Bayden bugun Shvetsiya va Finlyandiya uchun muhim hujjatni tasdiqlaydi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 9 avgust kuni Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokollarni imzolaydi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.

“Prezident Bayden bugun nutq so‘zlaydi va Finlyandiya Respublikasi va Shvetsiya Qirolligining Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish protokollari to‘g‘risidagi ratifikatsiya yorliqlarini imzolaydi”, deyiladi Oq uy jadvalida. 

Ushbu marosimda AQSH vitse-prezidenti Kamola Xarris ham ishtirok etadi.

O‘tgan hafta Senat Stokgolm va Xelsinkining alyansga qo‘shilishi haqidagi hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Amerika qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra, ratifikatsiya jarayoni bevosita mamlakat Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi, Senat bunga o‘z roziligini beradi. Bayden avvalroq Kongressning yuqori palatasidagi ovoz berish natijalarini olqishlab, NATOning kengayishi bo‘yicha ushbu protokollarni Senat tomonidan ko‘rib chiqish jarayoni 1981 yildan beri eng tez o‘tganini ta’kidlagan edi.

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.       

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi blokning barcha a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Bugungi kunga qadar alyansga kirgan 30 ta davlatdan 20 dan ortig‘i shunday qilgan.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

29

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing