Bayden Ukrainaga 12,4 mlrd dollar yordam ajratishni ma’qulladi

Olam

image

Kecha, 30 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden 2023 yil davomida Ukrainaga qo‘shimcha moliyaviy yordam yo‘naltirishni ko‘zda tutgan qonunni imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatda Ukrainaga yordam uchun jami 12,4 milliard dollar ajratish reja qilingan bo‘lib, mamlakat hukumatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy ko‘mak, harbiy texnika, qurol-yarog‘, moddiy-texnik ta’minot shular jumlasidandir.

Faqatgina harbiy yordam uchun 3 milliard dollar ajratish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar ukrainalik askarlarni harbiy texnika va qurol-yarog‘ bilan ishlashga o‘qitish, logistika, moddiy-texnik ta’minot, texnik xizmat ko‘rsatish, ish haqi hamda Ukraina Qurolli Kuchlarini razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.

Yana 4,5 milliard dollar Kiyevni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, hukumatga makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, fuqarolar uchun asosiy xizmatlarni ko‘rsatish va Ukraina davlat organlari ishini ta’minlash maqsadida yo‘naltirilishi taklif qilingan.

Shu bilan birga, AQSH o‘z qurol-yarog‘ omborini to‘ldirish va ilgari Ukrainaga yordam sifatida yuborilgan yoki Vashingtonning ittifoqchilari tomonidan rasmiy Kiyevga yetkazib berilgan o‘q-dorilar o‘rnini to‘ldirish uchun jami 2,04 milliard dollar yo‘naltirilishi kerak.

Qolaversa, Yevropada joylashtirilgan AQSH qo‘shinlarini ta’minlash uchun 2,8 milliard dollar sarflanishi kutilmoqda. Yordam ajratish doirasida mablag‘larning sarflanishini hisobga olish va nazorat qilish uchun 2 million dollar va’da qilingan. Yana 35 million dollar “Ukrainadagi ehtimoliy yadroviy va radiatsiyaviy hodisalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga javob berish” uchun ajratilgan.

Qonun loyihasi 12,4 milliard dollar yangi mablag‘ ajratishdan tashqari, AQSH prezidentiga “Ukraina Qurolli Kuchlariga qo‘shimcha ustuvor yordam ko‘rsatish” uchun AQSHning qurol-aslahalar omboridan 3,7 milliard dollarlik qurol-yarog‘ yuborish imkoniyatini ham beradi.

Qonun imzolangach, bugun, 1 oktyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Twitter orqali AQSH Prezidenti Jo Baydenga minnatdorlik bildirdi.

“AQSH Prezidentiga Ukrainaga 12,35 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha yordam ajratish to‘g‘risidagi qonunni imzolagani uchun minnatdorlik bildiraman. Qonun mudofaa dasturlarini moliyalashtirish, shuningdek, Ukraina byudjetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuchli yordamni taqdim etishni nazarda tutadi. Bu yordam bugun har qachongidan ham muhimroq. Biz Rossiya Federatsiyasining agressiyasiga birgalikda qarshi turishda davom etishimiz kerak”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

35

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing