Azon.uz bosh muharriri ishdan ketdi. Tahririyat bosimga uchragan

Jamiyat

image

Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak (Abdulaziz Raimov) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo‘layotgani haqida xabar berdi. Bosh muharrir ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgan. Bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kecha, 3 fevral kuni sayt muassisi Mubashshir Ahmad yig‘ilish o‘tkazib, nashrda e’lon qilingan “Qorilar mahallasi” – Prezidentning taklifi ahli ilmlarni to‘lqinlantirib yubordi” va “Shavkat Mirziyoyev diniy sohada qanday erkinliklarni qaytardi?” nomli maqolalarni olib tashlashni aytgan. 

Abdulaziz Muborakning qayd etishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev Mubashshir Ahmadga qo‘ng‘iroq qilib, yuqoridagi maqolalar uchun juda qattiq haqorat va tahdid qilgan. 

“Shunday haqoratlarki, uni aytish tilga, eshitish quloqqa og‘irlik qiladi. Men domlaning gaplariga ko‘nmadim (maqolalarni o‘chirtirmadim), chunki har ikki maqolada ham muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar yoritilgan, ya’ni bir so‘z bilan aytganda, siyosatga qarshi emas, aksincha, uni qo‘llab-quvvatlaydigan fikrlar yozilgandi”, deyiladi Abdulaziz Muborakning murojaatida.

Unga ko‘ra, avvallari ham bir necha maqolalar Dilshod Eshnayevning qo‘ng‘iroqlari orqasidan saytdan o‘chirilgan.

Maqsad-muddao ne?

Bunaqa turishda Yangi O‘zbekiston degan gapning ma’nisi qayerda qoladi?

Nahotki, prezidentning tashabbuslari haqida yozish ayb, gunoh, xato bo‘lsa?!

Bu davlatimiz rahbarining ochiqlik, oshkoralik siyosatiga zid emasmi?

Yo yurtboshimiz aytayotgan, dindor xalqimizni umidlantirayotgan siyosatlar til uchidagi gaplar, xolosmi?

Mubashshir Ahmad domla yig‘ilishda bizni qattiq urishdilar. Aybimiz – so‘nggi paytlarda prezidentimizning gaplariga, tashabbuslariga katta urg‘u berib yuboribmiz. Men u kishini tushunaman, bundan xafa emasman, faqat o‘zi shundoq ham yomon sog‘liqlaridan xavotirdaman.

Kamina bosh muharrir sifatida Azon.uz saytida o‘z e’tirozlarimizni bildirmoqchi bo‘ldim, ammo... bunga ruxsat berishmadi...

Pichoq borib suyakka yetdi...» deb yozadi Abdulaziz Muborak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bu holat bo‘yicha alohida bayonot bilan chiqdi

Agentlik doimgidek davlat organlari va ommaviy axborot vositalarini qonunchilikda ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar hamda o‘rnatilgan talablarni hurmat qilgan holda o‘zaro munosabatlarga kirishishga chaqirgan. Shuningdek, davlat idoralarini jurnalistlarga nisbatan bosim o‘tkazmaslik, tahririyat xodimlarini esa jurnalistlik odob-axloq qoidalariga amal qilishini so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

359

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing