“Atletiko Madrid” Toshkentda o‘zbek jamoalaridan biriga qarshi o‘ynashi mumkin
Sport
−
22 may 2021
20398O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Turizm va sport vazirining xalqaro maslahatchisi Aliya Ospanova hamda Ispaniyaning “Atletiko Madrid” futbol klubi xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Rosolino Amenta o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, unda jahon futbolining mashhur yulduzlari ishtirokida qator xalqaro sport tadbirlarini tashkil etish orqali kadrlar tayyorlash, “visit Uzbekistan — Heart of the Silk Road” brendini targ‘ib qilish, shuningdek, klub jamoasi asosiy tarkibining O‘zbekiston klublaridan biri bilan o‘rtoqlik uchrashuvini tashkil etish masalalari muhokama qilingan.
Ispaniya klubi vakillari O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va o‘zgarishlar bilan yaxshi tanishligini ta’kidlab, turizm va sport sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirishga qiziqish bildirgan
Uchrashuv yakunida “Atletiko Madrid” delegatsiyasining sport inshootlari infratuzilmasi bilan tanishish va mazkur futbol klubi akademiyasini tashkil etish uchun O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Madridga rasmiy tashrifi doirasida “Atletiko Madrid” rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Unda O‘zbekistonda “Atletiko Madrid” akademiyasini tashkil etish va “visit Uzbekistan — Heart of the Silk Road” sayyohlik brendini targ‘ib qilish bo‘yicha kelishib olingan edi.
LiveBarchasi