Margaret Tetcher–Baqqollik do‘konining tomida ulg‘aygan temir iroda
Tahlil
−
15 avgust
8679Robertsning ko‘rish qobiliyatida muammo bor edi. Tirikchilik dardida har ishga qo‘l urayotgan bola shu kamchiligi tufayli poyabzal tikish bilan shug‘ullana olmadi. Biroq baribir nima bilan bo‘lsa-da oilasiga yordam berishi lozim edi va shuning uchun u 13 yoshida maktabni tark etdi. U Norhamptonshirning Oundl shahrida joylashgan baqqollik do‘koniga yordamchi sifatida ishga kirdi. Keyinchalik Roberts Linkolnshirdagi Granthamga ko‘chib o‘tdi va u yerda ham oziq-ovqat do‘konida shogird bo‘lib ishladi. Bu orada Birinchi Jahon urushi boshlandi. Fe’l-atvor jihatidan o‘ta vatanparvar bo‘lgan yigitcha ko‘ngillilar qatorida urushga borish uchun naqd 6 martta ariza topshiradi. Biroq uning ko‘rish qobiliyati pastligi uchun barcha murojaatlar Britaniya armiyasi tomonidan rad etiladi. Granthamga ko‘chib kelganidan 4 yil o‘tib Roberts Beatris ismli qizni uchratadi. Ular 1917 yilda turmush qurishadi.
Vaqt o‘tib u shogird bo‘lib ishlagan oziq-ovqat do‘konini sotib oladi va 1923 yilda o‘zining ikkinchi do‘konini ochadi. Turmushning dastlabki yillarida er-xotin ikki qiz farzandli bo‘lishadi. 1921 yilda oilaning birinchi qizi tug‘ildi. Oradan 4 yil o‘tib esa dunyo Margaret yuzini ko‘radi. Shunday qilib bir paytlar Robertsda mavjud bo‘lgan ko‘z bilan bog‘liq muammo uni urush va katta ehtimol bilan o‘limdan qaytarib qolgan holda jahon siyosatiga o‘ta kuchli shaxsiyat, temir iroda, yuqori salohiyat va asov tabiatga ega Margaret Tetcherni taqdim qiladi.
Kimyogarlikdan siyosiy daholikka qadam
Bo‘lajak Bosh vazir otasining baqqollik ishlari asta-sekin rivojlanayotgan bo‘lishiga qaramay, oiladagi yashash sifati havas qilarli darajada emasdi. Ular o‘zlariga qarashli baqqollik do‘konining ustidagi juda tor uyda istiqomat qilishardi. Uyda suv va markaziy isitish tizimi bilan bir qatorda hatto yopiq hojatxona ham bo‘lmagan. Biroq taqdir baribir bu oilaga kulib boqqan va Margaretning otasi tadbirkorlik faoliyati bilan bir qatorda siyosiy maydonda ham omadi yurishib ketgandi. U hatto 1940 yillarning o‘rtalarida Grantham shahri meri lavozimini egallaydi.
Margaret siyosatchi bo‘lishni yoshlikdan orzu qilgan. Biroq navbat ta’lim olishga kelganda u Oksford universitetining kimyo fakultetini tanladi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘ngil siyosatda faol bo‘lishni talab qilishdan to‘xtamadi. Bo‘lajak “temir xonim” Oksford universiteti konservativ assotsiatsiyasining birinchi ayol prezidentlaridan biriga aylandi. Bu lavozim juda ham rasmiy bo‘lmasa-da, boshqaruv havosidan nafas olish uchun yaxshi dastlabki qadam edi. Biroq aynan shu omil yosh Margaretning keyinchalik Konservatorlar e’tiboriga tushishi va saylovlarda ularning partiyasida qatnashishda muhim rol o‘ynagan.
Garchi u siyosiy doirada shug‘ullanishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, 1947 yilda o‘qishni tugatgandan so‘ng to‘rt yil davomida turli joylarda kimyogar olim sifatida faoliyat yuritdi. Dastlab plastmassa kompaniyasida tadqiqotchi kimyogar sifatida ishlaganidan so‘ng, Tetcher “J. Lyons and Co.”da oziq-ovqat olimi bo‘lib ishladi va u yerda muzqaymoqqa yuboriladigan havo miqdorini ko‘paytirish usulini o‘ylab topdi. Bu esa keyinchalik kam xarajat va kam ingrediyentlar bilan ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan “Whippy” muzqaymoq brendining yaralishiga olib keldi. Margaret ushbu yillarda siyosatga kirish uchun o‘zining dastlabki jiddiy qadamini tashladi. U birinchi marta 1950 yilda parlamentga nomzodini qo‘ygan holda saylovda qatnashdi, ammo ushbu harakat yakunda muvaffaqiyatsiz tarzda tugadi. Biroq bu hali boshlanishi edi. Uni oldinda turmush va ishda o‘ta omadli davrlar kutayotgandi.
Baxt qushi
Kunlardan bir kun yosh olimaning boshini juda ulkan baxt qushi changallab oldi. U 1951 yilda boy va birinchi turmushidan ajrashgan tadbirkor Denis Tetcherga turmushga chiqadi. Barchasi aslida shu lahzalardan boshlangan. Bu voqeadan so‘ng Margaret darhol ilmiy faoliyatdan voz kechadi. Keyinchalik “temir xonim” o‘zining televizion intervyularidan birida hayotining ushbu burilish nuqtasini “men laboratoriyada uzoq vaqt qolishni yoqtirmasdim, meni odamlar bilan ishlash ko‘proq qiziqtirardi” deya eslaydi.
1953 yilda endilikda Tetcher familiyasini qabul qilgan yosh Margaret egizak farzandlarni dunyoga keltiradi. Ona bo‘lganidan bir yil o‘tib u o‘zi xohlagan “odamlar bilan ishlash” istagini amalga oshirishni boshlaydi. Biroq bu faoliyat hali siyosiy maydonda emas, balki yuridik sohada olib borildi. Tetcherning yangi ishi soliq qonunchiligiga ixtisoslashgan advokatlik edi. Margaret Tetcherning turmush o‘rtog‘i Denis uning siyosiy ambitsiyalarini qo‘llab-quvvatladi. Biznesmen o‘z rafiqasini parda ortida turgan holda unga o‘ta mustahkam suyanchiq vazifasini o‘tadi. Bu jarayon ularning butun turmushi va Tetcherning siyosiy faoliyati hamda uning Bosh vazirlik kursisida o‘tirgan yillarida ham davom etdi. Butun dunyo Margaret va uning siyosiy faoliyatini muhokama qilar ekan, “temir xonim”ning asl chilangari bo‘lgan Denis Tetcherni ko‘p hollarda mavzudan chetda qoldirishadi.
Biroq haqiqat shuki, Margaretning hokimiyatga kelishi, XX asrda ketma-ket uch muddatga g‘alaba qozongan yagona Britaniya bosh vaziri bo‘lgani, 1827 yildan beri Britaniyaning eng uzoq vaqt davomida doimiy Bosh vazirlik kursisida qolgani va Uinston Cherchilldan keyingi mamlakatning eng mashhur siyosiy rahbari sifatida tarixda qolishida Denis Tetcher hal qiluvchi rolni o‘ynagan. Buni Tetcher xonim ham o‘z memuarida tan olgan. U agar Denis yonida bo‘lmaganida hech qachon 11 yil davomida Bosh vazirlik maqomida mustahkam tura olmasligini o‘zining tarjimai holida yozib o‘tgan. Shuningdek, Margaret ushbu tarjimai holida o‘z juftini “aqlli maslahatlar fondi” deya ta’riflagan. Lekin katta ehtimol bilan Denis Tetcher “temir xonim” uchun nafaqat maslahatlar fondi vazifasini bajargan, balki uning saylov kompaniyalarida asosiy moliyaviy donor ham bo‘lganligi ehtimoli yuqori. Xulosa qilib aytganda, tadbirkor er siyosatchi xotin uchun hokimiyat tepasiga chiqish uchun mustahkam narvon vazifasini o‘tagan.
Boshqaruvga kelish
Turmushdagi barcha masalalarni taxt qilgan Tetcher xonim parlamentga kirishga qattiq bel bog‘laydi. Va nihoyat, o‘zining dastlabki urinishidan 9 yil o‘tib, 1959 yilda Jamoalar palatasiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bungacha bo‘lgan vaqt davomida Margaret ikki bor saylovda o‘z nomzodi bilan ishtirok etgan va ikkisida ham imkoniyatni boy bergan. Biroq bunda asosiy sabab hudud bilan bog‘liq edi. Xususan, u 24 yoshida 1950 yilgi saylovlar chog‘ida Jamoatlar palatasi deputatligiga nomzod bo‘lgan eng yosh nomzod edi. Tetcher bu masalada keskin kurashga duch keldi. U qatnashgan saylov okrugida ovoz beruvchilar muxolifatdagi Leyboristlarga moyil bo‘lganligi sababli Margaretga omad biroz yetishmadi. Shunday bo‘lsa-da, u ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi. Bir yil o‘tib bo‘lajak siyosiy daho Dartford okrugida yana yutqazdi.
Turmush va yuridik sohadagi faoliyati tufayli siyosiy maydonda biroz tin olgan temir xonim o‘z orzusidan voz kechmadi. U avvalgi xatolaridan xulosa qilgan holda saylov okrugini almashtirdi va yuqorida ta’kidlaganimizdek 1959 yilda Londonning shimolidagi Finchli konservativ okrugida o‘z nomzodini qo‘yganidan so‘ng nihoyat parlamentdan o‘rin egalladi.
U partiya ichida barqaror o‘sish ko‘rsatgan holda bir qancha lavozimlarda faoliyat yurita boshladi. “Temir xonim” 1961–64 yillar mobaynida Nafaqa va milliy sug‘urta vazirligida parlament kotibi bo‘lib ishladi. Keyinchalik ma’lum tanaffusdan so‘ng 1969–70 yillarda muxolifatning ta’lim bo‘yicha bosh vakili, undan so‘ng bir yil davomida ta’lim va fan bo‘yicha davlat kotibi lavozimlarida faoliyat olib bordi. Va nihoyat, Tetcher 1975 yildan boshlab Konservatorlar partiyasiga rahbarlik qilishni boshladi. Bu uning siyosiy yurishlaridagi yangi bosqich edi. Sababi partiya rahbari sifatida bir kun kelib bosh vazirlik kursisiga nomzod sifatida taqdim qilinish ehtimoli yuqori hisoblanadi. Shunday ham bo‘ldi va 1979 yilda granthamlik baqqolning qizi yaqin o‘tmishda sayyoraning eng qudratli davlati maqomini uzoq vaqt o‘zida saqlab kelgan Buyuk Britaniyaning siyosiy rahbari lavozimiga saylandi. Eng qizig‘i, u bunday saylovlarda umumiy hisobda yana ikki marotaba 1983 va 1987 yillarda ham g‘alaba qozongan holda Birlashgan Qirollik va uning mamlakat hududidan tashqaridagi hududlarini boshqardi.
Uning bu yutug‘ida ko‘plab omillar muhim rol o‘ynagan. Xususan, Tetcher bosh vazir etib saylanishidan oldin juda kuchli antikommunistik qarashlarga ega ekanligi bilan qolgan opponentlaridan ajralib turardi. Ushbu mavzudagi keskin nutqlari uning siyosiy imijiga ancha ijobiy ta’sir qildi. Bundan tashqari, u Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotini (NATO) va Britaniyaning mustaqil yadroviy siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatladi. Bu pozitsiya saylovchilar orasida juda ijobiy qabul qilindi va kelgusida “temir xonim”ning muvaffaqiyatlarini ta’minlab berdi.
O‘jar islohotchi
Margaret Tetcher hokimiyat tepasida turgan 11 yil davomida bir qator islohotlar o‘tkazgan va uning o‘sha davrda ham hozir ham eng ko‘p tilga olinadigan tahsinga sazovor ishi bu davlatning iqtisodiyotga aralashuvini keskin darajada cheklash bo‘ldi. U davlatning iqtisodiyotga, jumladan, davlat korxonalarini xususiylashtirish va davlat uy-joylarini ijarachilarga sotishidagi haddan tashqari ortiqcha aralashuviga chek qo‘ydi. Bu bozor iqtisodiyotining eng asosiy talablaridan biri edi. Kapitalistik dunyoda Tetcherning bu harakati iqtisodiyotda statizmdan liberalizmga o‘tish deb nomlanadi. Mazkur islohot zo‘riqishlarsiz o‘tmadi. Davlat byudjetiga kanadek tirmashib olgan qator boqimonda korxonalardan voz kechildi. Oqibatda esa ishsizlik ikki barobarga ko‘paydi. Shu o‘rinda inflyatsiya ham bor-yo‘g‘i 14 oy ichida ikki barobarga oshgan holda, ishlab chiqarish sanoati keskin pasaydi. Garchi birinchi muddat tugagunga qadar inflyatsiya pasaygan va ishlab chiqarish ko‘paygan bo‘lsa-da, ishsizlik o‘sishda davom etdi va 1986 yilda uch milliondan oshdi.
Biroq bu kabi orqaga ketishlar Tetcherni o‘z yo‘lidan qaytarmadi. Uning davrida ichki siyosatda asosiy e’tibor xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Bundan tashqari, u inflatsiyaga qarshi kurashishni o‘zining asosiy vazifasi etib belgilagandi. Tetcher ikkinchi mandati davomida Buyuk Britaniyaning Yevropa hamjamiyati bilan munosabatlari bo‘yicha juda ham prinsipial qarama-qarshilik bilan ajralib turdi. 1984 yilda u qattiq qarshiliklar ostida Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi byudjetiga qo‘shgan hissasini keskin kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi. 1987 yildagi uchinchi saylovdagi g‘alabasidan so‘ng u Yevropa integratsiyasiga nisbatan tobora dushmanona munosabatda bo‘ldi. Tetcher doimiy ravishda yagona valyutaga va chuqurroq siyosiy ittifoqqa qaratilgan “federalistik” kontinental tendensiyalarga qarshilik ko‘rsatdi.
Tetcherning kasaba uyushmalari bilan kechgan o‘zaro jangi esa bu alohida mavzu. Tetcher 1978-79 yillar qishidagi olti haftalik ishtashlashlar davomida mamlakatni to‘xtatib qo‘ygan kasaba uyushmalarini jilovlashga va’da berib, lavozimga kirdi. Uning hukumati kasaba uyushmalarining ishtashlashlarni tashkil etish va uyushtirish qobiliyatiga putur yetkazish uchun bir qator chora-tadbirlarni joriy qildi. Chunki kasaba uyushmalari juda keng ko‘lamdagi ishtashlashlarni tashkil qilish orqali mamlakat iqtisodiyotini “koma” holatiga tushirib qo‘yayotgandi. Uning bu sohadagi islohotlari kasaba uyushmalaridan ish tashlashni buyurishdan oldin unda qatnashuvchi a’zolar ro‘yxatini so‘rash, hamdardlik ishtashlashlarini taqiqlash va kasaba uyushmalari tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning a’zolarini javobgarlikka tortish kabilardan iborat edi. Bu islohot Tetcherning qat’iyatliligi tufayligina o‘z samarasini berdi.
Xususan, 1984 yilda konchilar milliy uyushmasi hukumat samarasiz deb da’vo qilgan 20 ta ko‘mir konlarining yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun umummilliy ishtashlashni boshladi. Taxminan bir yil davom etgan ishtashlashlar ko‘p o‘tmay konservativ hukumat va kasaba uyushmalari harakati o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurashning timsoliga aylandi. Tetcher ittifoq talablarini qondirishdan qat’iy bosh tortdi va oxirida u g‘alaba qozondi. Bu esa konchilarni birorta ham imtiyozga ega bo‘lmay, o‘z ish joylariga qaytishiga sabab bo‘ldi.
“Cheklov xonim”
Temir xonim iqtisodiy reformalar bilan bir qatorda ijtimoiy sohani ham unutmadi. Lekin bu sohadagi u tomonidan qilingan yangiliklar omma uchun salbiy ahamiyatga ega cheklashlar bilan esda qoldi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy-joy kabi ijtimoiy xizmatlarga xarajatlar qisqardi. Keyingi cheklov shubhasiz katta tavakkalchilik edi. Xususan, u kasaba uyushmalariga nisbatan bir qancha huquqiy cheklovlar o‘rnatgani haqida aytgandik. Bu esa aholining eng katta qismini tashkil qiluvchi oddiy ishchi qatlam bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv bo‘lishini anglatardi. Biroq bu holatda Tetcher o‘zining haqiqiy temir irodasini namoyish qildi.
Bosh vazir lavozimiga kelmasidan oldin ham Tetcher kamchiqimlik va limitlar borasida siyosiy elita orasida nom qozongan. Bunday harakatlaridan biri unga hatto o‘ziga xos laqab ham olib kelgan. Sovet gazetasi uni 1976 yilda kommunizmga qarshi chiqqan keskin nutqidan keyin “Temir xonim” deb ataguniga qadar Tetcher g‘alati laqab bilan tanilgan edi. U ta’lim bo‘yicha kotib bo‘lib xizmat qilganida, byudjet xarajatlarini qisqartirish uchun 7 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari uchun bepul sut dasturini tugatadi. Bu ishidan so‘ng siyosiy muxoliflar va ommaviy axborot vositalari uni “sut yutuvchi” deb atashgan, “The Sun” gazetasi esa unga “Britaniyadagi eng nomaqbul ayol” degan tamg‘a bosgandi.
Tetcherga hokimiyatni qaytarib bergan urush
Mamlakat aholisining katta qismini tashkil qiluvchi ishchilar manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalariga qarshi kurash Tetcherni hokimiyatdan qulatishga bir baxya qolgandi. Bunga esa ishsizlik sonining ortishi va inflatsiyaning yuqorilashi ham qo‘shilgandi. 1983 yilgi umumiy saylovlardan oldin, Tetcherda o‘z legitimligini saqlab qolish muammosi paydo bo‘ldi. Saylov yili yetib kelmasdan bu masalani zudlik bilan hal qilish lozim edi. Tez orada muammoning yechimi ham topildi. Bu yechim esa Folklend orollarida edi.
Britaniyaning o‘sha paytdagi siyosiy xarakteriga mutlaqo zid bo‘lsa-da, ular o‘sha paytda o‘zlarining eski va qadrdon mustamlakachilik tuzumlarini qo‘msab qolishdi. To‘g‘ri, Folklend masalasi shunchaki o‘ylab topilgan emas va bu kelishmovchilik ancha oldin mavjud bo‘lgan. Biroq aynan saylovdan bir yil oldin ushbu mojaroni hal etish xohishi paydo bo‘lganligi bir tomondan juda qiziq. Nima bo‘lgan taqdirda ham, 1982 yilda Argentina bilan olib borilgan urushda Britaniya o‘zining tarixdagi kolonial tafakkurini namoyish qilgan holda urushda g‘alaba qozondi va mazkur natija keyingi saylovlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.
Cho‘qqidagi so‘nggi nafas
Boshqa siyosatchilar singari Margaret Tetcherning ham faoliyati oq va qora sahifalarga bo‘linadi. Tetcher hukmronlik yillarida Britaniya uchun o‘zi to‘g‘ri deb bilgan va qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirdi. Xususan, u hukumat rahbarligiga kelmasdan oldin mamlakatdagi o‘rtacha umr ko‘rish yoshi erkaklar uchun 70 va ayollar uchun 76 yilni tashkil qilgan bo‘lsa, 1990 yilga kelib har ikki jins vakillari uchun o‘rtacha umr ko‘rish 3 yilga ko‘payadi. Aholi umrining uzayishi tibbiyot yaxshilangani va iqtisodiyot o‘sishi bilan bog‘lanishini hisobga oladigan bo‘lsak, Tetcher 11 yilni bekor o‘tkazmagan. Ammo uning islohotlari har doim ham samara beravermagan va o‘zi bilan jiddiy oqibatlarni yetaklagan. Masalan, Britaniya fuqarolari o‘rtasidagi tengsizlik va qashshoqlikning o‘sishini “temir xonim”ning gardaniga yuklasak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Masalan, Fiskal tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Tetcher davrida qashshoqlik oshgan. 1979 yilda past daromadli aholi 13 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 1990 yilga kelib bu ko‘rsatkich 22 foizga yetadi.
Shunday qilib, hokimiyatdagi dastlabki yillarda soliqlarni tushirgan Tetcher, keyinchalik bu masalada to‘nini teskari kiydi. 1989 yilda so‘rov solig‘ining joriy etilishi ko‘cha zo‘ravonliklarining avj olishiga olib keldi. Bu soliq mamlakat aholisining ovoz berish yoshiga yetgan aholisidan undiriladigan to‘lov edi. Mazmunan juda ajablanarli va shaklan saylovda qatnashish uchun mulk senzini eslatib yuboruvchi qarorning qabul qilinishi “temir xonim”ning tagiga suv quydi. Ommaviy so‘rovning ma’qullamaganligi va Tetcherning tobora keskin ohangi tufayli parlamentning konservativ a’zolari 1990 yil noyabr oyida unga qarshi chiqdi. Garchi u o‘zining eng katta raqibi, sobiq mudofaa vaziri Maykl Xeseltinni 204 ovoz bilan mag‘lub etgan bo‘lsa-da, hokimiyatdagi umri o‘z nihoyasiga yetib borayotganini ich-ichidan his qilgan Tetcher 22 noyabr kuni Konservativlar partiyasi rahbari va bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shunday qilib, baqqollik do‘konining ustida dunyoga kelgan va o‘z ishini kimyogar olimalikdan boshlab, keyinchalik 11 yil davomida o‘sha davrda dunyoning eng kuchli uch davlatidan biri sifatida ko‘rilgan mamlakatning siyosiy rahbari haqidagi hikoya o‘z nihoyasiga yetdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Tetcher ayol boshi bilan siyosiy iqtidorda juda uzoq qoldi. U bu mavqeda shunchaki turmadi, balki faoliyati davomida dunyo siyosatining ob-havosiga ancha ta’sir ham qildi. Ammo har bir startning o‘z finishi bor. Boshqaruv tepasidagi kursining esa doimiy egasi yo‘q. Tetcher ham siyosat o‘rmonidagi ushbu oltin qoidalardan mustasno emasdi.
LiveBarchasi