Aybim hokimiyatga ishonganim – “Tashkent City”dan quvilganlar
Tahlil
−
22 avgust
19443Hammaga yaxshi tanish bo‘lgan “Tashkent City” bundan 7 yil avval hovli uylardan iborat eski mahalla edi. Bu yerlar Toshkent shahrining “O‘qchi Olmazor” massivi bo‘lib, undagi 556 ta turarjoyda 1297 ta oila doimiy yashab kelgan. 2015 yilgi xatlovga ko‘ra, yana 979 ta oila doimiy ro‘yxatda bo‘lgan.
2017 yili davlat rahbariyati tomonidan ushbu hududda “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi munosabati bilan O‘qchi massividagi uylar buzildi. Odamlarga Yashnobod tumanida yangi qurilayotgan uylardan olib berish va’da qilinib, yashab turgan joylari bo‘shatildi. Aftidan, hukumat bergan va’dasini bajarmagan ko‘rinadi. QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilgan fuqarolar 7 yildan buyon buzilgan uy o‘rniga shahar hokimiyati turar joy berishini kutib yashamoqda.
“Mana shu Olmazor mahallada tug‘ilib o‘sganman, hozirgi “Tashkent City”. Mening uyim avvalroq buzilgan. 2007 yilda Koreya kompaniyasi tomonidan u yer bu yerdan buzilish boshlangan. O‘sha mahalda bizga kompensatsiya ajratmoqchi bo‘lishgan. Kompensatsiya masalasi hal bo‘ladigan paytda kompaniyani prokuratura “bosgan”. Shu bilan to‘xtab qoldi, pul berilmadi. 5 yildan keyin Koreya kompaniyasidan Shayxontohur tuman hokimligi yerni qaytarib oldi. 2015 yilda yana buzilish to‘g‘risida qaror chiqdi. Shunda menga hokimiyat qaytadan hujjat tayyorlash kerakligini, komissiya uni ko‘rib chiqishini aytishdi, negaki mening uyim oldinroq buzilib ketgan”, deydi Bahodir aka.
Xuddi shu holat Isroil Shamsimatovda ham kuzatilgan. Unga ham mas’ullar uy berilishini va’da qilgan.
“Olmazor mahallasi Kiyevskiy ko‘chasi 21 uyda tug‘ilganman, shu yerda yashaganman. Uyda eng katta o‘g‘il bo‘lganim sababli uylanganimdan keyin bir devor qo‘shni hovliga – davlat korxonasiga ko‘chib chiqqanman, o‘sha yerda qorovul bo‘lib ishlab, ham yashaganman. 2018 yilga kelib uy buziladigan bo‘ldi, men turgan joy davlat korxonasi bo‘lgani uchun oldinroq buzildi. Menga aytishdiki, sizning masalangizni ijobiy hal qilib beramiz, hozir bu yerdan chiqishga majbursiz, deb”, deydi Isroil Shamsimatov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chirib chiqarilgan aholini uy bilan ta’minlash ikki bosqichda amalga oshirilgan. Birinchi bosqichda, O‘qchi mahallasidagi 1334 oiladan 1279 tasiga ixtiyoriga ko‘ra, Yashnobod tumani Obod makon hududidan xonadonlar topshirilgan. Yana 55 ta oilani uy bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilayotgani aytilgan edi. Ikkinchi bosqichda esa ro‘yxatda turuvchi, ammo doimiy yashamaydigan fuqarolar masalasi hal etilgan. Ularning ishi maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, 31 ta oilaga uy-joy ajratiladigan bo‘lgan. Komissiya uy-joy bilan ta’minlashni ma’qullaganlarning ko‘pchiligiga hali ham uy topshirilmagan.
“Toshkent shahar hokimligidan, kadastrdan yana ba’zi tashkilotlardan xodimlar yurardi uyni buzish uchun. Mahalladoshlarim haqiqatda shu yerda yashashimga guvohlik bergandan keyin ular mahalla buzilishga tushganini, mening masalamni komissiya ko‘rib chiqishini aytdi. Haqiqatda komissiya ko‘rib chiqib, menga uy-joy ajratishni ma’qulladi.
“Komissiyadan o‘tasizlar, negaki oldinroq buzilib ketgan sizlarniki, deyishdi. Qaytadan hujjat qildik, topshirdik. Oradan 3-4 oy o‘tgandan keyin chaqirishdi, ko‘rib chiqdi va menga 2 xonali uy ajratishni ma’qullashdi. 2 xona ajratilgandan keyin endi xursand bo‘lib turganimizda 3-4 oyda uy berilishini aytishdi. 3-4 oyda uy olasizlar deyishgandi. 3-4 oy ham o‘tdi, 6 oy o‘tdi, 1 yil o‘tdi, uydan darak yo‘q. Lekin boshida uy berilayotganini eshitgandik, pandemiya sababli to‘xtab qoldi. Pandemiyadan keyin ariza yozamiz, nuqul hozircha bo‘sh uy yo‘q, sabr qilinglar deydi. Har safar va’da berishadi, lekin va’daning ustidan chiqmaydi”, deydi Toshmuhamedov.
Shahar hokimiyati va’dasining ustidan chiqmadi
2021 yilda Shayxontohur tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayevning Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yuborgan iltimosnomasida keltirilishicha, 31 nafar fuqaro uy-joy bilan ta’minlanmasdan qolib ketgan. Shayxontohur tumani hokimi To‘xtayev Jahongir Ortiqxo‘jayevdan ushbu 31 nafar fuqaroga turarjoy ajratish bo‘yicha iltimosnoma yuborgan.
2024 yilga kelib Toshkent shahar hokimligi munitsipal aktivlarni boshqarish markazi DUK barcha mas’uliyatni “Tashkent City” XIM direksiyasiga yuklab qo‘ydi. Fuqaro Toshmuxamedovga yuborilgan xatda shunday yozilgan:
Sotuv menejerlariga ko‘ra, “Tashkent City”dagi Boulevard majmuasida qurilishi tugallanmagan uylarning 1 kv metri narxi 4000 ming dollar. 3 xonali qurilishi tugallanmagan uylar narxi 340 ming dollardan boshlab 420 ming dollargacha, 4 xonalilariniki esa 464 ming dollar. Eslatib o‘tamiz, bu qurilishi tugallanmagan, xalq tilida aytganda “korobka” uylar narxi. Har holda ular daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘layotgan bo‘lsa kerak. Poytaxt hokimligi esa “Tashkent City”dagi avvalgi uylarning egalaridan qarzdor.
Shu yilning iyul oyida Adliya vazirligi tomonidan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokamalar portaliga joylashtirildi. Jamoatchilik faollari qonun loyihasida kamchilik va “lazeyka”lar juda ko‘p ekani, bu qonun qabul qilinsa xususiy mulk xavf ostida qolishi mumkinligini aytmoqda. QALAMPIR.UZ suhbatlashgan urbanist Iskandar Soliyev undagi qator kamchiliklarni moddama-modda sanab berdi. Adliya vazirligi mutaxassislar va faollar fikrini inobatga olib, qonun loyihasini qaytadan ko‘rib chiqib, mukammallashtiradimi yoki yo‘q, bunisi vaqt o‘tgach ma’lum bo‘ladi. Ammo ko‘pchilikda hukumat xususiy mulk daxlsizligini himoyalashiga bo‘lgan shubha kuchayib boryapti.
O‘zbekiston dunyo hamjamiyati nigohida hali-hanuz xususiy mulk borasida adolatsiz mamlakat. 2023 yilda O‘zbekiston Amerikaning “The World Justice Project” tashkiloti tomonidan tuzilgan “Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmaslik” reytingida 142 mamlakat ichida 137-o‘rinni egallagan. Mamlakatning mulkchilik bilan bog‘liq tizimi juda yomon baholangan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr