Atom energetikasi yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib boriladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekistonda yadro fizikasi tadqiqotlari o‘tgan asrning 40-yillarida boshlangan bo‘lib, 50-yillariga kelib jadal rivojlana boshladi. Mamlakatda yuqori malakali olimlarning mavjudligi, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish yo‘lida O‘zbekiston olimlarining samarali ilmiy izlanishlari va amaliy ishlanmalari 1956 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etilishiga zamin yaratdi.

Institut o‘zining 60 yildan ziyod faoliyati davomida yadro fizikasi va yadroviy texnologiyalar sohasida dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan tan olingan yirik tadqiqot markaziga aylandi.

O‘tgan yillar davomida Institut jamoasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi, shu jumladan:

•    atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, yadro tuzilishi nazariyasi, quyi va o‘ta past energiyalarda yadrolarning parchalanishi va qo‘shilishi fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, astrofizika va kosmologiya, qattiq jism radiatsion fizikasi, radiokimyoning fundamental jihatlari sohalarida yadroviy ilmlarning fundamental asoslari rivojlantirildi;

•    amaliy radiokimyo, radioizotoplar va ular asosida radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun radiatsion priborlar va uskunalar tayyorlash, opto- va mikroelektronika uchun yangi materiallar olish bo‘yicha amaliy yadro texnologiyalari yaratildi.

Shu bilan birga, yadro fizikasi sohasida tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, Institutning ilmiy salohiyatini yanada oshirish uchun qo‘shimcha choralarni ko‘rish talab etilmoqda, xususan:

•    ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish;

•    yosh olimlarni tayyorlash va ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mavjud dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan amaliy-ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda tadqiqot reaktoridan samarali foydalanish;

•    atom energetikasi yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish;

•    Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, zamonaviy yadroviy uskunalar, yuqori energiyali siklotron, yuqori quvvatli elektron tezlatgichlar, boshqa asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash.

Yadro fanlari va texnologiyalarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlarni olib borish tizimini tubdan takomillashtirish va Institut ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, yadroviy tadqiqot reaktoridan samarali va bexatar foydalanishni ta’minlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, uning natijadorligini ta’minlashda kadrlarning malakasini yanada oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

•    nazariy va eksperimental yadro fizikasi, atom energetikasi va yadroviy texnologiyalar, qattiq jism radiatsion fizikasi va materialshunoslik, yadroviy analitika va radiokimyo, ilmiy asbobsozlik bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish;

•    oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim instituti faoliyati samaradorligini ta’minlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

•    respublika maqsadli fan-texnika va innovatsion dasturlarini bajarish orqali yadro fani va texnologiyalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etish;

•    iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayonida Institut ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, dissertatsiya ishlari va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish orqali fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;

•    xorijda ilmiy kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, shuningdek, Institut ilmiy faoliyatiga chet ellik olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan, xorijdagi vatandoshlarni jalb qilish;

•    Institut faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha maqsadli dastur (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli dastur) 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi (keyingi o‘rinlarda – Ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi) 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2021 yilgacha maqsadli ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli ko‘rsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy xodimlari sonini bosqichma-bosqich kamaytirib borish jadvali 5-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalarida malakasini oshirish reja-grafigi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev zimmasiga Maqsadli dastur va Ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi sifatli hamda to‘liq bajarilishini ta’minlash va Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Institut ilmiy xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishini ta’minlasin.

Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamg‘armasining tanlov natijalariga ko‘ra belgilangan tartibda ajratilgan mablag‘lari Institut ilmiy xodimlarining xorijda malaka oshirishini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab:

Institut xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;

Institutda ilmiy-texnik dasturlar doirasidagi fundamental tadqiqotlarning amalga oshirilishi to‘xtatiladi va bo‘shagan byudjet mablag‘lari Institutni saqlash xarajatlarining moliyalashtirilishiga yo‘naltiriladi.

4. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

•    O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

•    xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari;

•    xo‘jalik faoliyati hisobidan tushgan mablag‘lar;

•    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bir oy muddatda:

yangi tahrirdagi Institut ustavi hamda laboratoriyalar va ilmiy xodimlar faoliyatini yillik baholash tartibini belgilangan tartibda tasdiqlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan yordamchi xodimlar, jumladan, respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-yordamchi xodimlari shtat normativlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

•    bir oy muddatda Institutni 2020-2024 yillarda rivojlanish konsepsiyasini;

•    ikki oy muddatda 2030 yilgacha Institutning ilmiy izlanish faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 21 noyabr


Maqola muallifi

Teglar

atom energetikasi Yadro fizika instituti

Baholaganlar

18

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar