Bayden Putinni ogohlantirdi 

Olam

image

AQSH Prezidenti Baydenga ko‘ra, Rossiya Ukraina hududiga hujum qilgan taqdirda Amerika Yevopadagi “Buxarest 9” bitimiga a’zo mamlakatlarga qo‘shin kiritadi. Bayden ushbu so‘zlarni yaqinda Rossiya Prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan onlayn formatdagi uchrashuvda Putinga aytganini kecha, 11 dekabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum qildi. 

Davlat rahbari jurnalistlarning, AQSH Rossiyaning ehtimoliy hujumi ortidan Ukrainaga qo‘shin joylashtirish fikridan qaytgani haqidagi savoliga, “Qo‘shin joylashtirish masalasi, hatto, muhokama ham qilinmagan”, deb javob berdi. 

Bayden jurnalistlarga, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kiradigan bo‘lsa, AQSH “Buxarest 9” davlatlari: Bolgariya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va Estoniyaga qo‘shin joylashtirish bilan ogohlantirganini aytdi.  

"Biz NATO tarkibiga kiruvchi Sharqiy qanotdagi (Buxarest 9) davlatlarga qo‘shin joylashtirishga majbur bo‘lamiz. Bu davlatlar oldida ularni Rossiyaning har qanday hujumidan himoya qilishdek muqaddas burchimiz bor", deydi AQSH rahbari.

U yana, AQSH ukrain xalqining mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirishini qo‘shimcha qildi. 

“Men janob Putinga, agar u Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa, Rossiya uchun dahshatli iqtisodiy muammolar vujudga kelishini aniq aytib o‘tdim. U o‘z harakatlari uchun tovon to‘laydi”, deya qo‘shimcha qildi Bayden. 

Ma’lumot uchun, Buxarest 9 tashkiloti, 2015 yil 4 noyabrda Ruminiyaning Buxarest shahrida, Ruminiya Prezidenti Klaus Iohannis va Polsha Prezidenti Anjey Duda tashabbusi bilan ular o‘rtasidagi ikki tomonlama uchrashuv chog‘ida tuzilgan. Unga Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Chexiya, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva va Slovakiya davlatlari a’zo. Ushbu tashkilotning paydo bo‘lishiga, Ukrainaga tegishli Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishi sabab bo‘lgan.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1050

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing