Avtotransportning vazni va gabaritlari nazorat qilinadi
Jamiyat
−
03 iyun 2020
3092O‘zbekiston hududida avtomobil yo‘llari tarmog‘ini saqlash va avtomobil transportining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, avtomobil yo‘llarining ta’mirlararo muddatlargacha buzilishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi “Transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 337-son qarorni qabul qildi.
“Norma”ning yozishicha, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
1. Transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
2. Katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishidan oldin avtomobil yo‘llarini o‘rganish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
3. 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish punktlarini qurish, modernizatsiyalash va zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash bo‘yicha tadbirlar dasturi.
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish punktlarini loyihalashtirish, qurish, ta’mirlash, jihozlash, maxsus texnika xarid qilish va saqlash bo‘yicha buyurtmachi hisoblanadi. Moliyalashtirish Qo‘mita faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Qo‘mitaga uch oy muddatda quyidagilar ishlab chiqilishini ta’minlash vazifasi topshirildi:
transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish turg‘un (statsionar) va ko‘chma punktlarini qurish hamda jihozlash loyihalarining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini (asoslarini);
atrof muhitni muhofaza qilish va harakat xavfsizligi qoidalari talablarini ta’minlash sharti bilan vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish turg‘un va ko‘chma punktlarining namunaviy loyihalarini.
Qo‘mita xalqaro amaliyotdan kelib chiqib xorijiy yuk avtotransport vositalarining respublika avtomobil yo‘llari bo‘ylab o‘tishi kilometrini yoki vaqtini hisob-kitob qilish tartibini belgilaydi. Shuningdek buning uchun haq undirish bo‘yicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni ishlab chiqadi.
Vazn va hajm parametrlari nazorati punktlari uch xil bo‘ladi:
• statsionar;
• ko‘chma;
• avtomatlashtirilgan (foto va video suratga olish funksiyalariga ega avtomatlashtirilgan tarzda ishlovchi maxsus vositalardan foydalanuvchi nazorat punkti).
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.05.2020 yildan kuchga kirgan.
LiveBarchasi