Hech kim soliq siyosatini onasining qornidan o‘rganib tushmaydi – Shayxov

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 7 iyun kuni Mirobod tumani soliq inspeksiyasining bir guruh xodimlari oldindan til biriktirib, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchisi Azizbek Ashurboyevni tuzoqqa tushirgani haqida xabar bergan edik.

Jurnalist, QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan mazkur voqelikka nisbatan munosabat bildirib chiqdi. U Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayevdan bu ishni qilgan soliqchilarning nomini ochiqlashni so‘radi.

Ushbu videoni yuqoridagi slayderda va Youtube`dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

“Ular kim edi, nima uchun bunday yo‘l tutishdi. Bu savollar bizni juda qiynayapti. O‘zbekistonda barcha sohalar qatorida soliq siyosatida ham juda o‘zgarishlar bo‘ldi. Albatta, bu o‘zgarishlarni qabul qilishimiz juda qiyin kechdi. Chunki, faqat foyda, katta zarar qilinmaydi deb aytilgan qo‘shimcha qiymat solig‘i ham, juda ko‘plab sohalarda, xususan OAV sohasida ham juda katta-katta muammolarni kelitirib chiqaryapti. QQS bilan bog‘liq o‘zgarishlarni hali o‘zimiz tushunib olmasimizdan, uni xalqimizga yetkazishga harakat qildik. Bunda o‘sha blogerlar ham o‘zining jonbozligini ko‘rsatdi. Chunki, o‘zgarishlarni hamma kutayotgan edi. Ularning natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, biz ana shu o‘zgarishlarga o‘z hissamizni qo‘shishga, odamlarga yetkazishga harakat qildik. Xo‘sh, soliq qo‘mitasining yil boshida jurnalistlardan olgan dastagi, ularning qo‘llab-quvvatlashiga bo‘lgan javobi bumi? Ularning OAVga e’tibori shumi? Bu voqea boshqa bloger, boshqa OAV faoliyatida ham takrorlanishiga hech shubhamiz yo‘q”, deydi Qamariddin Shayxov.

Jurnalist so‘zida davom etarkan, O‘zbekistonda joriy etilgan QQS OAV uchun og‘irlik keltirib chiqarayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, OAVning daromad topish manbai reklama. Bu esa mahsulot bo‘lmagani va uning tan narxi yo‘qligi, xizmat turixi hisoblanishi va narx QQS evaziga 20 foizga oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shayxov bu haqda shunday deydi:

“QQS OAVni juda qiynayapti. Reklamaning ortidan kun ko‘radi OAV. O‘rtacha olib aytadigan bo‘lsak, 2 millionlik reklama narxi 20 foiz QQS bilan 2 400 000 so‘mga, 3 millionlik reklama 3 600 000 so‘mga aylanyapti. Kim beradi buncha pulni?”

Qamariddin Shayxov blogerlarning bu tarzda tuzoqqa tushirilishi va ularga tegishli texnik qurilmalarning olib qo‘yilishi bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor qaratarkan, “bu qonuniymi” degan savolni o‘rtaga tashladi.

“Bloger mahkamaga tortilyapti, xonaga olib kirib telefoni va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi olib qo‘yilyapti. Bu qonuniymi? Qayerda yozilgan? Agar yozilgan bo‘lsa bizga ko‘rsatib beringlar”.

Shayxov dolzarb masalani o‘rtaga tashladi. U soliqchilarni mayda tadbirkorlarni tuzoqqa tushirguncha, ularni davlat yaratib bergan sharoitlar bilan tanishtirish va turli markazlarga yo‘naltirish, tadbirkorligini kengaytirishida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga chaqirdi. 

“Prezident nima deyaptilar: Startap, Kovorking, tadbirkorlikka yo‘naltirish, bilmaganga o‘rgatish haqida gapiryaptilar. Kechirasiz, soliq siyosatini hech kim onasining qornidan o‘rganib tushmaydi. Yangi boshlagan tadbirkor u yoqda tursin, 15-20 yildan beri ishlayotgan tadbirkorlar ham soliq borasida qator-qator xato qilayotganini ko‘rib turibmiz. Yillar davomida xato ustiga xato qilib ishlab kelayotgan buxgalterlar bor. Minglab korxonalar hozirgi soliq siyosatini oradan olti oy o‘tsa ham tushunib olmagan. To‘g‘ri, biz qo‘shilamiz va rad etmaymiz: hamma topayotgan daromadiga nisbatan soliqlarni ham joy-joyida to‘lashi kerak. Lekin soliq to‘lovchiga o‘rgatish kerak degan tushuncha ham bormi? Instagram`da oddiygina sahifa yuritayotgan va unga shu sahifasi ortidan reklama kelgan sho‘rlik yigit qayerga boshini ursin, kimga murojaat qilsin? Soliq idoralari xodimlari birinchi safarida unga o‘rgatsin. Mana, davlatda shunday sharoitlar yaratib berilgan, mana kovorking markaz, mana startap loyihalarni amalga oshirish uchun markaz. Modomiki, shu yo‘nalishda faoliyat yuritmoqchimisan, faoliyatingni kengaytir, ishingni rivojlantir va davlatga bundan-da ko‘proq soliq kelib tushsin, degan yo‘l-yo‘riqni ko‘rsata bilishi kerakmi? Mirzo Ulug‘bek innovatsion markazi nega ochildi? Internet sohasidagi xizmatlarni rivojlantirish uchun ochilmadimi? Markaz a’zolari nega 2029 yilgacha soliqlardan ozod etildi va nega ayrim soliq idoralari xodimlari bundan bexabar? “Sallani ol desa, kallani olgandek” birinchi kun ko‘rib turgan odamini bunday qamab qo‘yish, kurakda turadigan ishmi?”, deb hozirgi soliq siyosati va imkoniyatlar haqida fikr bildirdi Shayxov.

Jurnalist so‘zida davom etib, bugungi O‘zbekistonda Prezident olib borayotgan islohotlar, davlatdagi o‘zgarishlarni ko‘ra turib, ertaga qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida fikr uni tinch qo‘ymasligini aytadi.

“Yo‘l-yo‘lakay har kuni ishdan qaytayotganimda davlatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, ertaga nima qilish kerak degan savol tug‘iladi menda. O‘ylamang faqat siz davlat uchun yashamayapsiz, biz ham davlat uchun yashayapmiz. Biz ham shu Vatan chiroyli bo‘lsa, ertaga bizdan keyingi avlod ham chiroyli yashaydi degan o‘y bilan yuramiz. Blogerning topgan 400 ming so‘m puli bilan davlat boy bo‘lib qolmaydi. Lekin agar unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilsa, u o‘z faoliyatini kengaytirsa, 10-15 ishchini qo‘lida ishlatsa, davlatga shundan foyda emasmi?”, deydi Shayxov.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Ashurboev Qamariddin ShAyxov QQs

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing