Atom bombasi tor-mor qilgan Yaponiya yoxud quyoshli o‘lka qanday oyoqqa turdi?

Tahlil

2

“Xalq uchun nondan so‘ng eng muhimi maktabdir”.

 Fransuz inqilobchisi Jorj Jak Danton


Ikkinchi jahon urushida Germaniyaning ittifoqdoshi sifatida urushga qo‘shilgan Yaponiya, 1945 yil 15 avgust kuni taslim bo‘lganligini e’lon qildi. Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombasi yapon xalqini tiz cho‘ktirdi. Mamlakat hududi AQSH armiyasi tomonidan egallab olindi. Ammo, yapon xalqi urushdan so‘ng shunday jonkuyarlik va iroda namoyish etdiki, buning natijasida Yaponiya sanoati qisqa vaqt ichida Yevropa mamlakatlarini ortda qoldirdi. Galdagi tarixiy maqolamizda Yaponiyaning urushdan keyingi ahvoli hamda “yapon mo‘jizasi” haqida so‘z yuritamiz.

Xirosima va Nagasakidagi yadroviy fojia

AQSH Harbiy havo kuchlari 6-9 avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shahriga yadroviy hujum uyushtirdi. Buning oqibatida, o‘sha kuning o‘zida 180 ming kishi portlash qurboni bo‘ldi. Atom bombasining tashlanishi Yaponiyaga mislsiz zarar yetkazdi. Radiatsiya tarqalishi oqibatida o‘lim holati kundan-kunga oshib bordi. Besh yil ichida Yaponiyada qurbonlar soni 200 mingga yetdi.

Urushdan keyingi Yaponiya

Yadroviy hujumdan so‘ng, 1945 yil 15 avgust kuni Imperator Xiroxito Yaponiya taslim bo‘lganini e’lon qildi. 2 sentyabr kuni AQSH bilan tinchlik pakti imzolandi. Ikki haftadan so‘ng, Yaaponiya hududi Amerika tomonidan okkupatsiya qilindi. Urushda jami 6,5 million yapon halok bo‘ldi. Tez orada AQSH Yaponiyaga general Duglas Makartur boshchiligidagi sakkizinchi dengiz flotini joylashtirdi.

Yaponiya armiyasi va floti qurolsizlantirildi. Harbiy muassasalar tarqatib yuborildi. Militaristik tashkilotlar taqiqlandi. Harbiy va siyosiy jinoyatchilar sudga tortildi. Davlat apparati jinoyatchi unsurlardan tozalandi. Yashirin politsiya tugatildi. Kasaba uyushmalari faoliyati tiklandi. Demokratik siyosiy partiyalar tuzildi. Mamlakatda demokratik tartib o‘rnatish uchun Tokio shahrida ittifoqchi davlatlar (AQSH, Buyuk Britaniya va Xitoy) vakillaridan iborat Ittifoq Kengashi tuzildi. Bu Ittifoq Kengashi Yaponiyani 1952 yilgacha o‘z nazorati ostida ushlab turdi. Aynan, AQSHning okkupatsiya ma’muriyati Yaponiyada chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar o‘tkazilishida kafil vazifasini bajardi.

Urushdan so‘ng amalga oshirilgan islohotlar

1946 yilda Yaponiyada agrar islohotlar amalga oshirildi. Hukumat pomeshchiklardan 5 million 800 ming gektar yerni sotib olib, mayda dehqonlarga arzonga sota boshladi. Yer islohoti dehqonlar foydasiga yerni qayta taqsimlanishiga olib keldi. Endilikda mayda yer egalari o‘zlari yetishtirgan mahsulotga o‘zlari egalik qila boshladilar. Yer islohoti bu haqiqiy inqilob edi. Uning ortidan qishloq xo‘jaligi rivojlandi, o‘g‘it ishlab chiqarish jadallashdi, yerga ishlov berishda texnikaga talab ortdi.

Yaponiya parlamenti 1947 yilda mamlakatning yangi Konstitutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, Yaponiyada Konstitutsion monarxiya tuzumi o‘rnatildi. Imperator amalda real hokimiyatdan mahrum etilib, faqatgina millatning birlik ramzi sifatida saqlab qolindi. Bosh vazirni Imperator tayinlasa-da, uning nomzodini parlament tasdiqlashi zarur edi.

1953 yilda AQSH-Yaponiya o‘rtasida tuzilgan “Do‘stlik, savdo va dengiz kemalari qatnovi to‘g‘risida”gi bitim ikkala davlat fuqarolariga bir-birining hududida erkin harakatlanish huquqini berdi. Shundan so‘ng, amerikalik magnatlar Yaponiya bozoriga o‘z sarmoyalarini olib kira boshladi.

Amerikalik moliyachi D.Dodj tomonidan Yaponiya iqtisodiyotini barqarorlashtirish uchun “Dodge Line” loyihasi ishlab chiqildi. Islohotning mohiyati inflyatsiyani bartaraf etish va iqtisodiyotni barqarorlashtirish edi. Bu moliyaviy islohot Yaponiyaning tashqi savdo holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Tez orada, Yaponiya pul birligi iyen barqarorlashdi. Buning natijasida, davlatda uzoq davom etgan moliyaviy inqiroz o‘z nihoyasiga yetdi.

Yaponiyaning yuksalishi

Sanoatni tiklash uchun Yaponiyada barcha zarur choralar ko‘rildi. AQSH Yaponiyadan reparatsiya (urush zararlarini qoplash uchun mag‘lub davlatdan olinadigan tovon puli) olishni bekor qildi. Ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida yaponlargagina xos bo‘lgan hamkorlik vujudga keldi. Endilikda ish beruvchi va xodim o‘rtasida shartnoma tuziladigan bo‘ldi. Shartnomaga ko‘ra, korxona, xodimni to nafaqaga chiqquncha ish bilan ta’minlashi, xodim esa shu yillar mobaynida korxona uchun sidqidildan mehnat qilish majburiyatini olar edi. Bundan tashqari, yapon xalqi xorijiy mamlakatlarning yutuqlarini o‘rganib, hayotga tatbiq eta boshladi. Yaponiyaning harbiy xarajatlari yillik ijtimoiy mahsulot qiymatining atigi bir foizini tashkil etardi. Bu hol butun kapital mablag‘ining juda katta qismini ishlab chiqarishga yo‘naltirishga imkon berdi.

Yuqoridagi omillar Yaponiya iqtisodiyotining gurkirab rivojlanishi uchun zamin yaratdi. 1950 yilga kelib sanoat ishlab chiqarish urushdan oldingi darajaga yetdi. 1951-1970 yillarda mamlakat iqtisodiyotining yillik o‘sishi o‘rtacha 14,6 foizni tashkil etdi. 1960 yilga kelib Yaponiya sanoatining yillik o‘sishi 20 foizni tashkil qildi. Bunday o‘sish hali hech bir davlatda kuzatilmagan edi. Bu iqtisodiy rivojlanish tarixda “Yapon mo‘jizasi” deb nomlandi.

“Yapon mo‘jizasi”ning siri

Iqtisodiy ekspertlarning ta’kidlashicha, bu mo‘jizaning siri quyidagi sabablarga bog‘liq:

Birinchi – asosiy kapitalning yangilanishi. Sanoat korxonalarida barcha eskirgan jihozlar 1950 yilda almashtirildi. Bu islohot 1960 yilda o‘rta va mayda korxonalarda ham joriy etildi.

Ikkinchi – Koreya va Vetnam urushi munosabati bilan berilgan harbiy buyurtmalar sanoatga juda katta foyda keltirdi. Keyinchalik mamlakatning o‘zida buyurtma ko‘paydi.

Uchinchi – urushdan keyin harbiy xarajatlarning yo‘qligi. AQSHning o‘zi 80% harbiy xarajatlarni moliyalashtirdi. Harbiy xarajatlar 1970 yilga kelganda byudjetning 1,2 foizini tashkil etdi.

To‘rtinchi – konsernlarning ko‘ptarmoqliligi kapitalni aylantirishda qo‘l keldi. Masalan, kemasozlik korxonalari qiyin paytlarda mashinasozlik, kimyo jihozlari, turbinalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtirildi.

Beshinchi – mamlakatda eng muhim sanoat tarmoqlari bo‘lgan atom sanoati, raketasozlik va boshqa sohalarga kapital qo‘yishi muvofiqlashtirildi. Davlat hisobidan ko‘plab sanoat korxonalari yangi joylarga ko‘chirildi.

Oltinchi – boshqa mamlakatlardan texnik yordam to‘g‘risida litsenziyalar sotib olishdan juda keng foydalanildi. Ilmiy-texnik izlanishlarga ko‘p mablag‘ sarflandi.

Yettinchi – Bir soha chiqindilari boshqa sohaga yo‘naltirildi.

Sakkizinchi – xodimlarga “psixologik yondashuv”. Yaponiya korxonalari ishchilarni ishga layoqatsiz bo‘lib qolgunicha yoki umrbod ish bilan ta’minlash to‘g‘risida shartnoma tuzadi. Ishchi esa intizomli, har qanday qiyinchilikka chidaydigan, korxonani o‘ziniki deb bilishi va unga xiyonat qilmasligi zarur edi.

Yaponiya iqtisodiyoti rivojlanishida tashqi savdo muhim rol o‘ynadi. 1965 yilgacha Yaponiyada import darajasi eksportga nisbatan yuqori bo‘ldi. Ammo, 1965 yildan keyin eksport hajmi yuqorilay boshladi.
 
1968 yilga kelib Yaponiya jami milliy mahsulot hajmi jihatidan Fransiya, Buyuk Britaniya va GFRni ortda qoldirdi. Bu borada dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.
 
1981 yilda Yaponiyada yana bir mo‘jiza ro‘y berdi. Shu yili Yaponiya yengil avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha AQSHni ortda qoldirdi. Mamlakatda videotexnika, rangli televizor va boshqa maishiy texnika ishlab chiqarish misli ko‘rilmagan darajada o‘sdi.

Ikkinchi jahon urushi yapon xalqining qaddini anchayin bukib qo‘ygan bo‘lsa-da bu millat sinovlar qarshisida taslim bo‘lmadi. Urushdan so‘ng hukumat ta’limga katta e’tibor qaratdi. 2012 yildan 2020 yilgacha Yaponiya Bosh vaziri lavozimida ishlagan Sindzo Abedan Yaponiya taraqqiyoti, “yapon mo‘’jizasi”ning sababini so‘rashganda: “Biz o‘qituvchilarga vazirning maoshini, diplomatning daxlsizligini va imperatorning hurmatini berdik”, deb javob bergan ekan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

319

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing