XQQ mardikor ayollar haqida bayonot berdi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2019
3867Joriy yilning 17 sentyabr kuni qator nashrlarda ayollar mardikor bozorlaridan lavhalar berildi. Bu videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarni bir zumda aylanib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Bayonotda bu muammo davlat va jamoat tashkilotlari e’tiboridan chetda emasligini, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi mazkur muammoni bartaraf etish yuzasidan bir nechta loyihalar ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi.
“Bir kunlik mehnat bilan shug‘ullanishni hamda shu yo‘l orqali ro‘zg‘or tebratishni istaydigan ayollarga qulaylik yaratishni ko‘zda tutuvchi loyihaning pilot varianti tez orada Yashnobod tumanida ishga tushirilishi mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va “JOB CAFE” mas’uliyati cheklangan jamiyatining vaqtinchalik-bir martalik ishlarni bajaruvchi xotin-qizlarning mehnat faoliyatini tartibga solish sohasidagi loyihasini amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rilmoqda.
Yana bir loyihamiz huquqshunos Shahlo Sharipovaning aynan mardikor ayollar mehnatini madaniylashtirish, rasmiylashtirish, ish beruvchi bilan ish izlovchi o‘rtasida vositachi bo‘lishga qaratilgan “Madadkor ayol” innovatsion loyihasidir.
Aytish kerakki, globalizatsiya davrida mehnat migratsiyasi kun sayin yangilanib boraverishi tabiiy. Biz o‘nlab ayollarni viloyatiga qaytarib jo‘natsak, muammolar va turli qiyinchiliklar sababli yuzlab ayollar yana mardikor bozorlarini to‘ldirishaveradi.
Shu bois o‘tgan davrlardagi — ish izlab poytaxtga kelgan ayollarni yoppasiga o‘z hududiga qaytarib yuborish “amaliyoti” allaqachon eskirganligi inobatga olinib, ish izlab yurgan ayollarning takliflarini ham olish maqsadida davra suhbatlari tashkil etildi”, deyiladi Qo‘mita axborotida.
LiveBarchasi