Bankrotlik: bu yo‘nalishda qanday o‘zgarishlar kutilyapti?

Biznes

image

Bankrotlik ishini qo‘zg‘atishda qarzdorlik miqdori yuridik shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori 500 baravardan 300 baravarga, yakka tadbirkorlarga nisbatan 30 baravardan 20 baravarga kamaydi. Bundan ko‘zlangan maqsad kreditorlarning huquqlarini himoya qilish, bankrotlik jarayonini tezlashtirishdan iborat. 

Bu haqda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun kuchga kirgani munosabati bilan  Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Unda nafaqat jurnalistlar, balki respublikaning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan sud boshqaruvchilari ham ishtirok etdi.

Agentlik boshqarma boshlig‘i Jamshid Tohirov Qonunning o‘ziga xos yangiliklari va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, Qonun bilan endi to‘lov qobiliyatini tiklash taomili amaliyotga joriy etiladi. Bu sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillarini o‘z ichiga oladi. Bunda asosiy e’tibor to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan korxonani sog‘lomlashtirishga qaratiladi. Ilgari korxonani faqat bankrot deb topish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi kiritilgan va aynan shu masala ko‘rilgan bo‘lsa, bundan buyon mazkur ariza bankrotlik ishini qo‘zg‘atish uchun beriladi va bunda sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv tamoyili va tugatish to‘g‘risidagi masalalar alohida ko‘rsatiladi. Endilikda kreditorlar ovoz berishda beshta guruhga bo‘linadi. Qonun asosida kuzatuv taomili, ya’ni qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini o‘tkazish jarayoni avvalgi 4 oydan 3 oyga qisqartirildi. Sud sanatsiyasi — qarzdor ishlarini boshqarish vakolatlarini sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga o‘tkazmagan holda to‘lov qobiliyatini tiklash 30 oydan 24 oyga kamaytirildi. Kreditorlar talablarini mutanosib ravishda qanoatlantirish, qarzdorning majburiyatlardan ozod etilganligi hamda tugatilganligini e’lon qilish maqsadida qo‘llaniladigan taomil — tugatishga doir ishni yuritish oldingi 12 oy o‘rniga 9 oyda amalga oshiriladi. Ushbu muddat ko‘pi bilan 3 oyga uzaytirilishi mumkin. Ilgari bunday tartib yo‘q edi. Bankrotlik sohasida beshta taomildan biri — kelishuv bitimi esa taomil qatoridan chiqarildi, endi u jarayon sifatida har qaysi taomil doirasida amal qiladi, ya’ni kelishuv bitimi tuziladi.

Endilikda korxona rahbariga yoki muassislariga (ishtirokchilariga) yoxud mulkdoriga nisbatan korxonani bankrotlikka olib kelgan harakatlari (harakatsizligi) uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan taqdirda bankrotlik to‘g‘risidagi ishni yuritish jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan tegishli qaror qabul qilingunga qadar to‘xtatib turiladi. Bu bilan hozirgacha muammo bo‘lib turgan masalaga yechim topildi.

Sanatsiya boshqaruvchisi va kreditor qarzdorni bankrot deb topish haqida ariza berishidan yoki bankrotlik ishi qo‘zg‘atilishidan 24 oy oldin tuzilgan (ilgari bu muddat 6 oy bo‘lgan) shartnomalarni bir necha holatda bekor qilish huquqiga ega. Ya’ni agar shartnomani bajarish qarzdorga zarar yetkazsa yoki boshqa shunday shartnomaga nisbatan qarzdor, kreditor qarz majburiyati bajarilishi ta’minlovchi shaxslar huquqlarini buzsa yoxud shartnoma bir yildan ortiq muddatga tuzilgan va qarzdor uchun faqat uzoq istiqbolda ijobiy natija olishga mo‘ljallangan bo‘lsa mazkur shartnoma bekor qilinadi.

Sud boshqaruvchilarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida endi qonunda aniq belgilab qo‘yilganidek, sud boshqaruvchisi kreditorning talabiga ko‘ra, qarzdorning moliyaviy ahvoliga oid axborotni 10 kunlik muddatda taqdim etishi kerak.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, yana bir yangilik hozirgacha sud boshqaruvchisiga nomzod berish masalasi dolzarb bo‘lib kelgan. Bunday nomzod soliq organi, hududiy organlar, ba’zida qarzdorning o‘zi tomonidan berilgan. Endi esa nomzodni sudga taqdim etish Sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi tomonidan bajarilishi tartibi joriy etilmoqda. Bunda albatta sud boshqaruvchisidan bankrot korxonani tugatish emas, balki uni birinchi navbatda sog‘lomlashtirib, faoliyatini tiklashga mas’uliyat bilan yondashgan holda faoliyat yuritish, shunga yarasha chuqur bilimga ega bo‘lish talab etiladi.

Jahon bankining Biznesni yuritish bo‘yicha 2020 yilgi hisobotida to‘lovga qobiliyatsizlikni hal etish indeksida O‘zbekistonning o‘rni bilan bog‘liq ma’lumot ta’kidlanganidek, bizda tugatish muddati 2 yil, butun dunyoda esa bu o‘rtacha 1 yildan iborat. Tugatishga ketadigan xarajatlar miqdori qarzdor mol-mulki ya’ni aktivining 10 foizini tashkil etadi. Ko‘rinib turibdiki, bu mamlakatimizning jahon miqyosidagi reytingiga salbiy ta’sir qilayapti. Qarzni qaytarish koeffitsiyenti 34,4 foizda, rivojlangan davlatlarda (AQSH, Yaponiya) esa bu 60-80 foizda. Demak, ushbu ko‘rsatkichlarimizni yaxshilash oldimizdagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi deydi agentlik boshqarma boshlig‘i Jamshid Tohirov.

Kelgusi yil may oyigacha “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unda bankrot bo‘lgan korxonalarga soliq imtiyozlari berilishi va korxona tiklangach, bu soliqni qaytarish tartibini joriy etish taklifi ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning bankrotligini joriy qilish, soddalashtirilgan tartibotni takomillashtirish, qarzdorlikni hisobdan chiqarish vakolatini sudga berish amaliyotini tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Ilgari bankrotlik jarayoni korxonani tugatish, uning kreditorlar oldidagi qarzini kechish, soliqdan qochish yo‘li bo‘lib kelgan. Keyingi 5 yil davomida bankrot bo‘lgan korxonalar tahlil qilinganda, 97 foiz bankrot korxonalar tugatilib, davlat reyestridan chiqarilgan, ularning byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar oldidagi qarzlaridan voz kechilgan. Lekin byudjet oldidagi qarzdorlik bu ko‘pchilikning haqqi, ko‘pchilikning manfaati. Shuning uchun korxonaning qarzi kechilmasligi kerak. Butun dunyoda shunday. Hatto, ba’zida qarzdor bilan sud boshqaruvchisi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida ham korxonani tugatish holatlari kuzatilgan. Bunda sud boshqaruvchisi o‘z vazifasini talab darajasida bajarmagan, aslida esa u bunday korxona faoliyatini chuqur o‘rganib, uni tiklash choralarini ko‘rishi kerak edi. Qonundagi yangi normalar bilan bunday nomaqbul munosabatlarga chek qo‘yildi. Endi dunyoning boshqa davlatlarida bo‘lgani kabi bizda ham bankrotlikni tugatish deb emas, balki uni sog‘lomlashtirish, iqtisodiy faoliyatga qaytarish vositasi deb tushunsak, oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishamiz.

Ma’lumot uchun: Sayt: www.davaktiv.uz 
Telegram:  https://t.me/DAVAKTIVUZ
Facebook: 
https://www.facebook.com/davaktiv.uz/

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Bankrotlik to'g'risidagi Qonun davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Baholaganlar

9

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar