“Bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi”. Mirziyoyev Islom birdamligi o‘yinlari ishtirokchilarini tabrikladi

Sport

image

Bugun, 19 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:

Qadrli sportchi va murabbiylar!

Muhtaram yurtdoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Turkiya Respublikasining Konya shahrida o‘tkazilgan beshinchi Islom birdamligi o‘yinlarida munosib ishtirok etib, yuksak natijalarni qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Jonajon Vatanimizda milliy mustaqilligimizning o‘ttiz bir yillik shonli sanasiga bag‘ishlab katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan ushbu shukuhli damlarda sizlarning keskin kurashlarda kechgan bellashuvlarda erishgan yutuqlaringiz el-yurtimiz uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur nufuzli sport anjumanida yurtdoshlarimiz sizlarning har bir chiqishingizni ommaviy axborot vositalari va Internet orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Butun O‘zbekiston sizlarni qo‘llab-quvvatlab, Yaratgandan omad va zafarlar tiladi.  

Dunyoning 56 ta davlatidan 4200 nafar sportchi ishtirok etgan ushbu musobaqalarda milliy terma jamoamiz a’zolari ulkan mahorat, g‘ayrat va matonatini, g‘alabaga bo‘lgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medalini qo‘lga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir.  

Ayniqsa, O‘zbekiston vakillari Eron, Ozarbayjon, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Turkiya Respublikasidan keyin faxrli ikkinchi o‘rinni egallaganlari mamlakatimiz sportida yana bir yorqin sahifa bo‘ldi.

O‘zbek sportining iftixori bo‘lgan Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo‘rayev, Sarvarbek Zafarjonov, Tursunoy Jabborova og‘ir atletika, Olga Zabelinskaya velosport musobaqalarida uchtadan oltin medalni qo‘lga kiritgani sport tarixida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisadir.

Bo‘lib o‘tgan qizg‘in bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Ulug‘bek Rashidov, Adhamjon Ergashev, Safina Sadullayeva, Diyora Keldiyorova, Sharifa Davronova va boshqa sportchilarimizning iste’dodi, mahorati va qobiliyatiga barcha sport muxlislari yana bir bor tan berdi.

Ushbu musobaqalarda O‘zbekiston paralimpiyachilari ham yuksak jasorat va matonat namunalarini ko‘rsatganlarini alohida ta’kidlash lozim. Ayniqsa, Azizbek Boynazarov, Omadbek Hasanov, Sultonbek Nuriddinov, Baxtiyor Ortiqov, Rasul Atamuratov kabi sportchilarimiz haqiqiy fidoyilik fazilatlarini namoyon etib, milliy jamoamizning muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shdilar.

Azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz og‘ir atletika, dzyudo bo‘yicha tengsiz, qilichbozlik, taekvondo, sport kurashlari, suzish musobaqalarida esa yetakchilar safida ekanlarini amalda isbotladilar.

Qadimiy Konya zaminida erishilgan bunday yutuqlar biz uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, sizlar shu tariqa milliy sport maktabimizning shon-shuhratini, O‘zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini jahonga namoyon etdingiz.

Hech shubhasiz, sizlarning Islom birdamligi o‘yinlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yuksak shohsupalarni zabt etganingiz mamlakatimizda sog‘lom va  barkamol avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish maqsadida olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizning yana bir amaliy natijasi sifatida ko‘pmillatli xalqimizni behad quvontiradi, barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.  

Fursatdan foydalanib, sizlar kabi yurtimizga mehr va sadoqat bilan yashaydigan, vatanparvar va salohiyatli yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ota-onalaringizga, yoningizda turib, erishilgan yutuqlarni ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan zahmatkash ustoz va murabbiylaringizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chin dildan tashakkur izhor etaman.

Yirik xalqaro sport bellashuvi – Islom birdamligi o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy natijalaringiz bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi-yangi zafarlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayz-baraka tilayman.

Doimo baxtingiz, omadingizni bersin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

231

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing