Banklar uchun qanday faoliyatlar taqiqlangan yoki cheklangan?
Jamiyat
−
06 noyabr 2019
8598Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilgani haqida xabar bergan edik.
Qonun bilan banklar uchun taqiqlangan yoki cheklangan faoliyat turlari belgilandi. (7-modda)
Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo, sug‘urta faoliyati hamda banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan cheklov quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
• bank kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimlarida foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan uskunani va unga doir dasturiy ta’minotni sotish yoki ijaraga berishga;
• o‘z aktivlarini sotishga;
• chek daftarchalarini chiqarish, realizatsiya qilish va tarqatishga;
• sug‘urta tashkilotlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari nomidan sug‘urta shartnomasi tuzilishini tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga;
• bank o‘zi muassis bo‘lgan yuridik shaxslarga o‘z mol-mulkini mulkiy ijara (arenda) shartnomasiga muvofiq ijaraga berishga.
Banklarga yuridik shaxslarni tashkil etish va (yoki) yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlarni yoki aksiyalarni olish taqiqlanadi, bundan quyidagilar mustasno:
• kredit, sug‘urta va lizing operatsiyalarini professional asosda amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
• moliya bozori infratuzilmasining bir qismi bo‘lgan yoki banklarga axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar;
• qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
• bankning kafolati ostida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish maqsadida mazkur bankning xorijda tashkil etiladigan sho‘’ba tashkilotlari;
• faqat inkassatsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;
• bank operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblar, shu jumladan bank kartalari bilan operatsiyalarga doir hisob-kitoblar ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar;
• fond va valyuta birjalari;
• kredit byurolari;
• qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozoriga joylashtirilgan aksiyalarning yigirma foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda fond birjasi listingiga kiritilgan aksiyadorlik jamiyatlari.
Ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq bank tomonidan bir yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini olish bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining o‘n besh foizidan oshmasligi kerak. Ushbu cheklov bank tomonidan mazkur yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aksiyalariga egalik qilishga, shu jumladan mazkur yuridik shaxslarning tashkil etilishi hollariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Banklar tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlarni amalga oshirish, yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olish yig‘indisi bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining ellik foizidan oshmasligi kerak.
Agar bank tomonidan yuridik shaxslar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aksiyalariga egalik qilish ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bo‘lsa, ushbu ortgan qismni bank bir yil ichida sotishi shart.
Bankka ushbu bank ustav kapitalining bir yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish taqiqlanadi.
Ushbu moddaning talablari banklar tomonidan boshqa bankning aksiyalarini yoki o‘zga bank saqlovchisi bo‘lgan boshqa qimmatli qog‘ozlarni yoxud o‘zga bankka tegishli yuridik shaxslar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni yoki aksiyalarni ular tomonidan qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etish amalga oshirilayotganda olish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
LiveBarchasi