Trampning Kubaga qarshi cheklovi Bayden davriga kelib bekor qilindi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati o‘zidan oldingi Prezident Donald Tramp tomonidan Vashington va Kuba o‘rtasidagi parvozlarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. Bu haqda AQSH Transport departamenti bayonot bergan. 

Qayd etilishicha, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken vazirlikka Kubaga parvozlarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish haqida so‘rov bilan chiqqan. U Transport vazirligidan Davlat departamentining 2019 yil oktyabr, 2020 yil yanvar va 2020 yil avgust oylaridagi so‘roviga binoan Kuba  va AQSH o‘rtasida fuqaro aviatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni so‘ragan.

Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, bunday qadamni tashlash Kuba xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 16 may kuni e’lon qilingan chora-tadbirlar, shuningdek AQSH tashqi siyosati manfaatlari uchun juda zarur.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil oktyabr oyida Vashington muntazam reyslarni amalga oshiruvchi Amerika aviakompaniyalari uchun Kubaga (Gavanadan tashqari) parvozlarni taqiqladi. Keyinchalik, 2020 yil yanvar oyida bu cheklovlar kengaytirilgan va AQSH hukumati Amerika aviakompaniyalariga Gavanadan tashqari barcha Kuba aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirishni ham taqiqladi. Shu bilan birga, Kuba poytaxtiga charter reyslari soniga ham cheklovlar kiritildi. 2020 yil avgust oyida esa Vashington Kubaga deyarli barcha charter reyslarni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2022 yil 16 may kuni Davlat departamenti kubalik oilalarga pul o‘tkazmalari bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash, “mustaqil biznesni” va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun pul jo‘natish imkonini berish hamda vizalarni taqdim etish uchun Gavanadagi elchixonani kengaytirish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi. Kuba Tashqi ishlar vazirligi bu qarorni to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

71

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing