BBC muxbiri Toshkentda norasmiy taqiqqa uchradi

Jamiyat

image

BBC o‘zbek xizmati jurnalisti Avaz Tohirov “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik maydonida suratga tushishga ruxsat berilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 26 avgust kuni Facebook sahifasida post qoldirgan.

“Saga davom etadi. Kecha “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yuz bergan holat bugun Mustaqillik maydonida ham takrorlandi. Hatto, Arkani tasvirga olishga ham ruxsat berishmadi ratsiya ortida o‘tirgan nazoratchilar.

O‘ylab qoldim – xorijiy muxbirning akkreditatsiya hujjati ishlashimizga ruxsat berildi, deb o‘zini ovuntirishdan boshqa narsaga yaramaydigan bir parcha qog‘ozdir balki?”, deydi Tohirov.

U qo‘lida kamera ko‘targan sayyohlar istagancha suratga olib yurganini, cheklovlar akkreditatsiyasi bor muxbirlar-u oddiy fuqarolar uchunligini tanqid qilgan.

“Eng qizig‘i maydonda bir guruh turistlar qo‘lida kamera bilan istagancha suratga olib yuribdi. Turist bo‘lsang, hamma narsa mumkin, akkreditatsiyali muxbir bo‘lsang – “sur bo‘ttan”. Oddiy fuqarolarning erkinlik bilan bog‘liq ahvolini tasavvur qilaveramiz endi.

Kulgilisi va achinarlisi – ko‘rsatuv Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan edi.

Hurmatli rasmiylar, jurnalistlar ortida turganini ko‘p bor ta’kidlagan davlat rahbariga bu muammolarni qachondir yetkazasizlar, deb umid qilaman”, deya so‘zini yakunlagan jurnalist.

U “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ham shunday norasmiy taqiqqa uchraganini ma’lum qilgan.

“Yangi O‘zbekiston bog‘idaman. Mustaqillikka bag‘ishlangan ko‘rsatuv olyapman. Ammo aytishlaricha, bog‘da tasvirga olish uchun yozma so‘rov yuborib, ruxsatnoma olish kerak ekan”, deydi Avaz Tohirov.

U Bog‘da biror taqiqlovchi belgi yoki bu joy kirish uchun maxsus ruxsatnoma talab etiladigan hudud ekanini bildiruvchi biror narsaga ko‘zim tushmaganini qayd etgan.

“Bog‘da suratga olish ishlari olib borish uchun ruxsatnoma talab etilishi to‘g‘risida yozma ma’lumotnoma berish haqidagi so‘rovim ham javobsiz qoldi. Unda hukumat bergan akkreditatsiya guvohnomasining ahamiyati qayerda qoldi?”, deya Tohirov qonunchilikda belgilangan tartibni eslatgan.

Qonunchilikda shunday deyilgan:

“Davlat akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirga axborotni erkin olish va tarqatishni kafolatlaydi, uni kasb faoliyatini amalga oshirish paytida himoya qilishni ta’minlaydi.

Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar O‘zbekiston Respublikasi hududida erkin yurish huquqiga ega, borish uchun yopiq bo‘lgan yoki maxsus ruxsatnoma talab etadigan joylar bundan mustasno”.

Jurnalist Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilib, tashkilot qaramog‘idagi bog‘da o‘rnatilgan bunday tartibni qanday izohlashini so‘ragan.

“O‘zaro suhbatlarda prezident tez kunda bog‘ga kelishi sababli maxsus tartib o‘rnatilgani aytildi va keyinroq bog‘ rahbariyati nomiga ruxsatnoma so‘ralgan xat yuborishga kelishildi. Lekin baribir maxsus rejim o‘rnatilganini ko‘rsatuvchi biror hujjat taqdim etilmadi.

Bu jurnalistika sohasida bo‘lmaganlar uchun arzimagan muammodek ko‘rinishi mumkin. Ammo O‘zbekistonda jurnalistlar yozilmagan taqiqlar muammosiga ko‘p duch keladilar va bu kasb faoliyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Material tayyorlashga ishtaha bilan kirishgan jurnalistning kayfiyati buziladi, hayollari tariqdek sochilib ketadi. Hukumat vaziyatni yaxshilash yo‘lida qadamlar tashlashidan umid qilib qolaman”, deydi BBC jurnalisti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

195

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing