Baku Armanistonga qarshi da’vo qo‘zg‘atishini ma’lum qildi
Olam
−
28 dekabr 2021
4249Ozarbayjon yaqin vaqt ichida Qorabog‘ning Baku nazoratiga o‘tgan hududlarida atrof-muhitga yetkazgan zarari va energiya resurslaridan noqonuniy foydalangani uchun Armanistonga qarshi xalqaro sudlarga da’vo qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov ma’lum qildi.
“Yaqin kelajakda Ozarbayjon xalqaro arbitrajga Armanistonga qarshi bir qancha konvensiyalar, birinchi navbatda, atrof-muhitga yetkazilgan zarar, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq da’volar yuzasidan murojaat qiladi”, degan vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu 2022 yilda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi oldida turgan vazifalardan biridir.
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Armaniston BMT Xalqaro sudida Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga muvofiq Ozarbayjon bilan sud jarayonini boshladi. Da’vo arizasida Ozarbayjonga qarshi o‘nlab yillar davom etgan va 2020 yil kuzida Tog‘li Qorabog‘ ustidagi qurolli mojaro chog‘ida kun tartibiga chiqqan irqiy kamsitish ayblovlari bor. Ozarbayjon 23 sentyabr kuni Armaniston ozarbayjonliklarni qarshi milliy va etnik kelib chiqishiga ko‘ra kamsitgani va bu holat davom etayotganini bildirib, qarshi da’vo bilan chiqdi. Ikkala tomon ham yetkazilgan zararni qoplash va sud jarayoni davomida vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun vaqtinchalik choralarni qo‘llashni talab qildi.
7 dekabr kuni BMT Xalqaro sudi Ozarbayjon va Armanistondan ikki davlat o‘rtasida irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani buzganligi bo‘yicha sud jarayoni davomida vaqtinchalik chora sifatida irqiy adovat qo‘zg‘atilishining oldini olishni talab qildi. Hukmga ko‘ra, har ikki tomon kelishmovchilikni chuqurlashtirishi yoki nizoni hal qilishni murakkablashtiradigan harakatlardan o‘zini tiyishi kerak.
LiveBarchasi