarus harbiylari ishtirokida, mamlakatning har bir floti va harbiy bo‘linmalarida olib borilmoqda.
“Vladimir Vladimirovich mashqlar keng ko‘lamli bo‘lib, mashg‘ulotlar deyarli barcha flotlar hamda Barens dengizi, Qora dengiz, Boltiq dengizi va Tinch okeani flotlarida o‘tkazilmoqda”, degan Shoygu.
Vazirning ta’kidlashicha, Rossiyaning sharqiy sohillarida olib borilgan harbiy mashg‘ulotlar davomida AQSHga tegishli deya taxmin qilinayotgan noma’lum suvosti kemasi aniqlangan.
“Kuril orollari hududida joylashgan Urup orolidagi mashqlar davomida suvosti kemasi topildi – katta ehtimol bilan u AQSHga tegishli. Deyarli uch soatlik harakatlar natijasida kema Rossiya Federatsiyasining akvatoriyasidan chiqarib yuborildi. Bu mutlaqo tushunarsiz, sharqdagi bunday faoliyat umuman asossiz", degan Mudofaa vaziri.
Shoyguga ko‘ra, 10 kun davomida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan harbiy harakatlarning bir qismi yakunlangan. Mashg‘ulotlarning qolgan qismi ham yaqin kunlarda nihoyasiga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Kreml Belarusga “Ittifoqchilar kelishuvi” doirasida o‘z harbiylari va og‘ir artilleriyalarni yubora boshlagan. Hozirga qadar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun Belarus hududiga Rossiyaning 30 000 dan ortiq askarlari kiritilgani aytilmoqda.
Shuningdek, S-400 yer-havo raketa tizimlarining ikkita bataloni va 12 ta “Suxoy Su-35” qiruvchi samolyotlari mamlakat hududiga joylashtirilgan.
NATO ushbu harakatlarni Sovuq urush davridan buyon Belarus hududiga kiritilgan eng katta qo‘shin deya baholamoqda. Bildirilishicha, hozirda Rossiya ixtiyoriga o‘tgan Qrim, Belarus va Ukraina bilan chegaradosh boshqa hududlarda 100 000 lab rus qo‘shinlari joylashtirilgan.
LiveBarchasi