Ajabo! “Netflix" “Kalmar o‘yini”ni hayotda o‘tkazmoqchi

Olam 8020

Amerikaning “Netflix” striming platformasi Janubiy Koreyaning “Kalmar o‘yini” serialidagi voqealar asosida maxsus realiti shou o‘tkazmoqchi. Ushbu shou uchun kasting allaqachon e’lon qilingan. Bu haqda kompaniya rasmiy xabar bergan.

Janubiy Koreya serialidagi kabi, yangi loyiha mualliflari 4,56 million dollar mukofot uchun kurashadigan 456 nafar ishtirokchini bir tom ostida to‘plamoqchi.

“Mukofot katta, lekin bu o‘yinda eng yomon taqdir uyga quruq qo‘l bilan qaytishdir”, deyiladi xabarda.

Realiti shouning shartlari serialdagi kabi bo‘ladi. “Netflix” shou ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘i, serialdan farqli o‘laroq, xavf ostida qolmasligiga ishontirmoqda. 

Ishtirokchilar uchun kasting e’lon qilingan. Buning uchun hatto maxsus veb-sayt ham ishga tushgan. Nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talab – ingliz tilini bilish.

Realiti shouning birinchi mavsumi “Squid Game: The Challenge” nomi bilan taqdim etiladi va 10 ta epizoddan iborat bo‘ladi.

“Kalmar o‘yini” seriali “Netflix”ning eng muvaffaqiyatli loyihasi sifatida tan olingan. Serial kinorejissyor Xvan Don Xyok tomonidan ishlangan. Uning premerasi 2021 yilning 17 sentyabr kuni Netflix platformasida bo‘lib o‘tgan. Serial 25 kun davomida 111 milliondan ortiq tomosha qilinib, dunyoning 94 davlatida top-10 talikda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 0
Reyting: 3
t
×