Bank kassalarining ish tartibiga o‘zgartirish kiritildi
Jamiyat
−
28 Oktabr 2020 6808 2 daqiqa
O‘zbekistondagi bank kassalarining ish tartibi o‘zgartirildi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 22 oktyabr kuni qabul qilingan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarorida so‘z boradi.
“Norma.uz”ning yozishicha, "O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi hamda "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq Yo‘riqnomaga quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qonunlarga ikkita tushuncha kiritilmoqda:
bank (filial) binosidan tashqarida tashkil etilgan kassalar – mini bank kassasi, bank xizmatlari ofisi kassasi, maxsus kassa va boshqa barcha turdagi kassalar;
inkassatsiya xizmati – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, shuningdek banklar, banklarning filiallari va alohida bo‘linmalariga tegishli bo‘lgan naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish hamda kuzatib borish xizmati.
“Bank (filial) binosida va binodan tashqarida tashkil etilgan kassalarni qurilishi, zaruriy asbob-uskunalar bilan jihozlanishini tartibga soluvchi soddalashtirilgan tartib-taomillar to‘ldirildi”, deyiladi xabarda.
Xususan, quyidagilar uchun asoslar shartlanmoqda:
- kassa ochilishi to‘g‘risidagi qaror;
- qimmatli qog‘ozlar, kafolat va kafilliklar hamda garov sifatida, sug‘urta - polislarining qabul qilib olinishi tartibi;
- shtatlar jadvali;
- mijozlar soni;
- xizmatlar turlari;
- xavfsizlikni ta’minlash va boshqalar.
Ta’kidlanishicha, bank kassalari, ularning faoliyati ustidan masofadan turib kunlik nazorat o‘rnatilgan holda, istalgan hududda tashkil etilishi mumkin.
Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar binolarida bank (filial) bilan tuzilgan shartnomaga asosan kassalar tashkil qilinadi. Bank kassasi tomonidan taqdim etiladigan xizmat turlari shartnomada kelishib olinadi.
Shuningdek, kassa kitoblari, kassa jurnallari, blanklar va varaqalarni rasmiylashtirish hamda tasdiqlash ishlari elektron shaklda ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Buning uchun dasturiy mahsulotlar bilan ishlovchi moddiy javobgar shaxs biometrik tarzda identifikatsiya qilinishi kerak.
“Shuningdek, boshqa o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar ham nazarda tutilgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22 oktyabrdan kuchga kirdi.
Live
Barchasi