Bag‘dodda vaziyat keskinlashyapti. Qurbonlar 30 nafarga yetdi

Olam

image

Iroq poytaxti Bag‘dodda qurolli to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lganlar 30 nafarga yetdi. Bu haqda “Al Hadath” telekanali xabar berdi.

Iroqning “Rudaw” telekanaliga ko‘ra, to‘qnashuvlarda kamida 380 kishi jarohatlangan.

Bugun, 30 avgust kuni ertalab Bag‘dodning hukumat idoralari va xorijiy elchixonalar joylashgan “yashil zonasi”ga raketa hujumlari sodir etilgani haqida xabarlar keldi. “Sky News” Arabia”ning xabar berishicha, to‘rtta raketa bilan zarba berilgan.

“Al Arabiya” telekanalining seshanba kuni xabar berishicha, Iroq parlamenti binosi joylashgan hududda RBG-6 granatomyotlaridan foydalanilgan.

“Al Jazeera” telekanaliga ko‘ra, bugun kechqurun Iroqdagi hukumat vakillari va qator siyosiy kuchlar rahbarlari “Yashil hudud”da o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan, biroq erishilgan kelishuvlar haqida ma’lumot berilmagan.

Ma’lumot uchun, kecha, 29 avgust kuni siyosatdan ketishini e’lon qilgan shia imomi Muqtado as-Sadrning yuzlab tarafdorlari Iroq poytaxtidagi “yashil hudud”ni egallab, Respublika saroyini o‘rab olib, binoga kirishdi. Butun mamlakat bo‘ylab joriy qilingan komendantlik soatiga qaramay, Iroq poytaxti va qator mintaqalarida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Bag‘dodga qo‘shin ham kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida Bag‘dodda Muqtado as-Sadr tarafdorlarining norozilik namoyishlari qayta boshlandi. Namoyishchilar bir necha marta parlament binosini egallab oldi. Avgust oyida as-Sadr mamlakat sud tizimini parlamentni tarqatib yuborishga, mamlakat Prezidentidan esa qonun chiqaruvchi organga muddatidan oldin saylovlar sanasini belgilashni so‘ragan edi. Biroq Iroq Oliy sud kengashi buni rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

182

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing