Ayrim matbuot kotiblarini hokim yo vazirning “byudjet mablag‘laridan yollangan shaxsiy jurnalisti” deb atash kerak – Shayxov

Jamiyat

image

Matbuot kotiblari byudjetdan oylik olyaptimi, demak ular nafaqat vaziri yoki hokimiga, balki jamoatchilikka ham xizmat qilishi kerak. Bugun jamoatchilik bilan aloqa o‘rnatmagan, ommaviy axborot vositalaridagi tahlil va muammoli maqolalarga javob bermay kelayotgan matbuot kotiblari hisobot davrida AOKA tomonidan “Yilning eng yaxshi matbuot kotibi” sifatida e’tirof etilishi – qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Bu haqda QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov kecha, 9 iyul kuni “Yuksalish” umummilliy harakatida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi birinchi yig‘ilishida so‘z ochdi. 

Yig‘ilishda qo‘mitaning joriy yilning ikkinchi yarmidagi faoliyat rejasi va ekspertlar guruhi tasdiqlandi. Ekspertlar guruhidan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov ham o‘rin olgan. 

"Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi bugungacha axborot sohasida faoliyat yuritgan boshqa tashkilotlardan o‘zining keskin yuki bilan farq qiladi va biz bundan umid qilyapmiz. Ochiqlik siyosati, davlat idoralaring ochiqligi, matbuot kotiblarining faoliyati haqida ko‘p gapirilyapti. Biz, jurnalistlar ham bir necha yillardan buyon Axborot xizmati hokimning advokati bo‘lib qolmasligi kerak, degan fikrni ta’kidlab kelyapmiz va hamon bu fikrda sobitmiz”, deydi Qamariddin Shayxov.

Yig‘ilishda qo‘mita raisining o‘rinbosari Farhod Boqiyev, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov qatnashib, kelgusida qo‘mita faoliyatini yuritish, davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash me’zonlarini ishlab chiqish va bu bo‘yicha hisobotlar yakunida ochiqlik siyosatiga qarshi ishlagan matbuot kotiblarga dakki berish yoki yaxshi ishlaganlarni rag‘batlantirish nazarda tutilayotganini ta’kidladilar. 

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov davlat idoralari matbuot kotiblarini baholashning bugungi tizimi samarasiz ekani, OAV bilan umuman hamkorlik qilmay, ularning tanqidlari va muammoli maqolalalariga javob bermay kelayotgan matbuot kotiblari yil yakunida AOKA tomonidan “Yilning eng yaxshi matbuot kotibi” sifatida e’tirof etilishi tushunarsiz va islohotlarga qarshi holat ekanini aytdi. Shuningdek, u barcha ishlarni avvalo Senatning o‘zidan boshlash kerakligini urg‘uladi. 

“Matbuot kotiblarini baholash me’zonlari to‘g‘risida so‘z bordi. "Baliq boshidan" degan gap bor xalqimizda. Aslini olganda, Senat, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining o‘zi OAVga qanchalik ochiq? Masalani birinchi navbatda shu tarafdan ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Chunki, Senat va Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga ham bir necha bor intervyular so‘rab, rasmiy murojaat bilan chiqqanmiz. Ammo, javoblar bo‘lmagan. Bu qonunchilikning buzilishi.

Ikkinchidan, qachongacha matbuot kotiblarining faoliyatini ular bilan ishlashda muammoga duch kelayotgan, savoli javobsiz qolayotgan jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari, biz emas, boshqalar baholaydi? Umuman, bu baholash mezoni qanday? Biz ayrim matbuot kotiblarining nomini aytib, ishlamayapti, yil bo‘yi hech narsa qilmadi, tanqidlarga javob bermayapti, deb ayyuhannos solamiz. Bir tanqidimiz ortidan, savollarimizga yoki xatimizga javob berish nari tursin, butkul telefon raqamimizni bloklab qo‘yishadi. Lekin, ertasi kuni qarasangiz, AOKAda “Yilning eng yaxshi matbuot kotibi” deb mukofotlangan bo‘ladi. Bundaylar ko‘p. Ular o‘zi istagan axborotni tarqatuvchimi yoki jamoatchilikning muammolari bilan ishlab, ularning savoliga javob beruvchimi? Agar ular faqat o‘zi istagan axborotni tarqatsa, ularni Axborot va jamoatchilik bilan aloqalar xizmati emas, hokim yoki vazirning byudjet mablag‘laridan yollangan (!) shaxsiy jurnalisti, deb atash kerak. Boshqa nom bilan emas”, deydi Qamariddin Shayxov. 

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2014 yilda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ijrosini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

48

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made