Baku Qorabog‘ armanlariga qarshi genotsid siyosatini davom ettiryapti – Yerevan

Olam

image

Lochin yo‘lagi bilan bog‘liq vaziyat Baku Tog‘li Qorabog‘ armanlariga qarshi genotsid siyosatini davom ettirayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda kecha, 14 dekabr kuni Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan BMT Xavfsizlik kengashining “Islohot qilingan ko‘p tomonlama munosabatlarning yangi yo‘nalishi” mavzusidagi yig‘ilishida ma’lum qildi. 

“Mana uchinchi kundirki, Ozarbayjon xalqaro majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgan holda, yagona “hayot yo‘li” bo‘lgan Lochin yo‘lagini to‘smoqda, shu orqali Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston va tashqi dunyodan uzib qo‘ydi. Ozarbayjon rahbariyati armanlarning huquqlari va xavfsizligi kafolatlarini ta’minlashga tayyor ekanini, hech qanday xalqaro mexanizm yoki hozirlik talab qilinmasligini bildiradi. Hozir bizda mavjud bo‘lgan narsalar bu kafolatlarni qanday tasavvur qilishlarini ko‘rsatadi. Ozarbayjonning Stepanakert bilan huquq va xavfsizlik masalalari bo‘yicha muloqot qilishdan bosh tortishi bilan bir qatorda, bu pozitsiya Baku Tog‘li Qorabog‘ armanlariga qarshi genotsid siyosatini davom ettirayotganidan dalolat beradi”, deydi Mirzoyan. 

Armaniston TIV rahbarining ta’kidlashicha, Ozarbayjon Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini normallashtirish jarayonida ham, Tog‘li Qorabog‘ masalasida ham turli ko‘p tomonlama formatlarda erishilgan o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortmoqda. 

“Ozarbayjon rahbariyatining harakatlari, jangari ritorikasi va ekspansionistik yondashuvi mintaqada tinchlik va barqarorlikka erishish imkoniyatiga jiddiy tahdid solmoqda. Tog‘li Qorabog‘ aholisining huquqlari va xavfsizligi masalasi hal qilinishi kerak. Tog‘li Qorabog‘ xalqi o‘z vatanida munosib, tinch-totuv yashashi kerak”, deydi vazir.

Joriy yilning 12 dekabr kuni o‘zini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yagona yo‘l bo‘lgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Yerevan bu qadamni rasmiy Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi.

Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari Qorabog‘ viloyatidagi Shusha-Lochin yo‘lida rossiyalik harbiylarning vaqtinchalik nazorati ostidagi hududlarni kuzatish taqiqlanganini qoralagan mitingni hamon davom ettirmoqda. 

Faollar ekologik terror, konlardan noqonuniy foydalanishga qarshi shiorlar aytmoqda, Rossiyaning Qorabog‘dagi harbiy kontingenti qo‘mondoni Andrey Volkov bilan uchrashishni talab qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing