Belarusda ruhoniy 34 yil ichida birinchi marta qamoq jazosiga hukm qilindi
Olam
−
31 dekabr 2024
6355Minsk viloyat sudi katolik ruhoniysi Genrix Okolotovichni “davlatga xiyonat”da ayblab, 11 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda kecha, 30 dekabr kuni Belarusning “Catholic Life” portali xabar berdi.
Unga ko‘ra, Minsk yaqinidagi Volojin shahridagi cherkov ruhoniysi 64 yoshli Okolotovichga shifokorlar og‘ir xastalik tashxisini qo‘ygan. Suddan oldin ruhoniy bir yilni Davlat xavfsizlik qo‘mitasining tergov hibsxonasida o‘tkazgan. Bundan tashqari, xavfsizlik kuchlari cherkov pullarini musodara qilgan.
Sud jarayoni yopiq o‘tgan, Genrix Okolotovichga qo‘yilgan ayblovlarning mohiyati noma’lumligicha qoldi. Portalning yozishicha, u “davlatga 1 million yevro zarar yetkazganlikda” ayblangan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, ruhoniy yashirin ma’lumotni kimgadir uzatgan. Okolotovichning o‘zi aybiga iqror bo‘lmagan. U bilan birga xuddi shu ish yuzasidan ikki nafar mahalliy aholi qo‘lga olingan. Keyin ular qo‘yib yuborilgan, ammo ular ish haqida hech narsa aytmagan. Hukm haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Belarus davlat ommaviy axborot vositalari u haqida yozmaydi.
“Belarusda kommunistik rejimdan beri birinchi marta katolik ruhoniysi jinoiy siyosiy modda bo‘yicha sudlandi, shuningdek, na metropolitan, na boshqa yepiskoplar, na ruhoniylar hukm chiqarmagan”, deya yozgan “Catholic Life”.
“Vesna” inson huquqlari markazi vakili Pavel Sapelko bu hukm yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan yuzlab boshqa ruhoniylarni qo‘rqitish va ovozini o‘chirishga qaratilganini aytgan.
Genrix Okolotovich Belarus SSR “Novaya Mish” qishlog‘ida tug‘ilgan, ruhoniy bo‘lish uchun yashirincha o‘qigan va Rigadagi seminariyani tugatgan. Sovet davrida u Belarusdagi katolik cherkovining tiklanishiga yordam bergan. Ishda ham, uyda ham ruhoniy belaruscha gapirgan. Tergov hibsxonasidan turib yozgan maktublarda u Rim Papasining shafoatiga umid qilishini yozgan.
LiveBarchasi