“Avvalgilarga o‘xshamas” yoxud o‘zbek futboli uchun javobgarlar nega iste’foga chiqmadi?

Sport

image

Joriy yilning 19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi kongressida bildirilgan fikrlar shuni ko‘rsatdiki, bugungi o‘zbek futbolidan nafaqat muxlislarning, balki mansabdorlarning ham ko‘ngli allaqachon qolgan. Milliy terma jamoaning natijasidan tabiiyki, hech kim qoniqmagan. 

Kongressda DXX raisi – O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov o‘zbek futbolidagi doimiy uslub, murabbiylar masalasi va muammolar haqida gapirdi. Biroq, boshqaruvga asosiy mas’ul, vitse-prezident Ravshan Ermatov esa, O‘FA tomonidan qilingan ishlar to‘g‘risida bayonot bilan tanishtirdi xolos.

MTJ bosh murabbiyi Vadim Abramov bosh egib, mag‘lubiyatdan afsusda ekanini aytdi. U kutilganidek, iste’foga chiqarildi. Aslida Abramovning iste’fosi O‘zbekiston uchun yangilik emas. 

Zamonaviy o‘zbek futbolining favqulodda mohir o‘yinchisi Odil Ahmedov terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini e’lon qilib, ketar oldi so‘nggi so‘zini aytdi. U rahbariyat va muxlislar e’tiborini asosiy va azaliy muammo – bolalar futboliga qaratdi. “Asosiy katta muammolarimizdan biri – bolalar futbolini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganimizda”, dedi Ahmedov. Bu gap uning bo‘g‘zidan vulqondek otilib chiqqani va muammolar haqida gapirishga hamisha ham imkon topa olmasligi sezilib turardi. 

Aziz Haydarov futbol ommasidan uzr so‘radi va milliy terma jamoa hech qachon taktik jihatdan kuchli bo‘lmaganini tan oldi. Biroq, hozir uzr so‘rashning o‘rni emas: poyezd allaqachon ketib bo‘ldi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi yana Jahon chempionatiga chiqa olmadi. Bunga esa Hojiboy Tojiboyev ta’biri bilan “chiqolmaydiyam-da”, deb ta’rif berish o‘ta og‘riqli va kamsitish ohangida bo‘lmasa kerak. 

Tabiiyki, bir qancha savollar yuzaga chiqadi

Endi esa bir necha kundan buyon jumboq bo‘lib turgan savollarni o‘rtaga tashlasak. Odatda jamoatchilik tashkilotlari, jumladan O‘FAni ham to‘g‘ridan to‘g‘ri birinchi o‘rinbosar boshqaradi. Bu o‘yinga hakamlik qilishdan ancha murakkab ish, albatta. Shunga qaramay, bunday mas’uliyatli vazifa xalqaro darajadagi hakam Ravshan Ermatovga yuklatilgandi. O‘FAga kelguncha allaqachon taniqli kompaniyalarning yuziga aylangan, reklamalarda ko‘rinish bergan Ermatov Saudiyada “qo‘lga kiritilgan” mag‘lubiyatdan keyin tribunaga chiqib, vaziyatga tushuntirish bermaganini qanday baholash mumkin? Har holda MTJ eng ishonilgan mutaxassis rahbarligi davrida JCHdan quruq qoldi. 

Jahon chempionatiga chiqish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirildi? Futbolga ajratilayotgan mablag‘lar orqali maosh olayotgan bosh murabbiy qanday faoliyat olib borganini kim nazorat qildi? MTJning jahon chempionatiga chiqa olmasligi aslida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidagi almashinuvlar  va ular yo‘l qo‘ygan xatolar sabab sodir bo‘lmadimi? Biz eng oxirida, o‘yin natijasiga va gollar hisobiga qarab baho beramiz. Toliqqan, sharmandalikdan yuzlari qizargan futbolchilarga quloq tutildimi? Nega ularga so‘z berilmadi? 

Qolaversa, xorijda ana shunday holat ro‘y bersa, butun bir rahbariyat iste’fo beradi, uzr so‘raydi. Bizda nega uzr-ma’zur Abramov va Ahmedov bilan yakun topdi? Boshqalar-chi? Nega boshqalarning xatosi uchun O‘FA raisi bayonot berishi kerak? Ana shunday savollar bizni har tomonlama o‘ylashga undaydi. 

Futbol va JCH orzusi

Mustaqilligining 30 yilligini nishonlayotgan O‘zbekistonda futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqish hamon orzu. 30 yoshida futbolga muxlislik qilishni boshlaganlar 60 ga kirdi. Hamon umid qiladi, kutadi, o‘yinni qoldirmay ko‘radi va yakunda so‘kib televizorni o‘chiradi. 

Albatta, 30 yillik tarixda futbolimiz umuman o‘zgarishsiz qolgani yo‘q. Bu esa ko‘proq o‘sha davrdagi rahbarlar bilan bog‘liq jarayon edi. Uzoq yillar davomida futbolni rivojlantirish uchun sa’y-harakatlar amalga oshirildi. 1994 yilga kelib, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozondi.  

Shundan so‘ng, xalqaro maydolarda O‘zbekiston MTJ yaxshi natijalar ko‘rsata olmadi. 2000 yilda Livanda o‘tgan Osiyo chempionatining guruh bosqichida Yaponiyaga 1:8 hisobida mag‘lub bo‘lgan terma jamoamiz tarixdagi eng yirik mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

O‘zbek futboli inqirozga yuz tutayotgan bir paytda Mirabror Usmonov O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti lavozimiga tayinlandi va asta-sekin natijalar yaxshilana boshladi. Har bir yosh toifasida jamoalar shakllantirib borildi. O‘smirlar va yoshlar terma jamolari Osiyo chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘ldi. 

O‘sha vaqtlarda sport jurnalisti sifatida faoliyat olib borgan va hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan O‘FAning sobiq maslahatchisi San’at Sharipov  Mirabror Usmonovning atrofida futbolning emas, balki o‘zining manfaatini ko‘proq o‘ylaydigan odamlar ishlagani haqida QALAMPIR.UZ nashriga intervyu berdi. 

“Ularning kimligini aytish shart emas. Moliyaviy tomondan barcha sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa-da, Usmonovning yonidagi insonlar u kutgan natijani bera olmadi. Ajratilgan pullar futbolni rivojlantirish uchun emas, kimlarningdir shaxsiy yumushlari uchun ishlatildi.

Hattoki, terma jamoaning horijiy yig‘inlari vaqtida oila a’zolari bilan sayohat uchun borganlar ham bo‘ldi. Menimcha, [Usmonovning – tahr.] maslahatchilari, lavozimga kimlarni tayinlash borasida to‘g‘ri tavsiya bera olishmadi. Terma jamoaga murabbiylar tayinlash ham shoshib amalga oshirilgan ko‘rinadi. Sababi oddiy: Mirabror Zufarovich davlat arbobi va davlat xizmatidagi shaxs edi. U ishongan odamlar futbolning orqaga qarab ketishiga sababchi bo‘ldi.

Mirabror Usmonov davrida xalqaro aloqalar ham yaxshi yo‘lga qo‘yildi. FIFA va OFK qo‘mitalarida O‘FFning bir qancha xodimlari faoliyat yuritishdi. Bu xalqaro aloqalarda O‘zbekiston imiji shakillanayotganidan dalolat edi. Bu insonning Osiyo futbolida ham o‘rni bor edi”, deydi Sharipov.

2012 yilda halol o‘yin uchun taqdim etiluvchi FIFA Fair Play sovrini O‘zbekiston futbol federatsiyasiga topshirildi. 

O‘smirlar va yoshlar terma jamoasi

Mirabror Usmonov rahbarligi davrida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Toshkentda o‘tkazilgan 2010 yilgi Osiyo chempionatida finalga qadar yetib bordi va finalda KXDRga imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2012 yilda Eron mezbonlik qilgan qit’a birinchiligi tom ma’noda o‘zbek futbolining Osiyo miqyosida yetakchi ekanligini ko‘rsatdi, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi barcha raqiblarni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

2011 yilnda Meksikada o‘tgan jahon chempionatining chorak finalida Urugvayga imkoniyat boy berildi. Toshkentda tantanali ravishda kutib olingan futbolchilarning 13 nafari hamda bosh murabbiy Aleksey Yevstafeyev va katta murabbiy Ahmadjon Musayevga avtomobillar sovg‘a qilingan edi. O‘sha vaqtda o‘zbek futbolining umidi sifatida qaralgan futbolchilarni bugun eslolmaymiz ham. 

2013 yil BAA mezbonlik qilgan Jahon chempionatining nimchorak finalida Gonduras vakillarimizning yurishlariga yakun yasadi.

2008 yilda Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi finalga qadar yetib bordi va Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga mag‘lub bo‘ldi. 2012 yil BAA mezbonlik qilgan qit’a birinchiligida bronza medalini qo‘lga kiritgan vakillarimiz, 2014 yilda Myanma davlatida o‘tgan turnir yakunida ham xuddi shu natijani takrorlashdi. 

Jahon chempionatlaridagi ishtirok ham chakki bo‘lmadi. O‘zbekiston YOTJ 2009 yil Misrda o‘tkazilgan jahon chempionati guruh bosqichida bir ochko to‘plab, o‘z yurishini yakunladi. 2013 yilda Turkiya mezbonligida o‘tgan jahon chempionati chorak finalida musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan Fransiyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Yangi Zelandiyada o‘tgan 2015 yilgi jahon chempionatida ham chorak finalga qadar yetib bordi.

Aynan yoshlar jamoalaridan yetishib chiqqan Server Jeparov, Aleksandr Geynrix, Islom To‘xtaxo‘jayev, Sanjar Quvvatov, Doston Hamdamov, Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov, Igor Sergeyev, Jamshid Iskanderov kabi charm to‘p ustalari O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham o‘zlarini ko‘rsata olishdi.

Lekin o‘chmirlar va yoshlar jamoalari tarkibidagi futbolchilarning aksariyati MTJga qadar bo‘lgan yo‘lda “yo‘qolib qoldi”. Ya’ni yoshlar futboli va milliy jamoani bog‘lovchi ko‘prik umuman ishlamadi. Temur Hakimov, Dalatbek Yorbekov, Abbosbek Maxsitaliyev, Akobir To‘rayev, Asilbek Omonov, Maksimilian Fomin, Sarvar Karimov kabi futbolchilar shular jumlasidan.

Uzoq yillar o‘zbek sport jurnalistikasida mehnat qilgan ustoz sharhlovshi Mirzahakim To‘xtamirzayev QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan bo‘lgan suhbatda o‘smirlar, yoshlar va olimpiya terma jamoalarini shakllantirish ham tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligini ta’kidladi.

“Omadimiz chopsa, muvaffaqqiyatga erishamiz, xolos. Muntazam ravishda qit’a musobaqalarida sovrindorlar qatoridan joy olmaganmiz. Yoshlar va MTJ murabbiylari uslub, taktika va strategiya bir xil bo‘lishi uchun doimiy aloqada bo‘lishlari kerak. Ana shunda hech bo‘lmaganda bitta terma jamoadan kamida 3-4 ta yulduz futbolchilar yetishib chiqadi”, deydi Mirzahakim To‘xtamirzayev. 

Samvel Babayan va Jahon chempionati

O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar futbolida mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritishni uddalagan, biroq “aldagani bola yaxshi” deganlaridek, kattalar futbolida natija qo‘lga kiritilmagunicha futbol muxlislari va mutaxassislari tanqid toshlarini yog‘dirishdan to‘xtamaydilar.

Usmonov davrida O‘zbekiston milliy terma jamoasi avvalgi yillarda bo‘lganidek, Jahon chempionati saralash bahslarining so‘nggi bosqichida muvaffaqqiyatsizlikka uchrayverdi. Biroq yildan yilga natijalar yaxshilanib bordi.

Masalan, Janubiy Afrika Respublikasi mezbonlik qilgan 2010 yilgi Jahon chempionati saralash bahslarining so‘nggi bosqichida O‘zbekiston MTJ guruhda so‘nggi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Braziliya yashil maydonlarida o‘tkazilgan 2014 yilgi Mundial saralashida vakillarimiz final bosqichiga chiqish uchun juda yaqin kelgan, biroq yakunda guruhda 3-o‘rinni egallab, o‘tish o‘yinida Iordaniyaga to‘sig‘idan o‘ta olishmagan.

2018 yil Rossiya mezbonlik qilgan musobaqaning Osiyo qit’asi uchun saralash bahslariga MTJni Mirjalol Qosimov tayyorlagan, biroq, 2-bosqichning dastlabki o‘yinida KXDRdan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, istefoga chiqarilgan. Uning o‘rniga “Paxtakor” sobiq menejeri Samvel Babayan bosh murabbiy etib tayinlandi.

Babayan bochiligida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining final bosqichiga chiqa olmadi. So‘nggi saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, Eron, Janubiy Koreya va Suriya terma jamoalaridan so‘ng “A” guruhida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Babayan matbuot bilan muloqotlarda o‘zini juda yomon tutdi. Terma jamoa muvaffaqqiyatsizliklarida jurnalistlarning tanqidlarini ro‘kach qilib ko‘rsatdi. 2017 yil 6 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi guruhdagi so‘nggi tur o‘yinidan so‘ng (0:0) matbuot anjumaniga ham kelmadi va 7 sentyabr kuni lavozimidan ozod etildi. 

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqa olmagach, futbol federatsiyasi rahbariyati ham ishdan ketdi.

O‘FA Umid Ahmadjonov davrida 

12 sentyabr kuni O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov iste’foga chiqdi. O‘sha vaqtdagi Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Umid Ahmadjonov federatsiya prezidentligiga tayinlandi. 2018 yilning yanvarida esa, O‘FF tashkiloti O‘FA deb o‘zgartirildi va Ochilboy Ramatov rahbarlik lavozimini egalladi. Ahmadjonov birinchi o‘rinbosar sifatida ish olib bordi. Shu yillarda futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy ligasi Superliga deb nomlana boshladi va formati o‘zgartirildi, jamoalar soni qisqardi. Sportga bo‘lgan e’tibor ko‘p tomonlama o‘sdi. Totalizator atalmish illatga qarshi keskin kurash olib borildi. Eng muhimi o‘yinchilar bilan rahbariyat o‘rtasidagi to‘siqlar olib tashlandi. Ularning yashash sharoiti, turmush tarzi, hatto, uyqisiyu taomlanish rejasi o‘zgardi. Zararlari odatlari bilan kurashildi. Bu bizning gapimiz emas, balki sohadagilarning e’tirofi. Bu davrda esa futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi, qisqa qilib aytganda tizim chiroyli tarzda yo‘lga qo‘yila boshlagandi. 

2018 yil yanvar oyida Xitoy mezbonlik qilgan U-23 Osiyo chempionati o‘tkazildi. Musobaqani mag‘lubiyat bilan boshlagan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi navbatdagi uchrashuvlarning barchasida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Rossiya mundiali yakuniga yetgach, Misr terma jamoasining sobiq murabbiyi Ektor Kuper O‘zbekiston MTJning boshqaruviga olib kelindi. 2019 yil yanvar oyida jamoamiz himoyaviy futbol tarafdori bo‘lgan Ektor Kuper murabbiyligi ostida Osiyo kubogida ishtirok etib, chorak finalda imkoniyatni boy berdi. Avstraliya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda penaltilar seriyasida omad bizdan yuz o‘girdi.

Umid Ahmadjonov rahbarligi davrida O‘FAda maslahatchi lavozimida faoliyat yuritgan San’at Sharipovning aytishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yetakchi va kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etgan.

“Urugvay, Marokash va Senegal kabi terma jamoalar bilan avvalari o‘yinlar tashkil etilmagan. Osiyo chempionatida ham terma jamoamiz yaxshi o‘yin namoyish etdi. Ilgari Avstraliya bilan o‘yinlarda darvozamiz dahlsizligini saqlab qololmaganmiz. Yigitlarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch yuqori edi. Kamchiliklar bo‘lgan. O‘zbekiston chempionati o‘yinlarida tushunarsiz voqeliklar va “Paxtakor”ning avvalgi rahbarlari hamda hukumatga yaqin odamlar o‘ziga tegishli jamoaning chempionatda yaxshi natija ko‘rsatishi uchun assotsiatsiyaga ta’sir o‘tkazishga urinish holatlar uchrab turgan.

“Bu avval ham sodir bo‘lgan jarayon. Menimcha, aynan shunday muammolar Umid Ahmadjonovning ishdan ketishiga sabab bo‘ldi. Chunki, odatda biror natijaga erishilmasa, nafaqat sportda balki boshqa sohalarda ham butun jamoa iste’foga chiqariladi. Ahmadjonov bilan bu narsa kutilmagan paytda sodir bo‘ldi. 

Shundan so‘ng futbolni tushunadigan va yaxshi biladigan odam boshqaruvga kelsin, deb futbol ommasi talab qildi. Umid Ahmadjonov jamoasini futboldan uzoq, futbolni tushunmaydi, degan iddaolar bilan iste’foga chiqarishdi”, deydi Sharipov QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan suhbatda.

Ravshan Ermatov — O‘FA vitse-prezidenti

Umid Ahmadjonov ikki yillik faoliyati davomida o‘zbek futboliga tom ma’noda turtki bera oldi. Vaziyat jonlandi. Muxlislar nafaqat futbol, balki maydon ortidagi o‘yinlardan boxabar bo‘lishni boshladi. U iste’foga chiqqanidan so‘ng, futbol olamining mashhurlaridan biri – FIFA referisi Ravshan Ermatovning tayinlanishi o‘zbek futbol olamida quvonchli voqelik sifatida qabul qilindi. Lekin...

Ermatov ko‘p yillar o‘zbek futbolida hakamlik qilgan, FIFA referisi, Jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan rekordchi. Bir so‘z bilan aytganda o‘zbek futbolida o‘zining o‘rniga ega bo‘lgan shaxs. 

San’at Sharipov Ravshan Ermatov davrida O‘FAdagi faoliyati haqida bergan savolimizga: 
“Aksariyat mutaxassislar tomonidan Ermatovning kelgani yaxshi bo‘ldi, endi futbol rivojlanadi, qabilidagi gaplar aytilgan edi. Bu jamoa bilan natijaga erishib bo‘lmasligiga ishonchim komilligi sababli o‘z arizamga ko‘ra ishdan ketdim. 

Dunyoning eng yaxshi hakamlaridan biri O‘FAda faoliyat yuritgan paytda, hakamlar bilan bog‘liq muammolarning ko‘payishi hayratlanarli jarayon. Ko‘pchilik Abramov terma jamoaga kelishini istab, Kuperning iste’fosini talab qildi. Uning ketishi uchun Falastinga qarshi o‘yin shunchaki berib yuborilgan, degan fikrimda qolaman. Buni kimgadir isbotlash shart emas”, deya javob berdi.

Ermatov lavozimni egallagandan keyin o‘tkazilgan ilk matbuot anjumanida O‘FAda bajarilishi lozim bo‘lgan 10 ta muhim masala haqida so‘z yuritgandi. Umuman olganda, O‘FA kongressida muammo sifatida qaralgan masalalarning deyarli barchasi, matbuot anjumanida u tomonidan aytilgan edi. Ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Lekin yana o‘sha muammolar haqida gapirilyapti, demak islohotlar o‘tkazilmagani oydinlashmoqda.

Rejalardan birinchisi, futbolda adolat o‘rnatish, kelishilgan o‘yinlar va totalizatorlarni yo‘qotish edi. 

Bir jihatga e’tibor qiling, Ochilboy Ramatov va Abdusalom Azizov O‘FA prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Ular davlat amaldori va o‘ta mas’uliyatli vazifalarda faoliyat yuritgan. Ramatov O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Azizov esa, Davlat xavfsizlik xizmatining raisi. Tabiiyki, ularning o‘zbek futbolidan ko‘ra muhim va mas’ul vazifalari talaygina. (!) Shuning uchun ham jamoatchilik tashkiloti hisoblangan assotsiatsiya faoliyatiga oid aksariyat vazifalarni vitse-prezident bajaradi. 

Murabbiylar masalasi

Ektor Kuperning tanishtiruv marosimida “3+1” ko‘rinishida shartnoma imzolangani aytilgan edi. Uning yillik maoshi 2 mln yevro atrofida ekanligi iste’foga chiqqach, ma’lum bo‘ldi. Shartnoma bekor qilingani bois, tabiiyki, unga kompensatsiya to‘lab berilishi kerak edi. O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov intervyularning birida bu miqdor 5-7 million atrofida emasligini aytdi. Demak, Kuper sahiy inson ekan-da. (!) Hattoki, uning nima uchun iste’foga chiqarilgani haqida birorta xabar e’lon qilinmadi.

Asosiy maqsad Jahon chempionatiga chiqish bo‘lganida, Ektor Kuper ketganidan so‘ng, undan kuchliroq murabbiyni taklif etish ham mumkin edi-ku! Yo‘q, osongina yana Vadim Abramov olib kelindi.

O‘zbek futbolida mahalliy murabbiylar bilan tuzilgan shartnoma bandlari hech qachon ma’lum qilinmagan. Yoki biz bu haqida eshitmaganmiz. Yil davomida milliy terma jamoa uchun qancha mablag‘ sarflanishi ham biz uchun javobsiz savolga o‘xshaydi. Aniqki, uyushtiriladigan yig‘inlarga futbolchilar o‘zlarining hisobidan borishmaydi.

O‘FA terma jamoalar bo‘limi rahbari Aziz Haydarov Abramovning bosh murabbiylikka tayinlanishi qanday sodir bo‘lganiga O‘FA kongressida oydinlik kiritib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Vadim Abramov terma jamoaga xalqnig fikri bilan tayinlangan. Murabbiylar kengashi mavjud, rahbariyat murabbiy masalasida Haydarovga murojaat qilganida, sobiq murabbiyning psixologik tomondan futbolchilarni yaxshi tayyorlay olishini aytgan emish.  

Shu o‘rinda uchta savol: 

•  birinchidan, shuncha muammo mavjudligidan O‘FAda faoliyat yuritayotganlar xabardor ekan, nima uchun shu paytga qadar ular o‘z vaqtida hal qilinmadi?
•  ikkinchidan, Assotsiatsiya biror marta xalqning fikrini so‘rab, shundan keyin murabbiylar bilan shartnoma imzoladimi? 
•  uchinchidan, agar xalqning fikri bilan murabbiy tayinlangan bo‘lsa, nima uchun bu haqida eng oxirida ma’lum qilindi?

Fikrlar xilma-xilligi

O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev:

“O‘zbekiston MTJ saralash uchun yig‘inni 21 may kuni boshladi, Saudiya esa 31 may kuni. Yakunda 10 kun keyinroq yig‘ilgan jamoa 3 ta to‘p farqi bilan g‘olib chiqdi. 

Saudiyani yevropalik murabbiy boshqaradi va doim FIFA kunlarini hamda jamoalarning unga bo‘lgan munosabatlarini hurmat qiladi, Kuper ham shunday edi. Abramov esa yakunda o‘zining qanchalar saviyasiz ekanini ko‘rsatdi (aslida bungacha ham 2 marta ko‘rsatib, Pekin va London olimpiadalaridan chetda qolishimizga sababchi bo‘lgan). Yuqoridagi 10 kunlik O‘zPFL rejalariga ta’sir o‘tkazadi. Biz mavsumni 30 noyabrdan o‘tkazmay tugatish niyatida edik”, deya o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirgan edi.

O‘FAda bir necha yil faoliyat yuritgan San’at Sharipov ham shu kabi fikrlarni ilgari surdi: 

“Mavsum avvalida klublar chempionatga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Ana shunday paytda milliy terma jamoaga yig‘in tashkil etildi. Klublarning chempionat uchun tuzgan rejalari barbod bo‘lishi aniq. Aksariyat terma jamoalar milliy chempionati yakunlangach, futbolchilarni tarkibga jalb qildi. Bizda esa, superliga to‘xtatib turildi. Klub o‘z futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilab bera olardi. Murabbiy talabi bajarilishi kerak, lekin bu holatda emas. Hattoki, haligacha O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘quv-mashg‘ulot bazasi yo‘q”.

O‘FAni tanqid qilishdan charchamaydigan jurnalist va sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzayevning fikri esa quyidagicha: 

“Murabbiy istagan paytda O‘FA tomonidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil qilib berildi. Bu yaxshi holat, biroq yig‘inlarga jalb qilingan futbolchilarning qaysilari Saudiya bilan o‘yinda asqatdi? 

O‘rtoqlik uchrashuvlaridagi raqiblar nomi ham oldindan ma’lum qilinmadi va o‘yinlar tahlil qilinmadi (aksariyat hollarda shunday bo‘lgan). So‘nggi o‘yinda qilingan tarkibdagi o‘zgarishlar, hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Biroq hamma ayb Abramovda emas. Bugun aybdorni qidirishdan foyda yo‘q, ertangi ishlarni yo‘lga qo‘yish kerak”.

Bundan bir narsa oydinlashadi, O‘FA vakillari Abramovga boshidan to oxiriga qadar o‘ziga ishongandek ishonch bildirgan va saviyali murabbiy deb ishongan. Yil davomida hech kim undan hisobot so‘ramagan va yakunda faqatgina murabbiy aybdor sifatida ko‘rilib, ishdan olindi. Axir futbolning ichida yurgan vitse-prezident, o‘zbek futboli uchun javobgar emasmidi?! Faqat murabbiyning o‘zigina ishdan bo‘shatilgani biroz kulgili va achinarli holat.

Xulosa

Samvel Babayan “karomat” ko‘rsatgach, murabbiylikdan quvilishi aniq edi. Shundan so‘ng, O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov ham iste’foga chiqdi. Uning o‘rniga kelgan Umid Ahmadjonov davrida futbol federatsiyasi assotsiatsiyaga aylantirildi. O‘zi esa vitse-prezident etib tayinlandi. Argentinalik Ektor Kuper terma jamoa boshqaruviga olib kelindi. 2019 yilning iyun oyida esa, Ahmadjonov arizasiga ko‘ra ishdan ketdi, degan xabarlar paydo bo‘ldi. Vitse-prezident lavozimiga Ravshan Ermatov nomzodi tasdiqlandi. 2019 yil sentyabr oyida o‘tkazilgan Jahon chempionatining 2-saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston Falastindan yengildi va Kuper “yashin tezligida” terma jamoa boshqaruvidan olindi. Uning katta-a-a pulga kelgani muhokama qilindi. Vadim Abramov “talablarga binoan” ortga qaytarildi. JCH saralash bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z ishtirokini yakunlagach, Abramov ham “uchdi”.

Xo‘sh, o‘zbek futboli iste’folar bilan qayergacha boradi? Balki o‘z vaqtida katta maosh evaziga tayinlangan Ektor Kuperga ishonch bildirish, natija ko‘rsatishini kutish kerakmidi?! Negaki, Ahmadjonov va Kuper ketgani bilan O‘zbekiston baribir JCHga chiqa olmadi. Agar imkoniyat berilganida u o‘zbek futboliga o‘z uslubini olib kirib, 4 yil davomida kamida himoya chizig‘ida ishonchli o‘ynash malakasini qoldirgan bo‘larmidi?! Kamida! 

Hozir bo‘lsa, o‘zbek futboli na JCHga chiqdi, na malakali murabbiyning ko‘nikmalarini o‘ziga singdirdi. Ikki o‘rtada pul ham ketdi, vaqt ham boy berildi. 

Murabbiylar faoliyatini nazoratsiz qoldirib, muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng “panada” qolayotganlarning o‘zini ham iste’foga chiqarish kerakdir. Balki shundagina ayrimlarda mas’uliyat hissi “uyg‘onar”.

Humoyun Oripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

334

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing