Ayrim abituriyentlar Fiskal institutga imtihonsiz qabul qilinadi
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
9972Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut va soliq texnikumlari faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Qaror loyihasida belgilanishicha:
• soliq tizimida ishlayotgan va ikki yillik ish stajiga ega bo‘lgan soliq texnikumlar, shu jumladan Farg‘ona, Toshkent, Buxoro soliq kollejlari bitiruvchilari institutning bakalavr yo‘nalishiga kirish imtihonlarini topshirmasdan suhbat asosida o‘qishning ikkinchi yilidan boshlab o‘qishga kontrakt asosida qabul qilinadi;
• iqtidorli talabalar uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grantlar ajratiladi (keyingi o‘rinlarda – Maxsus jamg‘arma);
• Institut talabalari va soliq texnikumlari o‘quvchilarining kunduzgi ta’lim o‘qish davri soliq organlariga ishga joylashgan taqdirda ish stajiga qo‘shiladi;
• soliq organlari xodimlarining Institutda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini o‘qishi Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan pullik asosda amalga oshiriladi;
• o‘qishning bakalavr yo‘nalishini muvaffaqiyatli yakunlagan institut bitiruvchilari iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi davlat organlari va tashkilotlarida ish bilan ta’minlashlari kafolatlanadi;
• soliq texnikumlari xarajatlari Davlat byudjet mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi asosida o‘qitishdan, kontrakt to‘lovlaridan, Davlat soliq qo‘mitasining byudjetdan tashqari mablag‘laridan hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi va mazkur mablag‘lar shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi;
• Institut xarajatlari Maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, to‘lov-kontrakt asosida tushgan mablag‘lar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi va mazkur mablag‘lar bank hisobvaraqlarida jamlanadi.
Loyiha muhokamasi 2021 yil 7 yanvargacha davom etadi.
Ma’lumot uchun, Fiskal instituti va Buxoro, Farg‘ona hamda Toshkent soliq texnikumlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi huzurida fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan edi.
LiveBarchasi