“Bavariya” e’tiboridagi Fayzullayev va legionerga aylangan futbolchilar – Sport dayjesti

Tahlil

“Bavariya” nazariga tushgan Abbosbek Fayzullayev, Turkiya hamda Eron klublariga borib qo‘shilgan o‘zbekistonlik futbolchilar va terma jamoa futbolchisiga nisbatan qo‘pol gapirib, uzr so‘ragan sharhlovchi bugun diqqat markazimizda. Assalomu alaykum QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti

Prezident hokimlar iqtidorlarni kashf qilishga e’tibor qaratmayotganini aytdi

Joriy yilda sportga qariyb 2 trillion so‘m ajratilmoqda. Shu bois sportni ommalashtirish bo‘yicha tizim to‘liq va yuqori samara bilan ishlashi zarur. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 fevral kuni o‘tkazilgan 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.

Yig‘ilishda hokimlar o‘zi musobaqalar tashkil qilib, yangi iqtidorlarni kashf qilishga yetarli e’tibor qaratmayotgani va oqibatda, hududlarda yaxshi sportchilar chetda qolib ketayotgani aytildi.

Mahallalarni futbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi kabi sportning 12 ta ommaviy turidan biriga ixtisoslashtirish, har oyda mahallalarda ommaviy sport tadbirlarini tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.

Sport vazirligiga va hokimliklarga yil davomida “sektor – tuman – viloyat – respublika” darajalarida ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish topshirildi.

“Sport maktablari – sport kollejlari – sport federatsiyalari – oliy mahorat maktablari” zanjiri asosida doimiy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Prezident Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi
Parij-2024 ga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilar uchun 15 ta Olimpiya va Paralimpiya markazida hamda Toshkent shahri, Andijon va Toshkent viloyatlaridagi 14 ta sport bazalarida barcha sharoitlarni yaratiladi. 

Yig‘ilishda Mirziyoyev bu yilgi yutuqlarni Tokio Olimpiadasi kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritamiz, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri ekanini aytib o‘tdi.

Selektorda Olimpiya o‘yinlaridagi natijalar O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshisi bo‘lishi uchun zarur choralarni hozirdan ko‘rish yuzasidan vazifalar berildi.

Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari bilan birgalikda ularni chuqurlashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farmakologiya va diyetologiya jihatidan sifatli ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Mahmud Murodov oxirgi jangidan qancha daromad qilgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Murodov rossiyalik Aliasxab Hizriyevga qarshi jangdan 76 ming AQSH dollar daromad qildi. 

Mazkur jang 11-soniyadayoq to‘xtatildi va o‘tkazilmagan, deb qayd etildi, chunki Hizriyev jang davom etayotgan bir pallada Murodovning ko‘ziga qo‘lini tiqib oldi va o‘zbekistonlik jangchi bahsni davom ettirolmadi.
Shunday qilib, Murodov umumiy hisobda jang uchun 70 ming, homiylik kelishuvlaridan 6 ming AQSH dollariga ega bo‘ldi. Hizriyev esa jangdan 16 ming, homiylik shartnomalaridan 4 ming AQSH dollar foyda qildi. 

Ma’lumot uchun, Murodov Hizriyevgacha UFC'da 5 ta jang o‘tkazib, 3 tasida g‘alaba qozongan, 2 marta esa mag‘lubiyat alamini ta’tib ko‘rgan. Hizriyev esa UFC'da 1 marta oktagonga ko‘tarilgan va g‘alaba qozongan.

Jaloliddin Masharipov faoliyatini Eronda davom ettiradigan bo‘ldi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi Jaloliddin Masharipov Eronning “Istiqlol” klubi bilan yarim yillik shartnoma imzoladi. 

“Salom, Istiqlol klubi muxlislari. Tez kunda ko‘rishamiz”, deydi Masharipov Eron klubi bilan e’lon qilgan videoda.

“Istiqlol” klubi navbatdagi o‘yinini “Hazfi cup” turniri doirasida “Mes Rafsanjan” klubiga qarshi o‘tkazadi. 30 yoshli Masharipov mazkur uchrashuvda debyut qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Jaloliddin Masharipov faoliyati davomida Toshkentning “Paxtakor” va “Lokomotiv” klublarida to‘p tepgan. Xorij klublaridan “Shabab Al-Ahli”, “Al-Nasr” va “Panserraikos” jamoalari sharafini himoya qilgan. Hozirda “Transfermarkt”ga ko‘ra qiymati 1,5 million yevroni tashkil etadi.

Terma jamoa futbolchisiga nisbatan qo‘pol gapirgan sharhlovchi uzr so‘radi

“Sport” telekanalining rus tilidagi sharhlovchisi Otabek Jo‘rayev Osiyo kubogi chorak finalidan o‘rin olgan Qatar – O‘zbekiston o‘yinidagi penaltilar seriyasi davomida Zafarmurod Abdurahmatovning muvaffaqiyatsiz urinishidan so‘ng qo‘pol gapirgani uchun futbolchidan uzr so‘radi. Bu haqda sharhlovchi o‘z Telegram sahifasida ma’lum qildi. 

“So‘nggi chorak finaldan deyarli ikki kun o‘tdi. Stress qo‘yib yubordi, hissiyotlar joyiga tushdi. Endi ishtirokimiz haqida o‘z fikrlarim bilan o‘rtoqlashsam bo‘ladi, ammo bundan oldin menga eng muhim bo‘lgan narsaga e’tiborimni qaratmoqchiman. O‘sha o‘yindagi penaltini nazarda tutyapman. Zafarmurod bilan aloqaga chiqdim. Uzr so‘radim. Masala yopildi. Qiyomatga qolmadi. Mana endi o‘zimni yaxshi his qilmoqdaman”, deydi Otabek Jo‘rayev.

Ma’lumot uchun, 20 yoshli Zafarmurod Abdurahmatov Qarshining “Nasaf” klubi a’zosi hisoblanadi. U Qatar bilan o‘yindagi penaltilar seriyasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 4-zarbasini amalga oshirdi, biroq urinish samarasiz yakunlandi.

Abbosbek Fayzullayevni “Bavariya” skautlari kuzatmoqda

Germaniyaning “Bavariya” klubi skautlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayevning o‘yinlarini kuzatib bormoqda. Bu haqda “Qorabog‘” jamoasi darvozaboni Andrey Lunevning agenti Anton Smirnov ma’lum qildi.

“Myunxenliklar futbolchini U-23 terma jamoada o‘ynaganida ham o‘yinlarini katta qiziqish bilan kuzatgan va hozirda Fayzullayev nemis skautlari “nishonida” turibdi”, deb yozdi Smirnov Telegram sahifasida.

Keyinroq mazkur xabarga Fayzullayevning agenti Qahhor Mo‘minov munosabat bildirdi.

“Albatta, ko‘plab klublarning skautlari Abbosni kuzatib bormoqda va ko‘pchilik unga qiziqish bildirmoqda, ammo “Bavariya”ning qiziqishi haqida hech narsa bilmaymiz. Hozir asosiysi e’tibor Abbosning biroz dam olishi va mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun SSKAga qo‘shilishiga qaratilgan”, deydi Mo‘minov.

20 yoshli Fayzullayev o‘tgan yozda SSKAga o‘tgan edi. “Armiyachilar” tarkibida hujumkor yarim himoyachi 18 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Fayzullayev O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 14 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol urdi va terma jamoa tarkibida Osiyo kubogi chorak finaliga qadar yetib bordi.

Sardor Rashidov BAA klubi a’zosiga aylandi

O‘zbekistonlik taniqli futbolchi Sardor Rashidov faoliyatini Birlashgan Arab Amirliklarida davom ettiradigan bo‘ldi. 

32 yoshli Rashidov “Dubay Siti” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Tez orada klub ham futbolchi bilan kelishuvga erishganini e’lon qiladi.

Hozirda “Dubay Siti” mamlakat chempionati turnir jadvalida 18 ta o‘yindan keyin 13 ochko to‘plab, 16-o‘rinda bormoqda. Jamoa BAAning yangi klublaridan biri hisoblanadi. “Dubay Siti”ga 2018 yilda asos solingan.

Ma’lumot uchun, Sardor Rashidovning oxirgi jamoasi Toshkentning “Paxtakor” klubi bo‘ldi. U “sherlar” safida umumiy 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. “Transfermarkt”ga ko‘ra Rashidovning qiymati 250 ming yevroni tashkil etadi.

Rasman: Erkinov BAA klubi a’zosiga aylandi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning “Torpedo” klubi a’zosi Hojimat Erkinov Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Vahda” klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Erkinov yangi jamoasida 15-raqam ostida to‘p tepadi. Futbolchi 30 iyunga qadar amirliklar klubi sharafini himoya qiladi. Shartnomasi yakunlangach 22 yoshli futbolchi yana Moskva klubiga qaytadi. 

Ma’lumot uchun, Erkinov “Torpedo” safida umumiy 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Uning “Transfermarkt”ga ko‘ra qiymati 600 ming yevroni tashkil etadi.

Rasman: O‘runov Eron klubi bilan shartnoma tuzdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Oston O‘runov Eronning “Persepolis” klubi a’zosiga aylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi. 

O‘runov yangi jamoasi bilan 2025 yilning 30 iyuniga qadar shartnoma imzoladi. 23 yoshli futbolchi yangi klubida mavsumiga 807 ming AQSH dollari ishlab topadi.

O‘runovning oxirgi jamoasi Namanganning “Navbahor” klubi bo‘ldi. U namanganliklar safida Osiyo Chempionlar ligasida (OCHL) 5 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning transfer narxi 1 million yevroni tashkil etadi. 

“Real”ga gol urgan o‘zbekistonlik futbolchining yangi jamoasi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Jasur Yaxshiboyev Qozog‘istonning “Ordabasi” klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Bir oydan buyon Chimkent klubi safida mashg‘ulotlarda ishtirok etib kelayotgan 26 yoshli futbolchi nihoyat “Ordabasi” bilan shartnoma tuzdi. Yaxshiboyevning klub kelishuvi shu yil oxiriga qadar amal qiladi. 

Ma’lumot uchun, Yaxshiboyevning so‘nggi klubi “Navbahor” bo‘ldi. Undan avval u “Paxtakor”, OKMK, “Energetik BGU”,

“Shaxtyor Soligorsk”, “Legiya”, “Sherif” klublari sharafini himoya qilgan. Hujumkor ayrim himoyachi O‘zbekiston milliy jamoasi safida 10 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol muallifi bo‘lgan.

Qayd etish joiz, “Sherif”dagi faoliyati davomida futbolchi Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etgan va Moldova klubi safida Madridning “Real” klubi darvozasini ishg‘ol qilgan.

Turkiya klubi o‘zbekistonlik futbolchi transferini e’lon qildi 

Turkiyaning “Sivasspor” klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Aziz Turg‘unboyev bilan 2025 yilning 30 iyuniga qadar shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

“Mavsumiy tanaffusda transfer harakatlarini davom ettirgan “Sivasspor” 29 yoshli chap qanot yarim himoyachisi Azizbek Turg‘unboyev bilan kelishuvga erishdi”, deyiladi klub xabarida.

Turg‘unboyev yangi klubida 90-raqam ostida to‘p tepadi.

Ma’lumot uchun, Aziz Turg‘unboyev 1994 yilning 1 oktyabrda Namanganning Pop tumanida tug‘ilgan. Katta futbolga ilk qadamni mahalliy “Navbahor”da tashlagan. 2021 yilda u “Paxtakor”ga o‘tgan.

Faoliyati davomida 218 ta uchrashuvda qatnashib, 44 ta gol urib, 16 ta golli uzatmani amalga oshirgan. U O‘zbekiston terma jamoasi libosida 30 marta maydonga tushgan.

Rasman: Otabek Shukurov “Kayserispor” klubiga ko‘chib o‘tdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi futbolchilaridan biri Otabek Shukurov Turkiyaning “Kayserispor” jamoasi a’zosiga aylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

Osiyo kubogi boshlanishidan avval “Fotih Karagyumruk” bilan xayrlashgan 27 yoshli futbolchi faoliyatini Kayseri shahri jamoasida davom ettiradi. Shukurov yangi klubi bilan 2,5 yillik shartnoma imzoladi.

Ma’lumot o‘rnida, “Kayserispor” klubiga 1966 yilda asos solingan. Jamoa uy o‘yinlarini 33 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan “Kadir Xas” stadionida o‘tkazadi. Hozirda “Kayserispor” Turkiya Superligasida 24-turdan keyin 20 jamoa orasida 28 ochko bilan 13-o‘rinni egallab turibdi.

Akbar Jo‘rayev Osiyo chempionatida 3 ta oltin medalga sazovor bo‘ldi

9 fevral kuni og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining kun dasturida O‘zbekiston vakili Akbar Jo‘rayev 3 ta yo‘nalishda shohsupaning 1-pog‘onasidan joy oldi.

-102 kg vaznda ishtirok etgan Jo‘rayev dast ko‘tarishda 180 kg, siltab ko‘tarishda 220 kg natija qayd etib oltin medalga ega chiqdi. Sportchi ikki kurash natijasiga ko‘ra, 400 kg natija qayd etib, musobaqadagi oltin medallari sonini 3 taga yetkazdi.

-96 kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Sunnatilla O‘sarov dast ko‘tarishda 161 kg, siltab ko‘tarishda 185 kg ni o‘ziga bo‘ysundirdi. Sportchi ikki kurash natijasiga ko‘ra, 346 kg bilan 3 ta yo‘nalishda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

-89 kg vazn toifasida ishtirok etgan Sarvarbek Zafarjonov dast  ko‘tarishda 167 kg og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib oltin medalga sazovor bo‘ldi. Siltab ko‘tarishda esa -195 kg lik toshni ko‘tarishni uddalagan Zafarjonov ikki kurash natijalariga ko‘ra umumiy 362 kg natija bilan 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Qizlar o‘rtasidagi bahslarda o‘zbekistonlik Nigora Suvonova va Tursunoy Jabborova jamoa hisobiga 4 ta medalni qo‘shib qo‘ydi.

-87 kg vaznda ishtirok etgan Suvonova dast ko‘tarishda 101 kg lik natija bilan oltin, siltab ko‘tarishda esa  128 kg bilan kumush, ikki kurash natijasiga ko‘ra kumush medalni qo‘lga kiritdi.

+87 kg vazn toifasida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazgan Tursunoy Jabborova dast ko‘tarishda 116 kg lik toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va bronza medali sohibiga aylandi. Jabborova siltab ko‘tarishda 124 kg, ikki kurash natijasiga ko‘ra, 258 kg natija qayd etdi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing