Bayden O‘zbekistonga keladimi? Yoxud ketayotgan elchi Rozenblyum bilan so‘nggi suhbat
Intervyu
−
24 avgust 2022
20762Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekistondagi missiyasini yakunlash va vazifasini topshirish arafasida turibdi. Shu munosabat bilan QALAMPIR.UZ diplomat bilan yuzma-yuz intervyu tashkil etdi va elchining mamlakatdagi faoliyati sarhisobi borasidagi bir qator qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.
AQSHning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Shahzod Nusratullayev, muxbir: — Muhtaram elchi janoblari! Ushbu intervyuni o‘tkazish haqidagi taklifimizni qabul qilganingiz uchun tashakkur. Biz uchun biroz vaqt ajratganingizdan va savollarimiz javobsiz qolmasligidan juda mamnunmiz. O‘zbekistondagi barcha ommaviy axborot vositalarini qiziqtirgan dolzarb masalalar yuzasidan sizga bir nechta savollarimiz bor. Birinchi savolim shuki, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga tayinlanishingizdan oldin va keyin O‘zbekistonning xalqaro qiyofasi haqida qanday fikr bildira olasiz?
Deniyel Rozenblyum, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi: — Avvalo, ushbu intervyu uchun sizga rahmat aytmoqchiman. Bu yerda siz bilan birga ekanligimdan xursandman.
O‘zbekistonning xalqaro qiyofasi haqidagi savolga kelsak, Prezident Mirziyoyev davrida – so‘nggi olti yil ichida uning qiyofasi birmuncha yaxshilanganiga shubha yo‘q. Ochig‘i, mamlakat imidji o‘zgarishiga mazkur so‘nggi yillarda mamlakatda faoliyat yuritganimning aloqasi yo‘q, chunki bularning barchasi O‘zbekistonning o‘zi tomonidan islohotlar o‘tkazish bo‘yicha tashlangan qadamlar tufaylidir. O‘ylaymanki, indekslar va hisobotlarda xalqaro ko‘rsatkichlarga katta e’tibor qaratilgan va yana ta’kidlash joizki, bu ijobiy hodisa bo‘lishi mumkin, lekin ochig‘i unchalik ham ulkan ijobiy o‘zgarish emas. O‘zgarish ko‘lami ijobiy, chunki u sizga biznes muhitida bo‘ladimi yoki boshqa sohadami, sharoitni yaxshilash uchun ma’lum standartlar va maqsadlar beradi. Masalan, jahon banki biznes yuritish bo‘yicha hisobot yuritadi va mazkur hisobotdagi O‘zbekistonning mavqei biroz yaxshilangan. “Transparency international” nashri ham yillik korrupsiya hisobotini ma’lum qilib boradi va unda davlatlar reytingi beriladi. Bir tomondan bu yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo yomon tomoni shundaki, ba’zida bu hisobotlarda men yuzaki deb hisoblovchi narsalarga e’tibor qaratiladi. Masalan, reytingda qandaydir pog‘onaga erishish uchun siz qandaydir normani yorituvchi qonunni qabul qilgan bo‘lishingiz kerak, lekin biz bilamizki, ko‘pincha qonunlarni qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Qonun qabul qilinsayu rioya qilinmasa, u hech narsani o‘zgartirmaydi, shuning uchun yuzaki jihatlarga e’tibor qaratish ba’zan muammo tug‘dirishi mumkin, bu esa yana boshqa bir muammoni keltirib chiqaradi.
Men nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham shuni ko‘p kuzatganmanki, agar biror kamchilikni ko‘rishsa, uni tuzatish o‘rniga qog‘ozga o‘rashadi va oq bo‘yoq bilan yashirishga urinishadi. Biz mashhur Potyomkin qishlog‘i haqidagi hikoyani bilamiz va afsuski, bunday holatlar dunyo bo‘ylab ko‘plab sodir bo‘lmoqda. Mamlakat imidji haqidagi bunday savolga javoban, men boshida aytganimdek, so‘nggi olti yilda, hattoki so‘nggi uch yil ichida mamlakat xalqaro qiyofasida jiddiy ijobiy o‘zgarish ro‘y berganiga shubha yo‘q. Ammo, bu mo‘rt, aytmoqchi bo‘lganim shuki, Amerika asoschilaridan biri Benjamin Franklinning bir mashhur gapi bor: yaxshi mavqe orttirish uchun ko‘plab yaxshi ishlar qilish talab etiladi, uni barbod qilish uchun esa birgina salbiy xatti-harakat kifoya. Shuning uchun menimcha, O‘zbekiston bu muammoga e’tiborli bo‘lishi kerak. O‘zbekiston jiddiy o‘zgarishlar qilish payti kelgan bir paytda, imidjga oshiqcha e’tibor qaratish muammosidan ehtiyot bo‘lishi kerak.
Sh.N.: — Biz butun dunyo bo‘ylab ko‘plab davlatlar ayrim xavfsizlik muammolariga duch kelayotganini ko‘rishimiz mumkin. Dunyo sovuq urush davridagidek ikki qutbga bo‘linib ketayotgan bir paytda Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyoda xavfsizlikni saqlashga qay darajada hissa qo‘sha oladi?
D.R.: — Aytishim kerakki, mazkur mintaqadagi xavfsizlik masalasi biz va tashqi siyosatimiz uchun juda muhim ahamiyatga ega. Biz bu yerda mintaqa davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan xavfsizlikni kuchaytirish borasida ko‘plab ishlar qilishimiz mumkin, deb o‘ylayman va amalda buni qilyapmiz ham. Ayni damda olib borayotgan ishlarimiz siyosatimiz barqaror bo‘lishi uchun muntazam ravishda muloqot qilish va aloqalarni mustahkamlashdan iborat. O‘zbekiston bilan Afg‘onistonga nisbatan siyosat masalasida doimiy muloqot olib bordik va umumiy til, umumiy yondashuvni topishga muvaffaq bo‘ldik. Men mazkur yondashuvni butun Markaziy Osiyoda davom ettirish xavfsizlikni yaxshilashga yordam beradi, deb hisoblayman. Biz amalga oshira oladigan va rag‘batlantirib kelayotgan boshqa bir jihat – O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kuchlarining salohiyatini oshirish uchun o‘qitish jarayonlarini tashkil etish va ba’zan jihozlar hamda uskunalar bilan ta’minlashdir. Albatta, biz buni muntazam amalga oshiramiz: agar bizga mazkur yo‘nalishda so‘rov yuborilsa, shunda so‘rovlarga javob beramiz. Lekin bilamizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari bizning xavfsizlik bo‘yicha tajribamizdan foydalanishdan juda manfaatdor ekanliklarini his etishadi. Biz mazkur tadbirlarni xavfsizlikni kuchaytirish uchun amalga oshiryapmiz.
Siz dunyodagi siyosiy yoki geosiyosiy muhit haqida eslatib o‘tdingiz. Dunyoning boshqa hududlaridan farqli ravishda, Markaziy Osiyo davlatlari ko‘plab hamkorlarga ega bo‘lishni istaydi. Ular o‘zlarining xavfsizligi uchun faqat bitta hamkorga tayanib qolishni xohlamaydilar. Ular diversifikatsiyani xohlashadi va Amerika Qo‘shma Shtatlarini uning bir qismi sifatida ko‘radilar.
Sh.N.: — Xalqaro muammolar yoki voqealarga ham biroz e’tibor qaratsak. Sharqiy Yevropa va Tayvandagi mojaroga O‘zbekistonning pozitsiyasi Vashington va Toshkent munosabatlariga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
D.R.: — Bilasizki, biz so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha yaxshi muloqot va muntazam maslahatlashuvlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik va bu jarayonni davom ettirishni rejalashtiryapmiz. Bir-birimizning pozitsiyamizni tushunish – bu juda muhim narsa. O‘zaro kayfiyatimizni tushunganimizda, bizni farqlaydigan tomonlardan ko‘ra ko‘proq umumiy tomonlarimiz borligini yoki aksincha, bizni ajratib turadigan jabhalarni bilib olamiz. Masalan, siz aytib o‘tgan ba’zi nizolar nuqtai nazaridan, biz o‘z qarashlarimizni ma’lum qilib boramiz. Bu mojarolar rossiyaliklarning Ukrainaga bostirib kirishi, Xitoyning Tayvan bo‘g‘ozlaridagi so‘nggi harakatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biz kongressmenning Tayvanga qilgan so‘nggi tashrifi va uning ortidagi voqealarga nisbatan faol munosabatimizni bildiramiz. Xitoyning Tayvan bo‘g‘ozlaridagi harakatlari mintaqa xavfsizligiga tahdid ekanligiga ishonamiz. Shuning uchun biz juda ochiq siyosat yuritamiz va O‘zbekistondagi hamkorlarimizga mazkur qarashlarni ifoda etamiz. Ularning o‘z milliy manfaatlariga asoslangan qarashlari, o‘z geografik joylashuvi, iqtisodiy va boshqa manfaatlari mavjud va biz buni tushunishga harakat qilamiz. Men aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikr shundaki, ikkala davlat– Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston barqaror va oldindan taxmin qilinsa bo‘ladigan xalqaro munosabatlar olib borish haqida chuqur mulohaza yuritadi.
O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatlar o‘z suverenitetiga ega bo‘lishi, unga hech qanday tahdid bo‘lmasligi kerak, degan tamoyilni ilgari suradi. Mazkur tamoyil mamlakatlar dunyo maydonida qanday harakat qilishni o‘zlari hal qilishlari kerak degan qoidaga asoslangan. O‘ylaymanki, bu Qo‘shma Shtatlar uchun juda qimmatli narsa, O‘zbekiston uchun ham juda katta ahamiyat kasb etadi.
Sh.N.: — O‘zbekistonning Afg‘onistonda iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni tiklash borasidagi sa’y-harakatlari AQSHning Afg‘onistondagi yangi hukumatga nisbatan siyosatiga qay darajada mos keladi?
D.R.: — Afg‘onistonga nisbatan siyosat borasida, yuqorida aytganimdek, biz O‘zbekiston hukumati bilan tez-tez va batafsil maslahatlashuv tashkil etib turamiz. Bu o‘tgan yili Afg‘onistondan qo‘shinlarimiz olib chiqilishidan oldin ham davom etayotgan edi. Biz O‘zbekiston bilan juda yaqindan hamkorlikka egamiz va Afg‘onistonda xavfsizlik masalasida O‘zbekiston juda qimmatli ittifoqchimiz. Chunki O‘zbekiston Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lib, u yerda sodir bo‘layotgan voqealarni bevosita kuzatish imkoniyatiga ega. O‘tgan yilgi voqealar shunday xulosa berdiki, pozitsiyalarimiz bir-biriga juda yaqin. Ikki davlat ham Afg‘onistonning terrorizm platformasiga aylanmasligi, 1990-yillardagi singari jangari kuchlarga uy bo‘lmasligi va 11 sentyabr, shuningdek, boshqa mudhish jinoyatlarni sodir etgan terrorchilar guruhlari uchun boshpana bo‘lmasligi tarafdorimiz.
Davlatlarimiz hozir Afg‘oniston hukumati tarkibi faqatgina bitta tor doiradagi guruhni emas, balki jamiyatni ifodalovchi inklyuziv hukumat bo‘lishi kerakligini ma’lum qiladi. Men mazkur yo‘nalishdagi O‘zbekiston hukumati yuritayotgan siyosat to‘g‘ri ekanligini ishonch bilan ayta olaman, chunki biz hukumat vakillari bilan inson huquqlari va ayniqsa, Afg‘onistondagi qizlar va ayollarning huquqlarini himoya qilish zarurligi borasida muloqotlar olib boramiz. Mazkur masalada hamfikr bo‘lmaslikning imkoni yo‘q. Ammo ba’zida ikki davlat hukumati ilgari surayotgan Afg‘onistonning hozirgi tuzumiga nisbatan munosabat bir-biridan biroz farqlanishi mumkin. O‘ylashimcha, bu O‘zbekistonning Afg‘onistonga qo‘shni ekanligi hamda u yerda kim hokimiyatda bo‘lishidan qat’i nazar yaxshi munosabatda bo‘lish kerakligi bilan izohlanadi. O‘zbekiston Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyoga ko‘prik qurishdan nihoyatda manfaatdor. O‘zbekiston Prezidenti va boshqa vakillar ma’lum qilganidek, bu yerda hukumat uzoq muddatli maqsadni ko‘zlamoqda. Afg‘oniston orqali ko‘plab savdo va transport yo‘laklari o‘tishini bilasiz. Biz bularning barchasini inobatga olamiz. Ba’zida yondashuvlarimiz biroz boshqacha ekanligini ham tushunamiz, lekin eng muhimi, bizning asosiy maqsad va vazifalarimiz o‘xshashdir.
Sh.N.: —Sizga ma’lumki, hukumatimiz mamlakatda yangi islohotlar loyihasini amalga oshirmoqda. AQSH bilan yuqori darajadagi hamkorlik O‘zbekistondagi islohotlarning barqarorligini ta’minlaydimi?
D.R.: — O‘zbekiston hukumatining yuqori bo‘g‘inlaridagi davom etayotgan kuchli siyosiy iroda va O‘zbekiston so‘nggi besh-olti yil ichida olib borayotgan yondashuvning davom etishi islohotlarning barqarorligini ta’minlaydi, deb ayta olaman. Islohotlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va siyosiy sohalarni ham qamrab olgan keng qamrovli jarayon ekanligi, o‘z-o‘zini tanqid qila olish yondashuvi, xatolarni tuzatishdan qo‘rqmaslik va boshqa jihatlar barqaror omillar bo‘lib xizmat qiladi. Davom etayotgan siyosiy jarayon, shuningdek, xalqaro hamjamiyatdan maslahat va texnik yordam olishga ochiqlik, to‘g‘ri yondashuvlarni davom ettirish, islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilish ularning barqarorligi kaliti, deb bemalol ayta olaman. Qo‘shma Shtatlar bu borada har doim yordam bergan va buni yana davom ettiradi.
Sh.N.: — Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi islohotlarni orqaga qaytarib bo‘lmasligini tez-tez ta’kidlaydi. Nima deb o‘ylaysiz, islohotlarda haqiqatan ham ortga qaytish yuz bermadimi?
D.R.: — Prezident bu haqida aytganini bir necha bor eshitganman va men bu so‘zlarni uning o‘z siyosiy majburiyatini ma’lum qilishi sifatida qabul qilaman. Bu so‘zlar qandaydir bashorat yoki kuzatuv xulosasi sifatida qabul qilinmasligi kerak. Prezident bu shunchaki sodir bo‘ladi deb aytmaydi, u bu bilan o‘z majburiyati va unga sodiqligini ifoda etadi. Afsuski, biz dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, tarixda islohotlar orqaga qaytish holatlari ko‘p bo‘lgan. Chunki islohotlarni fuqarolar va jamiyatning turli institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan siyosiy rahbar boshlagan. Demak, fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan siyosiy rahbarlar ortga siljishi ham mumkin. Men shu kabi holatlarga misol bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini keltirishni istamayman, ammo kichik bir misol keltirishim mumkin. Myanma yoki Birma davlati bir qancha yillar oldin islohot yo‘lida bo‘lgan va odamlar buni ulkan taraqqiyot yo‘lidagi katta imtihon deb bilishgan. Keyin bu mamlakat bir yuz sakson darajaga o‘zgarib ketdi. Dunyodagi eng repressiv mamlakatlardan biriga aylandi. Shunga asoslanib aytishimiz mumkinki, islohotlar ortga qaytuvchi xarakterga ega bo‘lishi, ammo buning oldi olinishi mumkin.
Mamlakatga xalqaro hamkorlarning yordami davom etadi va men ilgari aytganimdek, mazkur yordamlar uzluksiz bo‘ladi. Islohotlarda ortga qaytish bo‘lgan yoki yo‘qligi qaysi sohani nazarda tutayotganimizga bog‘liq. O‘z o‘rnida, islohotlar to‘xtab qolgan va yoki shunchaki, depsinib turgan bo‘lishi ham mumkin. Ayrim hollarda biz asliyatdan o‘zgacha bo‘lgan narsani ko‘rayotgan bo‘lishimiz ham mumkin. Umuman olganda bu aralash tasvirga o‘xshaydi.
Sh.N.: — O‘zbekiston hukumati tomonidan, ayniqsa, sizning faoliyatingiz davomida amalga oshirilgan qaysi chora-tadbirlar ikki davlatning O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarini mustahkamlash va kafolatlashning asosiy omillari bo‘ldi, deb hisoblaysiz?
D.N.: — O‘ylashimcha, faoliyat davrimda munosabatlarimizni mustahkamlashning kaliti, oldinroq keltirgan fikrimdan iqtibos aytadigan bo‘lsam, O‘zbekiston hukumatining davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarga nisbatan o‘ziga xos munosabati va yondashuvi bo‘ldi. Biz har qanday masalani muhokama qilishimiz mumkin. Mavzu qanchalik qiyin yoki nozik bo‘lmasin, har ikki tomonning ham ochiqligi va tanqidni qabul qilishga tayyorligi tufayli ochiq munozara tashkil eta olamiz. Bizda qadriyatlar va maqsadlarning almashinuvi mavjud, bu esa har qanday muvaffaqiyatli diplomatiyaning kalitidir. O‘zbekiston hukumati islohotlar muvaffaqiyatli bo‘lishini istaydi, islohot muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun esa biz maqsadlarni umumlashtiramiz. Biz ham Markaziy Osiyoda barqarorlik, xavfsizlik bo‘lishini xohlaymiz. Bilasizki, hukumatimiz terrorizm va xavfsizlikka rahna soladigan boshqa tahdidlarga qarshi kurashadi. Mazkur yo‘nalishdagi hamkorligimiz ham muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb ayta olaman. Men elchi sifatida faoliyat yuritgan davrimda hamkorligimiz taraqqiyotini ta’minlagan yondashuvlar sifatida shularni keltira olaman.
Sh.N.: — Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan muntazam aloqa o‘rnatish jarayonida AQSH tomonining kelgusidagi siyosati bo‘yicha asosiy xulosalar qanday?
D.R.: — Fikrlarimni xulosalab shuni aytmoqchimanki, mintaqaviy darajadagi hamkorlik ko‘lami qanchalik ko‘p bo‘lsa, hamma uchun foydalidir. Masalan, so‘nggi yetti yildan beri faoliyat yuritayotgan, biz tomonimizdan tashkil etilgan "C5+1" muloqot formatida 2015 yildan beri O‘zbekiston shunchaki ishtirokchi bo‘libgina qolmay, mintaqaviy hamkorlik tashabbuskori darajasiga ko‘tarilganini ham ta’kidlagan bo‘lardim. Biz mutaxassislarning muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish mintaqaviy loyihalar bo‘yicha hamkorlikni jonlantirishining guvohi bo‘ldik. Masalan, mazkur uchrashuvlarda o‘rin olgan savdo va transport bilan bog‘liq loyihalar mintaqa uchun nafaqat ish o‘rinlari va odamlarning farovonligini oshirgani, balki Markaziy Osiyoning davlatlariga boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarini mustahkamlash imkonini bergani uchun ham muvaffaqiyatli kechmoqda. Dunyo mamlakatlari bir-birlariga nisbatan ishonchga ega bo‘lganlarida o‘z manfaatlari va huquqlarini yaxshiroq himoya qilishlari mumkin. Biz bu tendensiyani qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘tgan oyda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv jarayon jadallashib borayotganidan yana bir bor dalolat beradi. Shuning uchun men “C5+1” formatini yoqlayman. Suverenitet va mustaqillik, muhim qadriyatlar va tamoyillarning himoya qilinishi Markaziy Osiyoning muvaffaqiyati va umumiy manfaatlariga xizmat qiluvchi ko‘rsatkichlardir.
Sh.N.: — AQSH Davlat departamenti yillik hisobotlarida O‘zbekistondagi so‘z va OAV erkinligi, inson huquqlari, terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq vaziyat borasida ma’lumot beradi. Mamlakat ichidagi vaziyatdan xabardor shaxs sifatida asl vaziyatni qanday baholay olasiz.
D.R.: — Siz yillik hisobotlarni aytib o‘tdingiz. Shuni ta’kidlashni istardimki, ba’zida bu hisobotlar oldingi yilda sodir bo‘lgan voqealarga asosiy e’tiborni qaratadi. Ular vaqt o‘tishi bilan nisbiy o‘zgarishlarni e’tibordan chetda qoldirishlari mumkin, men bu yerda yashab va faoliyat yuritib shunga amin bo‘ldim. O‘z o‘rnida, bu hisobotlar ma’lum bir formatga muvofiq yoziladi. Ular shunday yozilishi kerak aslida. Chunki ular Qo‘shma Shtatlarda qonunchilik normalari jihatidan talab qilinadi. Ba’zida rasmiylar nisbiy o‘zgarishlar haqida to‘liq ma’lumotni oshkor etmaydilar. Inson huquqlari, diniy erkinlik va odam savdosi bilan bog‘liq holatlar so‘nggi besh yoki olti yil ichida ayrim hollarda sezilarli darajada yaxshilangani, yutuqlarga erishilgani qayd etishga arziydi. Bizda ko‘proq vaqt bo‘lganida, buning tafsilotlariga chuqurroq kira olgan bo‘lardik.
O‘zbekiston hukumatining bu sohada ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish yo‘lidagi irodasi bizda katta taassurot uyg‘otdi. Biz jarayonlarni sinchiklab kuzatib bordik va shuni aytishimiz kerakki, hali ham ba’zi kamchiliklar, ustida ishlash kerak bo‘lgan ba’zi muammolar mavjud. Biz ko‘plab boshqa sohalarda sezilarli darajada o‘sish kuzatganmiz, ammo ko‘pincha ular davomli bo‘lmagan. Qator sohalarda ikki qadam oldinga, bir qadam orqaga, ba’zan ikki qadam oldinga, ikki qadam orqaga kabi tendensiya bor.
Shu o‘rinda, mavzuni sal o‘zgartirib, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlarning har qanday ma’lumot haqida xabar berish erkinligi borasida fikrlarimni bildirmoqchiman. Buni oldin ham ochiqchasiga ma’lum qilganman. Odamlar kesib o‘tmasliklari kerakligini bilishlari lozim bo‘lgan qizil chiziqlar hali ham mavjud. Bu o‘z-o‘zini senzura qilishning bir ko‘rinishidir. Haddan tashqari hissiyotgga beriluvchan va ochiq ma’lumot uzatayotgan ayrim jurnalistlar va blogerlarga nisbatan juda ko‘p ta’qiblar mavjud. Bizda shaxslarni hibsga olish yoki turli jinoyatlarga aloqadorlikda yolg‘on ayblov holatlari bo‘yicha ma’lumotlar bor. Ba’zan hatto OAV vakillari qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bunday holatlar ko‘p emas, ammo buning yomon tomoni bunga o‘xshagan holat boshqa jurnalistlar uchun signal bo‘lib xizmat qiladi. Sohada o‘sish bor, lekin yetarli o‘sish emas.
Men qamoqxonalardagi mahbuslarga nisbatan munosabat borasida ham shuni aytmoqchiman. Umuman, yaxshilanish bor, lekin hali-hanuz suiiste’mol holatlari, kamsitish va tahdidli muomaala, qiynoqlar bo‘lganligi to‘g‘risida ham ma’lumotlar talaygina. Bu avvalgidek tizimli muammo ko‘rinishida emas, lekin hali ham hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar to‘planib yotibdi. Shu kabi yana barcha sohalarda muhim tizimli o‘zgarishlar yuz berdi va yangi qonunlar qabul qilindi. O‘ylashimcha, bu yerda ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘yicha yuqori darajadagi topshiriq va mas’uliyat katta rol o‘ynadi. Lekin o‘zgarish ba’zi hollarda sekin, ba’zan esa yetarlicha uzoq muddatli emas. Fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarining yaratilishi va faoliyat yurita olishi, tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tishi yoki o‘z faoliyatini saqlab qolishi hali ham juda qiyin masala bo‘lib turibdi. Bu siyosat orqali hal qilinishi kerak bo‘lgan mavzudir.
Sh.N.: — Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va muvofiqlashtirish ramzi sifatida AQSH Prezidenti Jo Baydenning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi umid qilishimiz mumkinmi?
D.R.: — Bugun bu yerda o‘tirar ekanman, afsuski, Prezident Baydenning tashrifi rejalari haqida xabar berish imkoniga ega emasman. (hazil) Bu haqida menda hech qanday yangilik yo‘q, lekin shuni ayta aytamanki, men bu yerda faoliyat yuritgan uch yil davomida har ikki yo‘nalishda ham juda yuqori darajadagi tashriflar doimiy kuzatildi. Sizga ma’lumki, vazifamda bo‘lgan paytimda AQSH savdo-tijorat kotibi, davlat kotibi, davlat kotibining o‘rinbosari, markaziy qo‘mondonligimiz yoki sentkomning yuqori darajali generali bir necha marta tashrif buyurdi. Boshqa yo‘nalishlarda ham shunga o‘xshash ko‘plab yuqori darajali amaldorlar almashinuvi bo‘lgan. Mazkur almashinuvlar afzalliklarga ega, ular munosabatlarimizning hozirgi strategik darajasini ko‘rsatadi. Shuning uchun men bu tendensiya davom etishi va kuchayishiga umid qilaman. Har ikki yo‘nalishda ham yuqori darajadagi tashriflar, albatta, davom etadi.
Sh.N.: — Ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan vazifangiz va joyingizni tark etayotgan inson sifatida O‘zbekiston, o‘zbeklar va bu yerdagi xotiralaringiz haqida qanday yakuniy fikrlar bildira olasiz?
D.R.: — Bu haqda yana bir soat gaplashishimiz mumkin, lekin, afsus, bizda bunday vaqt yo‘q. Taassurotlarim nihoyatda ko‘p, bu yerda faoliyatim va o‘tkazgan vaqtim haqida juda ko‘p xotiralarim bor. Ularning deyarli barchasi juda ijobiy. Aytishim mumkinki, men bu mamlakat haqida eng ko‘p sog‘inadigan narsa – bu uning odamlaridir, chunki O‘zbekiston xalqi nihoyatda saxiy, samimiy va mehmondo‘st. Meni mamlakatning hamma joyida iliq kutib olishgan. Men butun mamlakat bo‘ylab sayohat qildim, har safar ishtiyoq va ajoyib kayfiyat, samimiyat bilan kutib olindim. Bu yerni tark etganimda bu odamlar bilan bo‘lgan muloqotimni juda ko‘p eslayman. O‘ylashimcha, bu mamlakat nihoyatda ulkan imkoniyatga, katta salohiyatga ega. Chunki, mamlakat yosh, aholi qatlamining ham katta qismi yoshlardir. So‘nggi eshitgan ma’lumotimga ko‘ra, mamlakat aholisining oltmish foizini o‘ttiz yoki undan kichik yoshdagilar tashkil etadi. Agar siz buni dunyoning boshqa davlatlari bilan solishtiradigan bo‘lsangiz, bu juda ajoyib ko‘rsatkich. Demak, mamlakatning intellektual salohiyati, iqtisodiy imkoniyati juda kuchli. Ammo, fikrimcha, mamlakat rahbariyati buni yaxshi anglaydi, deb o‘ylayman, yoshlarning yaxshi ta’lim olishi, yaxshi ish o‘rinlariga ega bo‘lishi hamda mamlakatdagi eng zamonaviy ilg‘or texnologiyalar va bilimlarni o‘zlashtirib olishlarini ta’minlaydigan institutlarni takomillashtirish talab etiladi.
Bu albatta yaxshi samara beradi. Ushbu maqsadlarimiz sari oldinga siljish bor, lekin bu juda uzoq yo‘l va ko‘p vaqt talab etadi. Shu o‘rinda biz bu yerda amalga oshirgan ishlar haqida biroz maqtanib qo‘ysam. Ta’lim haqida gapiradigan bo‘lsam, bu sohaga biz tomonimizdan katta e’tibor qaratilgan, Xalq Ta’limi vazirligi hamda Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan aloqalar o‘rnatilgan. Bizda AQSH universitetlarida o‘qish imkoniyatini beruvchi va amaliy qo‘llab-quvvatlovchi almashinuv dasturlari bor. Biz shuningdek, ingliz tilini o‘qitish ustida ham ishlayapmiz. So‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonda o‘n besh ming ingliz tili o‘qituvchilariga ular yaxshiroq faoliyat yurituvchi pedagog bo‘lishlari uchun malakasini oshirishda ko‘maklashdik. Biz ta’lim har qanday davlat va ayniqsa, O‘zbekiston muvaffaqiyatining kaliti, muhim investitsiya ekanligini tushunamiz. Shuning uchun men bu borada yaxshi kayfiyat bilan mamlakatni tark etaman. Lekin yanada muhimi, men oldin ham ta’kidlaganimdek, bu yerda ko‘rganlarimdan va ayniqsa taraqqiyotingizning eng ulkan manbayi bo‘lgan mamlakatingiz aholisidan mamnunlik hissi bilan ketaman.
LiveBarchasi