Bangladesh sobiq bosh vaziri iste’fosi ortida AQSH turganini aytdi
Olam
−
12 avgust
4982Bangladeshning sobiq bosh vaziri Shayx Hasina o‘z lavozimidan chetlatilishi ortida AQSH turganini, chunki u Vashingtonga Bengal ko‘rfazi ustidan ta’sir ko‘rsatishiga imkon beruvchi Sent-Martin orolini topshirishdan bosh tortganini aytdi. Bu haqda “Thye Economic Times” nashri xabar berdi.
“AQSH Shayx Hasinani Sent-Martin orolidagi nazoratni berishdan bosh tortgani uchun hokimiyatdan siqib chiqarishni maqsad qilgan, bu esa AQSHga Bengal ko‘rfaziga ta’sir o‘tkazishga imkon bergan bo‘lar edi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, mahalliy tilda Narikel Zinzira yoki Hindiston yong‘og‘i oroli nomi bilan tanilgan Sent-Martin oroli atigi uch kvadrat kilometrni egallagan kichik quruqlik bo‘lib, Bengal ko‘rfazining shimoli-sharqiy qismida, Koksning uchidan taxminan 9 km janubda joylashgan.
Sobiq bosh vazir Hasina o‘z hisobotida orolning strategik ahamiyati va mintaqadagi potensial geosiyosiy ta’sirini ta’kidlab, orol suverenitetida murosaga kelmaslikni tanlaganini aytgan.
Biroq Hasinaning AQSHda yashovchi o‘g‘li Sajib Vazed X tarmog‘idagi sahifasida onasining yaqinda gazetada chop etilgan iste’fosi haqidagi bayonoti butunlay yolg‘on va uydirma ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 avgust kuni Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina o‘tgan oyda yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan keng ko‘lamli namoyishlar fonida harbiy vertolyotda Hindistonga uchib ketgandi. Keyinchalik Bangladesh Prezidenti Shahabuddin Chuppu Bosh vazir Shayx Hasinaning iste’foga chiqishi ortidan muvaqqat hukumat tuzish uchun Dakkadagi parlamentni tarqatib yuborgani aytilgandi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi