Belarus Londondagi elchisini chaqirib oldi 

Olam

image

Londonning bir qator nodo‘stona qadamlari munosabati bilan Belarus hukumati Buyuk Britaniyadagi elchisini chaqirib oldi va diplomatik vakillik darajasini pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Belarus Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz ma’lum qildi.

“Buyuk Britaniya tomonidan muntazam ravishda Belarus fuqarolari va yuridik shaxslariga maksimal darajada zarar yetkazishga qaratilgan bir qator nodo‘stona qadamlar munosabati bilan mamlakatimizning Londondagi diplomatik missiyasi darajasini vaqtinchalik tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deydi Glaz.

Uning qayd etishicha, elchining chaqirib olinishi Minsk London bilan aloqa kanallarini yopayotganini anglatmaydi.

“Hozirgi ichki siyosiy shou yakunlanganidan va Britaniya hukumatida o‘zlarining shaxsiy reytingi uchun emas, balki Buyuk Britaniya xalqi manfaati va Yevropa mintaqasida barqarorlik manfaatlari yo‘lida harakat qiladigan mas’uliyatli siyosatchilar paydo bo‘lganidan so‘ng, muloqotni tiklash hamda to‘laqonli diplomatik ishtirok uchun zarur shart-sharoitlar bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan TIV matbuot kotibi.

Belaruslarga, korxonalar xodimlariga, mamlakat iqtisodiyoti va moliya tizimiga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar joriy etilgani, Belarus jurnalistlari va ommaviy axborot vositalarining ishini cheklash, "Belavia" aviakompaniyasining parvozlarini asossiz taqiqlash, YeXHT Parlament Assambleyasi yig‘ilishi uchun Belarus parlamentariylariga viza berishdan ixtiyoriy ravishda voz kechish va boshqa noqonuniy cheklash choralari "hozirgi bosqichda to‘liq muloqotga yo‘l qo‘ymaydi".

Glazning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘layotgan barcha hodisalarga qaramay, "belarusliklar inglizlar bilan yaxshi munosabatlar va aloqalarni saqlab turishadi.

"Bu bizga kelajakka ma’lum bir optimizm bilan qarash imkonini beradi. Buyuk Britaniya bilan konstruktiv hamkorlikni tiklash imkoniyatlarini ko‘rganimizda, tegishli qaror qabul qilamiz", deya xulosa qilgan u.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

62

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing