Bekoboddagi bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, mas’ullarga chora ko‘riladi

Jamiyat

image

Shu yilning 27 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan Maktabgacha ta’lim muassasasida 11 bola ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergandik.

"Joriy yilning 27 sentyabr kuni Bekobod shahar tibbiy birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga 19 nafar bola "O‘tkir diareya, gastroenterit" dastlabki tashxisi bilan keltirildi. Og‘ir holatlar qayd etilmagan, 3 bolaning holati o‘rta og‘irlikda, 15 nafariniki qoniqarli, bir bola uyga jo‘natilgan. Davolashdan so‘ng, bolalarning barchasida tuzalish tomon ijobiy dinamika kuzatilmoqda".

Mazkur voqea haqidagi xabar yetib kelishi bilan Bekobodga Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislardan iborat ishchi guruhi jo‘natilgan.

Ishchi guruh Bekoboddagi 15-sonli MTTdagi oziq-ovqatdan zaharlanish holatini o‘rganib chiqdi. Qayd etilishicha, zaharlanish sababini aniqlash maqsadida suv, oziq-ovqat, oshxona jihozlari, xodimlar qo‘li va kiyimlaridan surtmalar, ovqatning sutkalik namunasi, shuningdek kasalxonaga yotqizilgan bolalardan analizlar olingan. Barcha materiallar Davlat Sanitariya-Epidemiologiya Markaziga yuborilgan.

.O‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:
• MTT yangi maishiy muzlatgichlar bilan jihozlangan va ular ishchi holatida;
• xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tganlar va sanitar kitobchasiga ega;
• MTT suv ta’minotida uzilishlar bo‘lib turadi. "Ariston" suv isitgichi ishchi holatida emas;
• dezinfeksiya va yuvish vositalarining zaxirasi mavjud bo‘lishiga qaramay xodimlar ularni ishlatishmaydi;
• guruhlarda emallangan idish-tovoq yetarli emas;
• guruhlarga ichimlik suvi qo‘yilmagan;
• 27 sentyabr kun taomnomasiga bir-biriga mos kelmaydigan taomlar kiritilgan (bodring va kisel, quyultirilgan sut va olma);
O‘tkazilgan tekshiruv jarayoni ovqat tayyorlash bloki hamda guruhlarda sanitariya qoidalariga rioya qilinmaganini ko‘rsatdi.
MTT faoliyati va epidemiologik tekshiruv natijalari asosida rahbar, hamshira va oziq-ovqat bloki mas’ul xodimlariga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan ma’muriy choralar ko‘rilishi mumkin.

Ayni vaqtda Bekobodning 15-sonli MTTSi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, tashkilotda yuvish va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Bekoboddagi bog'cha ovqatdan zaharlanish

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar