Bank xodimasining firibgarligi haqida material tayyorlagan muxbirga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
24 yanvar
12738Jizzax viloyatidagi bank xodimasining firibgarligi yuzasidan material tayyorlagan MY5 kanali muxbiri Ruxsora G‘afurovaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
G‘afurova tomonidan tayyorlangan materialda Jizzaxdagi bank xodimasining firibgarligi, xodimaning fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani haqida so‘z boradi.
“Videolavhada tilga olingan qonunbuzarlikka oid hujjatlarni o‘rgandim va qonunga muvofiq, ko‘rsatuv efirga uzatilgach, xodimaga nisbatan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozim edi. Chunki Jinoyat protsessual kodeksi talablariga ko‘ra, OAVning jinoyat haqida bergan xabari jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘ladi”, deydi Tashanov.
Biroq bank xodimasining arizasiga ko‘ra, muxbirning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
“Emishki, jurnalist bank xodimasining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitibdi hamda uning jinoyati haqida xabar berib, qonunbuzarlik sodir etibdi. Hujjatlardan ko‘rinishicha, bank xodimasining o‘zga shaxslar nomiga olingan kreditining bir qismini uning eri – Oliy sud sudyasi Sharofiddin Boliyev o‘z plastik kartasi orqali to‘lab kelgan. Sudya bu qonunbuzarlikdan xabardor bo‘lgan va qonunbuzar ayolni himoya qilgan. Katta ehtimol bilan jurnalistga hujum ortida ham janobning o‘zlari turibdi”, deb yozadi Tashanov.
Sudyalar oliy kengashi munosabat bildirib, ushbu holat Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar odob komissiyasida o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.
“MY5 telekanalining “Markaziy studiya” dasturida efirga uzatilgan lavhadan so‘ng uning muallifiga nisbatan qo‘zg‘atilgani aytilayotgan ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishga sudyalar hamjamiyati vakilining ehtimoliy aloqadorligiga oid ijtimoiy tarmoqdagi xabarlar Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar odob komissiyasida o‘rganib chiqiladi”, deyiladi xabarda.
Sudyalar oliy kengashi ish natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini bildirgan.
LiveBarchasi