Bayram byudjetga qanchaga tushdi? 

Tahlil

2025 yil. Yangi yil kirib keldi. Sizni esa allaqachon bayram kayfiyati tark etib ulgurgandir. Yo‘q, shoshilmang. Hozir sizga bu kayfiyatni qaytaramiz. Siz bu bayramga qancha pul sarfladingiz? 500 ming, 1 mln, ana boring 2 mln dir. Davlat-chi? Bugungi kunda davlat qarzi 38 mlrd dollarga yaqinlashib qolgan, byudjet taqchilligi esa allaqachon 52 mln dollardan oshgan O‘zbekiston baland archalar, yorqin chiroqlar, qorbobolar karvoni bilan o‘tgan Yangi yil uchun qancha pul sarfladi? QALAMPIR.UZ ochiq ma’lumotlar orasidan bayramga oid xarajatlarni izlab topdi va hisoblab chiqdi. Ayni paytda siz tomosha qilayotgan surishtiruvda esa bular haqida batafsil gapirib beramiz. Demak:

Archa, archa, jon archa, 

Yaproqlari ninacha,

Atrofingda aylanib, 

Pullar sovrildi qancha? 

1. Jizzax viloyati

Hisob-kitobni Jizzax viloyatidan boshlaymiz. Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish, “Yangi yil archasi”ni o‘rnatish va bezatish, markaziy ko‘chalar, xiyobonlar va bog‘larni bayramona bezatish ishlariga viloyatning eski hokimi Ergash Saliyev birgina Jizzax shahri uchun naq 860 mln so‘m pul ajratib ketgan.

“Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (A.Mustanov)ga viloyat mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Jizzax shahrining Mustaqillik maydoniga “Yangi yil archasi”ni o‘rnatish va bezatish, markaziy ko‘chalar, xiyobonlar va bog‘larni bayramona bezatish ishlari uchun 860,0 (sakkiz yuz oltmish) mln so‘m mablag‘ni shahar mahalliy byudjetiga o‘tkazib berish vazifasi yuklatilsin”.

Bu esa ko‘rib qo‘ying 860 mln so‘mlik archa.

Ajratilgan shuncha pul faqat Jizzax shahriga emasdir, butun viloyat uchundir, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, adashasiz. Har bitta tuman Yangi yil uchun alohida-alohida mablag‘ ajratgan. Masalan, Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani “Yangi yil archasi”ni o‘rnatish, markaziy ko‘chalarni bayramona bezatish ishlari uchun 50 million, Paxtakor tumani hokimligi 33 mln so‘m, Baxmal tumani hokimligi 50 mln so‘m va Jizzaxning boshqa tumanlari ham mana shulardan kam bo‘lmagan miqdorda pul sarflagan.  

Xarajatlar faqat archa bilan bog‘liq emas. Hali yana bayram pullari ham bor. Jizzax viloyati hokimligi Yangi yil bayrami munosabati bilan viloyat hokimligi, xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi kotibiyati hamda viloyat hokimligi “Rasmiy qabullar uyi” xodimlarini rag‘batlantirish uchun jami 501 mln so‘m mukofot puli ajratgan. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligi ham ulardan qolishmay deya o‘z apparatining 4 nafar xodimini Yangi yil bahona siylab olgan va o‘sha 4 nafar xodimga 25 mln so‘m mukofot bergan.

Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi raisi Parda Shukurov imzolagan mazkur qarorda yozilishicha, bu pullar mahalliy byudjetning erkin qoldiq va daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hamda viloyat mahalliy byudjetiga ajratilgan ssuda mablag‘lari hisobidan yo‘naltirilgan.  

Qisqa qilib aytganda, deputatlar davlat puli hisobidan bayram bahonasida o‘zini o‘zi rag‘batlantirgan.

Jizzaxda deputatlarning o‘zini o‘zi siylagani ham hech nima emas. Jizzax shahar hokimi Xolmurodov mahalliy byudjetning zaxira jamg‘armasi hisobidan, shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi xodimlariga jami 16 mln 250 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratib bergan. Shunda ikkala xodimga 8 mln dan bayram puli sanab berilgan.

2.Surxondaryo

Yangi yil uchun pul sarflashda Surxondaryo viloyati ham peshqadamlardan. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning 2024 yil 17 dekabr kungi farmoyishiga ko‘ra, viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi viloyat byudjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat Madaniyat boshqarmasiga Yangi yil bayrami tadbirlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 554 mln 870 ming so‘m mablag‘ ajratib bergan. Bu mablag‘ siz uchun ko‘pdek tuyulayotgandir. Ammo viloyat uchun ozlik qildi. Shu sababli viloyatning har bir tumani, shahri o‘z mahalliy byudjetlaridan Yangi yil tadbirlari uchun yana mablag‘ ajrata boshladi. Masalan, Termiz shahri.

“Termiz shahrida elektron savdo maydonchasi orqali yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan tushumlar hisobidan Termiz shahar Madaniyat bo‘limiga yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida shahardagi “Bolajon” bog‘i yonida joylashgan badiiy sahnani bezash xarajatlari uchun 120 mln so‘m mablag‘ ajratilsin”. Imzo Termiz shahar hokimi To‘rayov.

Bu esa o‘sha pul evaziga yasatilgan archa:

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Qiziriq tuman hokimligi tumanning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan – Yangi yil bayrami munosabati bilan archa bezaklari olish va o‘tkaziladigan bayram tadbiri xarajatlari uchun 30 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ishlatgan. Xullas, viloyat hokimi aynan Yangi yil uchun ajratgan 600 mln so‘mga yaqin mablag‘dan tashqari har bir tuman va shahar bearmon pul ishlatavergan.

3. Farg‘ona

Farg‘ona viloyati ham Yangi yil xarajatlari borasida boshqalardan qolishmaydi. Viloyat hokimligi 210 million so‘m mablag‘ni “Prezident archasi” dasturiga tayyorgarlik ko‘rish uchun, 100 million so‘mni esa Farg‘ona shahar “Yangi O‘zbekiston” massivi hududida “Yangi yil” archasi o‘rnatish va bezatish bilan bog‘liq xarajatlar uchun sarflagan. O‘sha 100 mln so‘mlik archa esa mana bu.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati Furqat tumani Yangi yil munosabati bilan tuman markaziga yangi 2025 yil archasini tashkil etish va bezatish xarajatlari uchun 28 mln 322 ming so‘m, Uchko‘prik tumani 20 mln so‘m ishlatgan. Farg‘ona viloyatining kichikkina Rishton tumani esa mahalliy byudjetning foydalanmay qolgan mablag‘lari hisobidan jami 73 mln 800 ming so‘m mukofot pullari ajratgan. Buni qarangki O‘zbekiston byudjetida pullar ishlatilmay qolayotgan ekan.  

4. Buxoro

Buxoroda nima gap? Buxoro viloyati butun hudud bo‘ylab qancha mablag‘ni Yangi yilga atab yuborgani haqida ma’lumotlar mavjud emas. Ammo ayrim tumanlar xarajatlaridan kelib chiqilsa, bu viloyatning ham sarflagani milliardga yaqinlab qolganini sezish mumkin.

Masalan, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani tumanda kutilayotgan Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni ko‘tarinki ruhda kutib olish uchun tuman markaziy ko‘chalarini va bayram tadbiri o‘tkaziladigan hududni bezatish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 150 mln so‘mni “shitir” sanagan.


Kogon tumani ham bezash ishlari va sovg‘alar uchun 70 mln so‘m, Olot tumani 45 mln so‘m, Romitan tumani esa 50 mln so‘m pul ajratgan.

5. Navoiy

Navoiy viloyati hokimliklari esa Yangi yil arafasida asosan o‘z xodimlarini mukofotlash bilan band bo‘lgan.

Masalan, viloyat hokimligi 1 yanvar “Yangi yil kuni” bayrami munosabati bilan viloyat hokimligi, xo‘jalik ishlari boshqarmasi, xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyatidagi Xalq qabulxonalari xodimlari va ishchi xizmatchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z maoshlarining bir baravari miqdorida moddiy rag‘batlantirgan.

Umumiy summa qancha ekani yozilmagan, ammo o‘z maoshlarining bir baravari degani bu kam summa emas. Viloyat hokimligidan o‘rnak olgan holda Navoiy shahar hokimligi ham xuddi shunday mukofot pullari ajratgan. Shuningdek, Navoiy shahrida mana bu uzunligi 29 metr bo‘lgan archa qad rostlagan. Unga esa 360 dona shar o‘yinchog‘i, 1000 dan ortiq LED IP chiroqlari o‘rnatilgan. Xo‘sh, mana shu bitta archa va uning atrofidagi chiroqli ornamentlar uchun qancha mablag‘ning boshi yeyildi deb o‘ylaysiz? Yarim milliarddan ko‘p. Ya’ni 560 mln so‘m.

Shuningdek, Qiziltepa tumani 303 mln, Zarafshon shahri 11 mln, Konimex tumani 43 mln, Navbahor tumani 20 mln ni mana bu archaning kattaroq varianti uchun ishlatib yubordi. Meni faqat tanqid qiladi deb, noxolislikda ayblamang. Xarajat hujjatlari orasida ijobiylari ham bor. Harqalay faqat Tomdi tumani hokimligigina tumandagi 28 nafar chin yetim bolalarga yangi yil bayrami sovg‘asini xarid qilishga pul sarflagan. Faqat bu pul boshqalar archa uchun sarflagan pullardan 100 baravar kam. Ya’ni atigi 3 mln 200 ming so‘m.

6.Samarqand viloyati

28 nafar yetim bolaga sovg‘a sotib olish uchun 3 mln so‘m sarflagan bizning amaldorlar o‘z xodimlariga sovg‘a sotib olish uchun 50 mln sarflaydi. Masalan, Samarqandning kichkinagina Payariq tumani hokimligi Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘z xodimlariga oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun 52 mln 442 ming so‘m pul sarf qilgan. Shuningdek, Yangi yil bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun Samarqand tumani 120 mln so‘m, Narpay tumani 55 mln, Bulung‘ur tumani 50 mln so‘m, Jomboy tumani 25 mln so‘mlik xarajat qilgan. Samarqand viloyati hokimligi 15 ta qorbobo va 15 ta qorqiz kiyimini xarid qilish uchun 246 mln ajratganiga nima deysiz? Bundan tashqari, Samarqandda hokimlik mutasaddilariga yaxshigina mukofot pullari ham tutilgan. Masalan, Samarqand viloyati Urgut tuman hokimining 2024 yil 26 dekabrdagi farmoyishiga ko‘ra, tuman hokimi o‘rinbosarlarining har biri Yangi yil munosabati bilan 4 mln ga yaqin mukofot olgan.

7. Qoraqalpog‘iston 

Qoraqalpog‘istonda ham Yangi yil bayrami bilan bog‘liq xarajatlar ancha katta. Nukus shahrida qad ko‘targan mana bu kamtaringina archaning narxi 100 mln so‘m.

Harqalay, Nukus shahar hokimining 2024 yil 18 dekabr kungi farmoyishida shunday deyilgan.

“Nókis qalalıq Abadanlastırıw basqarmasınıń 2024-jıl 17-dekabrdegi 01-03/1462- sanlı xatın esapqa alıp, qalalıq jergilikli byudjetiniń saqlawlı qorı esabınan Nókis qalası aymaǵında “Jańa jıl” shırshasın hám aymaqlardı bezew jumısları ushın qalalıq Abadanlastırıw basqarmasına 100 000 000 (júz million) swm qarjı ajıratılsın.”

Shuningdek, To‘rtko‘l tumanida archa uchun 49 mln, Xo‘jayli tumanida “Prezident archasi” uchun 33 mln, Ellikqal’a tumanida 32 mln so‘m, Chimboy tumanida 28 mln, Xo‘jayli tumanida 33 mln, Qo‘ng‘irot tumanida 16 mln so‘m sarflangan. Qolaversa, tuman hokimliklari bayram bahonasida o‘z xodimlarini maoshining 1 baravaridan 50 foizigacha miqdorda siylagan ham.

8. Xorazm viloyati

Xorazm viloyati Yangi yil bo‘yicha deyarli barcha xarajatlarini yashirib qo‘ygan.Faqatgina Hazorasp tumanining mahalliy byudjetning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tumanda Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va ko‘tarinki ruxda o‘tkazish uchun bezatish maqsadida 25 mln so‘m ajratilganini inobatga olsak, Xorazmda ham Yangi yil uchun boshqa viloyatlardagidan oz pul ishlatilmaganini taxmin qilsa bo‘ladi.

9. Namangan

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Yangi yil bayrami arafasida tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi xolidan xabar olish uchun bayram sovg‘asi sotib olish xarajatlariga 79 mln so‘m ishlatgan. Bu bayram sovg‘alari o‘z egalariga yetib bordimi yo‘qmi, bu viloyatning Yangi yil bilan bog‘liq boshqa xarajatlari qancha, bu noma’lum.

10. Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati hokimligi ham Yangi yil xarajatlarini butunlay yashirgan. Andijon ham.

11. Toshkent shahri

Ammo hujjatlarni yashirish bo‘yicha Toshkent shahriga teng keladigani yo‘q. E-qaror portalidan Toshkent shahriga oid bo‘limni tanlar ekansiz, faqat qip-qizil yozuvlarga ko‘zingiz tushadi. “Ushbu hujjat mazmunida shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli yashirilgan” degan bahona bilan yashirilgan hujjatlar orasida poytaxtning Yangi yil bayramiga oid xarajatlari ham borligi tabiiy. Davlat pulini poytaxt hokimligi qanday ishlatayotganini tekshirish esa shahar hokimligi ta’biri bilan aytganda “cheklangan ma’lumot”.

12. Sirdaryo 

Sirdaryoning Xavos tumani Yangi yil bayrami xarajatlari uchun 25 mln, Oqoltin tumani 40 mln so‘m, Guliston tumani 53 mln, Mirzaobod tumani bayramda rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 18 mln ajratgan.

13. Toshkent viloyati 

Toshkent viloyatida Zangiota tuman hokimining 2024 yil 3 dekabr kungi qaroriga ko‘ra, Toshkentda ham archa uchun boshqa tumanlardan kam bo‘lmagan mablag‘ ajratilgan.

“Tuman zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tumanda “Yangi yil archasi” bayram tadbirini o‘tkazish uchun Yangi yil archasini ta’mirlash va bezatish xarajatlari uchun 30 000 000 (o‘ttiz million) so‘m mablag‘ Madaniyat bo‘limiga yo‘naltirilsin”.

Shuningdek, Chirchiq shahar hokimligining Yangi yil xarajatlari ancha yuqori. 

“Chirchiq shahar mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lari hisobidan, shahar hokimligiga 250 (ikki yuz ellik) million so‘m mablag‘ ajratilsin”. 


Bundan tashqari, birgina Chirchiq shahar hokimi o‘z xodimlarini bayram munosabati bilan rag‘batlantirish maqsadida byudjetdan “ishlatilmay qolgan” mablag‘lar hisobidan 224 mln so‘m ajratgan. “Ishlatilmay qolgan” mablag‘lar hisobidan.

Bo‘stonliq tumani mansabdorlari ham jami 324 mln pulni mukofot qilib olgan. Zangiota tumani 600 mln, Toshkent tumani hokimligi mansabdorlari 125 mln so‘m mukofot olgan. Hokimlar farmoyishlarida yozilishicha, bu mansabdorlar 2024 yilda lavozim vazifalarini sidqidildan va vijdonan bajarib, mehnatda natijadorlikka erishgan xodimlardir.

Ohangaron shahar hokimi ham Yangi yil bayrami hamda 2024 yil davomida samarali mehnat qilganligi uchun o‘zining 4 nafar o‘rinbosarining har biriga 6,5 mln so‘mdan, jami 26 mln so‘m bilan rag‘batlantirish uchun pul ajratgan.

Shuningdek, Olmaliq tumani 40 mln, Angren shahri 70 mln, Parkent tumani esa 87 mln so‘mni archa va uning bezaklari uchun sarflagan.

O‘zbekistonda har yili Yangi yil nishonlanadi. Har yili tuman, shahar markazlarida bir xil archalar qad rostlaydi. Ya’ni archayu uning o‘yinchoqlari sotib olinmaydi, qayta o‘rnatiladi xolos. Shunday ekan, har yili millionlab, milliardlab mablag‘ archaning nimasiga sarflanadi, bu taajjubli. 

Xullas, bizdagi raqamlarni hisob-kitob qilsak, 2025 yilgi Yangi yil uchun davlat byudjetidan 7 mlrd 169 mln so‘m ketgan. Bu aslida bir kichik tumanning bir yillik byudjetiga teng summa. Haliyam bu biz topa olgan xarajatlar. E-qaror saytida qip-qizil qilib yashirilgan hujjatlar, ayniqsa, Toshkent shahriga oid hujjatlar qo‘shilsa bormi, bu miqdor ikki baravarga oshishi aniq.

Xo‘sh, bu mavzuni nega ko‘tardik? Sabab mana bu.

“Isrof va qadrsizlik eng katta musibatlarimiz bo‘lsa kerak. Sog‘lik, qadr, imkoniyat va mablag‘ni ignada yig‘ib, belkurakda sovuradigan millatga aylanib qolayotgandekmiz…

Yangi yilda italyanlar eski mebellarini yangi yilga o‘tkazmaslikka harakat qilishsa, biz pulimizni kelgusi yilga o‘tkazmaslikka harakat qilayotgandek harakat qilamiz. Bozorga kirgan hamma narsa sotiladi, yana ikki karra qimmatiga. 1 yanvar kunidan yangi pul muomalaga kiritiladigandek…”

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov odamlarning Yangi yil bayramida qiladigan xarajatlarini tanqid ostiga olgan, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan. Aslida davlat xarajatlari bilan qiziqishi, hokimliklarning bayramga oid xarajatlarini ochiqlashni talab qilishi, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yma deya mulozimlarni tergashi kerak bo‘lgan deputatlarning nazari toki xalqning dasturxonida ekan, mansabdorlar bayram bahona davlat pulini sovuraveradi, sochaveradi. Nima ham derdik?

Archa, archa, jon archa,

Yaproqlaring ninacha,

Atrofingda aylanib,

Pullar sovrildi qancha?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing