Ayrim aholi toifalarini majburiy emlash qonuniylashtirilmoqda
Jamiyat
−
27 iyul 2021
7503O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Mehnat kodeksining 113-moddasi va “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning ma’lum qilishcha, hozirda qonun loyihasi Senatga yuborilgan.
Qonunga ko‘ra, bundan buyon shifokor ruxsatiga qaramasdan emlanishni rad etgan xodim ish beruvchi tomonidan maoshini saqlamasdan ishdan chetlatilishi mumkin bo‘ladi.
Mehnat kodeksining amaldagi talqiniga ko‘ra, quyidagi hollarda xodim ish haqi saqlanmagan holda ishga qo‘yilmaydi:
113-modda. Ishdan chetlashtirish
Xodimni ishdan chetlashtirishga, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi.
Alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida ishga kelgan xodim shu kuni (smenada) ishga qo‘yilmaydi.
Xodim majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan yoki o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari bo‘yicha tibbiy komissiya tavsiyalarini bajarmagan taqdirda, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqlidir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevning “O‘zbekiston Respublikasi aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida” qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, 14 ta toifadagi aholining koronavirusga qarshi emlanishi shartligi belgilandi.
LiveBarchasi