Baku Yerevanga muzokaralar o‘tkazish uchun joy va vaqt taklif qildi

Olam

image

Ozarbayjon Armanistonga tinchlik shartnomasi loyihasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun aniq joy va vaqtni taklif qilgan, biroq Yerevandan ijobiy munosabat bildirilmagan. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov  BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

“Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng Yerevanda tinchlik shartnomasi ustida ishlash uchun uchrashuvning aniq sanasi va joyi taklif qilindi. Biroq Pashinyanning ikki kun avval Bosh Assambleyada qilgan bayonotlari, afsuski, Armaniston munosabatlarni normallashtirish o‘rniga haligacha qarama-qarshilikni davom ettirish tarafdori ekanini ko‘rsatmoqda”, deydi vazir.

Uning ta’kidlashicha, Armaniston 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotda ko‘rsatilganidek, o‘z Qurolli kuchlarini Ozarbayjon hududidan to‘liq olib chiqmagan va Ozarbayjon hududida turli harbiy amaliyotlarni, jumladan, piyodalarga qarshi minalarni joylashtirishni davom ettirmoqda.

“Yaqinda Ozarbayjonning Lochin viloyatida Armanistonda 2021 yilda ishlab chiqarilgan ko‘p miqdorda piyodalarga qarshi minalar topildi”, deydi TIV rahbari.

Bayramov bunday vaziyatda Ozarbayjon o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdidni bartaraf etish, hududda restavratsiya ishlarida qatnashayotgan tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun tegishli choralar ko‘rganini ta’kidlagan.

“Baku Yerevanni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoniga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiradi”, deydi u nutqining so‘ngida.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

QORABOG'DAGI OTIShMA

Baholaganlar

19

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar