Baku Yevropaga gaz yetkazib berishni ko‘paytirishga tayyor
Olam
−
18 dekabr 2021
5140Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 2021 yilda mamlakat Yevropa Ittifoqiga 7 milliard kub metrdan ortiq gaz eksport qilganini ma’lum qildi.
Ozarbayjon, kerak bo‘lsa, Yevropa davlatlariga gaz eksportini oshirishga tayyor. Bu haqda Aliyev bugun, 18 dekabr kuni Italiyaning Il Sole 24 Orye gazetasiga bergan intervyusida aytgan.
“Ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish imkoniyati yevropalik iste’molchilar talabiga bog‘liq bo‘ladi”, deydi u.
Aliyevning ta’kidlashicha, 2021 yil Ozarbayjon Yevropa Ittifoqiga 7 milliard kub metrdan ortiq gaz eksport qilgan. 2022 yilda 9 milliard kub metr, 2023 yilda esa 11 milliard kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.
"Ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun sarmoya kerak. Bizda ulkan konlar va Yevropaning boshqa yo‘nalishlariga ulanish imkoniyatiga ega zamonaviy infratuzilma mavjud", deydi Ozarbayjon Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon 2020 yil 31 dekabrdan Janubiy gaz yo‘lagining ajralmas qismi bo‘lgan Trans-Adriatik quvur liniyasi orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni boshlagan. 25 yilga mo‘ljallangan yetkazib berishlar yiliga 10 milliard kub metrdan ortiq gaz eksportini nazarda tutadi. Ozarbayjon gazi Yevropa bozoriga, shundan 8 mlrd kub metr Italiyaga, 1 mlrd kub metr - Gretsiya va Bolgariyaga yetkazib beriladi.
Janubiy gaz yo‘lagi integratsiyalashgan quvur tizimi bo‘lib, Bakudan Gruziya, Turkiya, Gretsiya va Albaniya orqali Italiya janubigacha 3,5 ming kmga cho‘zilgan Janubiy Kavkaz va Trans-Anadolu gaz quvurlarini ham o‘z ichiga oladi. Uning o‘tkazish quvvati 16 milliard kub metrni tashkil qiladi. Janubiy gaz yo‘lagi uchun asosiy xomashyo manbai 1,2 trillion kub metr zaxiraga ega Shohdengiz koni hisoblanadi.
Shahlo Orziyeva
LiveBarchasi