Bekobodda 1 mlrd so‘mlik mablag‘lar talon-toroj qilindi
3-sahifa
−
19 iyul
5974Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 1 mlrd 82 mln so‘mlik kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yildagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4576-sonli qarori doirasida Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki tomonidan chorvachilik yo‘nalishida ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan tekshiruv tadbirlari o‘tkazilgan.
Unda Bekobod tumanidagi sut va sut mahsulotlari yetishtirish hamda naslli chorva mollarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi “BF” MCHJga Avstriyadan 65 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollari olib kelish maqsadida 2020 yilda bank tomonidan 7 yil muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan yillik 19% ustama to‘lash, shundan 3 foizini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab berish sharti bilan 1 mlrd 680 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Ammo, MCHJ tomonidan bangga taqdim qilingan biznes rejada ko‘rsatilgan sut mahsulotlari yetishtirish va naslli mollarni ko‘paytirish, ularni 2 avlod olgungacha saqlash bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilmasdan, aksincha, 44 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollari naqd pulga sotib yuborilgan. Buning oqibatida 1 mlrd 82 mln so‘mlik kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Shuningdek, ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan bank tomonidan kerakli darajada monitoring ishlari olib borilmagan.
Hozirda holat yuzasidan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi ( O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 192-11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan, bank mansabdorlariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada advokatlar 50 ming dollar olayotganda qo‘lga tushgandi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi