Atrofimizda qullikda yashayotgan 40 million inson bor

Olam

image

Dunyo bo‘ylab qariyb 40,3 million kishi qullikning zamonaviy shakllari qurboni bo‘lmoqda. Ulardan 24,9 millioni majburiy mehnat va 15,4 millioni majburiy nikohdan jabrlanganlar. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2 dekabr – Xalqaro qullikka barham berish kuni munosabati bilan e’lon qilingan hisobotida so‘z boradi. 

Hujjatda qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab har ming kishidan beshtasi zamonaviy qul savdogarlarining changaliga tushgan. Ularning to‘rtdan biri bolalardir. Bundan tashqari, sayyoramizda har o‘ninchi bola, jami 150 million bola majburiy mehnatga jalb qilingan. 

Har yili 2 dekabrda nishonlanadigan Xalqaro qullikka barham berish kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Odam savdosi va jinsiy ekspluatatsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan sana bilan bog‘liq.

Qullikka qarshi kurash quldorlik yuzaga kelgan ilk davrlardan boshlangan. Biroq jahon tarixida quldorlik nafaqat gullab-yashnagan, balki rag‘batlantirilgan sharmandali sahifalar ham bor. Bugungi ilg‘or asrimizda qullik taqiqlangan bo‘lsa-da, lekin u hali ham mavjud bo‘lib, ming yillar avvalgidek, bir kishini boshqasiga nisbatan kamsitishga asoslangan.

Majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiya, urush asirligi, oilaviy qullik, majburiy nikoh, kelin sotish, bevalarni meros qilib olish, qurolli mojarolarda foydalanish uchun bolalarni majburan jalb qilish, odam savdosi va boshqalar – bu qullikning zamonaviy shakllari bo‘lib, ularni yo‘q qilish bugungi kunning asosiy muammosi hisoblanadi.

Shu bois davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari va boshqa tuzilmalarning sa’y-harakatlari bugungi kunda nafaqat ana shunday holatlarni aniqlash va oldini olish, shaxsga qarshi jinoyatning ushbu turi tashkilotchilarini jinoiy javobgarlikka tortishga, balki jabrlanganlarni reabilitatsiya qilishga ham qaratilgan.

Masalan, Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) 2016 yil noyabr oyida kuchga kirgan Majburiy mehnat to‘g‘risidagi yangi yuridik kuchga ega protokolni qabul qildi. Bu chora quldorlikning zamonaviy shakllariga barham berish yo‘lidagi muhim qadam edi.

O‘zbekistonda 2016 yilgacha ijtimoiy soha xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish, obodonlashtirish ishlariga olib chiqish, paxta terimiga olib borish keng quloch yozgandi. Ayniqsa, paxta yig‘im-terimini majburiy mehnatsiz tasavvur qilib bo‘lmasdi. Bunda esa asosiy ish kuchi rolini bolalar o‘ynardi. O‘sha vaqtlar kuz va qish oylarida bolalarni maktabdan emas, paxta dalasidan topardingiz. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasida “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida”gi 1999 yildagi 182-sonli Konvensiya 2008 yil 8 aprelda va “Eng kichik yosh to‘g‘risida”gi 1973 yildagi 138-sonli Konvensiya 2008 yil 4 aprelda ratifikatsiya qilingan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro Mehnat tashkilotiga 1992 yil mart oyida a’zo bo‘lib, hozirga qadar mazkur tashkilotning 14 ta Konvensiyasi O‘zbekistonda ratifikatsiya qilingan. “Zo‘raki yoki majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli Konvensiyada har qanday shakldagi zo‘raki yoki majburiy mehnat qo‘llanishini bartaraf etish yuzasidan majburiyatlar kiritilgan. Shu masalaga oid yana bir asos soluvchi Konvensiya “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida”gi 105-sonli Konvensiya bo‘lib, unda zo‘raki yoki majburiy mexnatga jalb qilish taqiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-sonli “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan .

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 38-moddasiga muvofiq, yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tillarining muddati qonun bilan belgilangan. Ushbu qoida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida keng yoritilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ishning tugashi bilan keyingi kuni ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati 12 soatdan kam bo‘lishi mumkin emas. Dam olish kunlarida ish vaqtidan tashqari vaqtda ishlatish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasida Majburiy mehnatning taqiqlanishi belgilangan, ya’ni “Majburiy mehnat, ya’ni biron bir jazoni qo‘llash bilan taxdid qilish orqali ( shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi”, deyilgan.    

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 12 fevraldagi O‘RQ- 673-sonli O‘zbekiston Respublikasining ayrim kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kirtilishi nazarda tutuvchi Qonunni imzoladi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra,16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgani holda uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Doston Iskandarov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing