Bayden Makron bilan Putinga qarshi yanada jiddiy kelishib oldi
Olam
−
02 dekabr 2022
5625Kecha, 1 dekabr kuni Fransiya Prezidenti birinchi marta Bayden ma’muriyati davrida Oq uyda qabul qilindi. AQSH Prezidenti Emmanuel Makron bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazdi. Bu Bayden 2021 yil yanvarida lavozimga kirishganidan beri Fransiya yetakchisining Oq uyga birinchi davlat tashrifidir.
30 noyabr kuni kechqurun ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan norasmiy kechki ovqatda ishtirok etdi. 1 dekabr kuni Oq uyning janubiy maysazorida faxriy qorovul ishtirokida Fransiya Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda so‘zlagan nutqida Bayden Fransiyani AQSHning azaliy ittifoqchisi va ozodlik yo‘lidagi sobit hamkori deb olqishladi.
"Fransiya va AQSH Vladimir Putinning agressiv intilishlariga va Rossiyaning Yevropa qit’asida tinchlikni yana bir bor barbod qilgan Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushiga qarshi turibdi”, deydi Bayden.
U, shuningdek, Fransiya va Qo‘shma Shtatlar yana bir bor demokratik qadriyatlar va umuminsoniy huquqlarni himoya qilishini ta’kidladi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, o‘z navbatida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan ikki davlat hamjihatlikda ekani va Fransiya va Qo‘shma Shtatlar okeanning ikki qirg‘og‘ida shubha ostida bo‘lgan demokratiyani himoya qilish uchun umumiy mas’uliyatga ega ekanini bildirdi.
“Bu bizning yangi mudofaa chegaramiz va unga javob berish bizning umumiy mas’uliyatimizdir”, deydi Makron.
Uchrashuv yakunida Bayden va Makron bayonot berib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy bosqinchilik urushini keskin qoralab, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini qasddan nishonga olish urush jinoyati ekanligini va aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Rossiyaning Ukraina suveren hududini anneksiya qilishga bo‘lgan noqonuniy urinishi, bu xalqaro huquqni ochiqdan-ochiq buzish ekani aytilgan
Qo‘shma Shtatlar va Fransiya Rossiyaning mas’uliyatsiz yadroviy ritorikasi va kimyoviy hujumlar, biologik va yadroviy qurol dasturlari haqidagi dezinformatsiyasiga qarshi chiqdi.
Har ikki davlat Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, jumladan, Ukrainaga zarurat tug‘ilganda siyosiy, xavfsizlik, gumanitar va iqtisodiy yordam ko‘rsatish majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Bayden va Makron Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, Ukraina elektr tarmog‘ini ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar yetkazib berishni, shuningdek, qishki sharoitda Ukraina tinch aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun muhim resurslar bilan ta’minlashni kuchaytirishga va’da berdi.
Qo‘shma Shtatlar va Fransiya Rossiyani keng miqyosda hujjatlashtirilgan vahshiyliklari va urush jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish qat’iyatini tasdiqladi. Ushbu jinoyatlar Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari tomonidan ham, “Vagner” xususiy harbiy tuzilmasi kabi yollanma askarlar tomonidan ham sodir etiladi.
“Rossiyani javobgarlikka tortish xalqaro institutlar yordamida amalga oshiriladi”, deyiladi hujjatda.
LiveBarchasi