Avval hokim, endi esa deputat “qovun tushirdi”. Yangi Namangan kimlarning qo‘liga qolgan?
Jamiyat
−
07 dekabr 2022
17211Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Yangi Namangan tumani Kengashi deputati Muzaffar Jamolitdinovning yozgan postidan jumbushga kelmoqda. Tarmoqlar foydalanuvchilarining aksariyati va jamoatchilik faollari uni gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z ochganlarga qamoq bilan tahdid qilishda ayblamoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda gaz-“svet” yo‘qligidan noliyotganlarning shaxsini surishtirib ko‘ring, birontasi qamalib chiqqan odam emas. Ya’ni, qamalib ozodlikdan mahrum bo‘lganlar ozodlik, erkinlik, tinchlikning qadriga shu darajada ko‘p yetadiki, gaz-“svet” muammosi ahamiyatsiz bo‘ladi”, deb gap boshlaydi deputat.
Jamolitdinovning fikricha, qamalib chiqqan odam qo‘rqqanidan emas, tinchlik va xotirjamlikning qadrini bilganidan gaz-“svet” muammosini gapirmaydi. Ya’ni tinchlik va xotirjam, ozodlik va erkinlik bebaho, tengi yo‘q katta ne’mat.
“Shamda o‘tirsang ham uyingda o‘tir, IIB kamerasida emas. Sovuqda o‘tirsang ham bola-chaqangni oldida o‘tir, Milliy xavfsizlikning kamerasida emas. Metanga navbatda tursang ham mayli Uychi turmaning “sanchast”ida navbatda turma.
Ma’lumot uchun, Uychi turmaning kameralari issiq va yorug‘. U yerda hech qachon “svet” o‘chmaydi, kameralarga sovuq kiradigan ochiqlikda emas. Hamma joyi yopiq. Xulosa chiqaring”, deb yozgan xalq vakili Muzaffar Jamolitdinov.
Ayni vaqtda uning yozganlari Qonunchilik palatasi vakillari e’tiborini ham tortmay qolmadi. Birinchilardan bo‘lib Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyev munosabat bildirdi.
“Fuqarolarni energiya ta’minotidagi muammolar haqida gapirtirmaslik, tinchlikni qadriga yetish uchun ularga qamoq bilan tahdid qilish demokratik jamiyatga xos bo‘lmagan uslub. Achinarlisi, bunday bayonotlarning xalq saylagan(saylagan bo‘lsa) xalq vakillaridan chiqishi hech bir qolipga sig‘maydi.
Bu kabi dunyoqarashga ega bilim va saviyasi past, saylovchilar manfaatini himoya qilmaydigan shaxslarning deputat maqomiga erishib qolayotganligi aslida eng katta fojiamizdir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayev tadbirkorni so‘kkani aks etgan audioyozuv tarqaldi. Shundan so‘ng hokimga hayfsan qo‘llanilgan. Ahamiyatlisi shundaki, Muzaffar Jamolitdinov ham aynan Yangi Namangan tumani deputati.
LiveBarchasi