Avtomobil egalari uchun yangi yig‘imlar joriy qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining 10 dekabrdagi yo‘l xo‘jaligi boshqaruvi tizimini isloh qilishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Yo‘l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

“Norma”ning yozishicha Hujjatlarga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan:

birinchidan, yangi tartib joriy etilmoqda, unga muvofiq:

•    avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, yo‘l-qurilish ishlarini texnik nazorat qilish uchun yangidan boshlanadigan ob’ektlar bo‘yicha shartnomalar faqat davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkaziladigan tanlov (tender) yakunlari bo‘yicha tuziladi;
•    yo‘l-qurilish ishlari bo‘yicha konsalting xizmatlari (texnik nazorat) autsorsing shartlari asosida xalqaro amaliyotga, shu jumladan FIDIC qoidalariga muvofiq mustaqil tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin;
•    Toshkent shahri ko‘chalarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalarini sinov tarzida Toshkent shahar hokimligi amalga oshiradi;
•    respublika hududida, shuningdek respublika hududiga kiradigan og‘ir va yirik gabaritli avtotransport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish, shuningdek avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi uchun yig‘imlar undirish va ularning harakatlanishi (kirishi) uchun ruxsatnomalar berish Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda - Qo‘mita) tomonidan amalga oshiriladi;
•    umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida yo‘l harakatini tartibga solishning texnik vositalari va ularning konstruksiyalari, shu jumladan foto- va videoqayd etish texnik vositalari Qo‘mita bilan kelishilgan holda o‘rnatiladi;
•    avtomobil yo‘llarining qatnov qismlariga uzunasiga joylashgan muhandislik kommunikatsiyalarining yangi tarmoqlarini loyihalashtirish va yotqizish taqiqlanadi, ularning avtomobil yo‘llari bilan ko‘ndalang kesishishi bundan mustasno.

ikkinchidan, quyidagilar to‘g‘risidagi talablar bekor qilinadi:

•    umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini va ko‘priklarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashni loyihalashtirish bo‘yicha tashkilotlar faqat "Yo‘l loyiha byurosi" MCHJ, "Boshtransloyiha" AJ va "Avtomobil yo‘llari ko‘priklarini, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni loyihalash instituti" DUK hisoblanishi;
•    avtomobil yo‘llari ko‘priklarini, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi faqat "Avtomobil yo‘llari ko‘priklarini, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish direksiyasi" UK hisoblanishi;
•    umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini va ko‘priklarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash bo‘yicha pudrat tashkilotlari faqat Qo‘mitaning tarkibiy bo‘linmalari va "Ko‘prikqurilish" Tresti" UK hisoblanishi;
•    neft bitumining yo‘llarga mo‘ljallangan markalarini realizatsiya qilish sohasida faoliyat olib borish huquqi uchun litsenziya olish talab etilishi.

Yo‘l boshqaruvi tizimida katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Yo‘l-qurilish korxonalari ularni MCHJ etib qayta tashkil etgan holda Qo‘mita tarkibidan chiqarilmoqda, Qo‘mitaning yana 28 ta korxonasi negizida "Yo‘lqurilish" AJ tashkil etilmoqda. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ "Ko‘prikqurilish" Tresti" UK korxonalari negizida "Ko‘prikqurilish" AJ tashkil etiladi, «Ko‘prikqurilish» Tresti» UK ixtiyoridagi ko‘priklar (yo‘l o‘tkazgichlar) esa quyidagilar ixtiyoriga o‘tkaziladi:

•    umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi ko‘priklar - Qo‘mita ixtiyoriga;
•    shahar va boshqa aholi punktlari ko‘chalaridagi, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llaridagi ko‘priklar - mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyoriga.

Loyihalash, yo‘l-qurilish ishlari va umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash hamda ekspluatatsiya ishlarini moliyalashtirish avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armalariga topshirildi. Ular Moliya vazirligi huzurida va uning hududiy boshqarmalarida tashkil etiladi.

Yana bir muhim jihati – yo‘l xo‘jaligi boshqaruvi organlarining huquq va vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Qo‘mitaning "Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi Qonunda belgilangan vazifalariga qo‘shimcha ravishda bir qator yangi vazifalar kiritildi. Masalan, endi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining ajratilgan mintaqalarida joylashgan yer uchastkalarida va inshootlarida tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) qurish, shuningdek ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, savdo, servis ob’ektlari, tadbirkorlik faoliyati uchun boshqa ob’ektlarni joylashtirish va qurish uchun ushbu idoradan ruxsat olinadi.

E’tibor bering! Hududiy va mahalliy vakolatli va ijroiya organlariga ham qo‘shimcha vakolatlar berilgan. Xususan:

a) keng jamoatchilik muhokamalari asosida, muayyan ma’muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olgan va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste’molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligi uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda maxsus yig‘im joriy etishga haqli;

tumanlar (shaharlar) xalq deputatlari Kengashlari transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yig‘im joriy etishga haqli;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

•    avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lov belgilashga haqli;
•    transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkalari miqdorlarini, shuningdek yig‘imning bazaviy stavkasiga transport vositasi dvigateli quvvatidan kelib chiqqan holda toifalanadigan qo‘shimcha koeffitsiyentlarni belgilaydi.

Keng ko‘lamli norma ijodkorligi va amaliy ishlarni amalga oshirish kerak. 2030 yilgacha avtomobil yo‘llarini rivojlantirish strategiyasi (muddat – 1.09.2020 yilgacha), respublika avtomobil yo‘llarining yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish (1.03.2020 yilgacha), avtomobil yo‘llari, shu jumladan ko‘priklar davlat kadastri geoaxborot tizimi yaratilishi (1.12.2022 yilgacha), pulli avtomobil saqlash joylarini tashkil etish (1.02.2020 yilgacha), yo‘l bo‘yi servisi ob’ektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlash (1.01.2020 yilgacha) va boshqalar shular jumlasidandir.

2020–2022 yillarda Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida yangi pullik tonnellar va Sirdaryo-Baxt shaharlarini aylanib o‘tuvchi, shuningdek Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon  pullik avtomobil yo‘llarini qurish rejalashtirilmoqda. Ishlar tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» doirasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida olib boriladi.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil'

Baholaganlar

273

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing