“Bavariya” “Barsa”ga ishonmaydi
Sport
−
14 iyun 2022
4531Ispaniyaning “Barselona” jamoasi “Bavariya” klubi hujumchisi Robert Levandovskiga “oshiq” ekanligi anchadan beri ma’lum. Biroq Germaniyaning grand klubi “ko‘k anorranglilar”da Levani sotib olish uchun yetarli miqdorda pul yo‘q deb hisoblaydi. Shuning uchun transfer summasini bir martada qoplab berishini so‘raydi. Ya’ni hech qanday muddatli to‘lov nemis klubini qanoatlantirmaydi. Bu haqda jurnalist Manuel Vet Twitter'dagi sahifasi orqali xabar berdi.
Qayd etish joizki, “Barselona”dagi og‘ir moliyaviy inqiroz boshlanganiga ancha bo‘ldi. Joan Laporta boshchiligidagi rahbariyat ushbu muammolarni bartaraf qilishga qanchalik urinmasin vaziyat beqarorligicha qolmoqda. Albatta, bu holatni “Bavariya” rahbariyati ham yaxshi anglaydi va Robertning transferida turlicha yon berishlarga bormaydi.
Shuningdek, qo‘shimcha qilish kerak-ki, “Bavariya”ning ushbu harakatlari Levandovskini klubda olib qolish uchun qilinmayapti. Sababi jamoa va 33 yoshli hujumchi o‘rtasidagi munosabatlarga allaqachon sovuqchilik tushib bo‘lgan. Shunchaki ular yiliga 50-60 talab gol uradigan futbolchini mo‘may pulga sotib qolishmoqchi. Har holda, polshalikning o‘rniga kelishi aytilayotgan hujumchilarning birontasi arzon turmaydi.
Avvalroq, “Barsa” prezidenti Joan Laporta futbolchilarning joriy maoshini 50 foizgacha qisqartirishi mumkinligi xabar qilingandi.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan mavsumda Robert Levandovski “Bavariya” safida jami 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, 50 ta gol urdi va 7 ta golli uzatma amalga oshirdi. “Transfermarkt” portali polshalik iqtidor egasini 50 million yevroga baholamoqda.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi