Atamboyev sog‘lig‘i yomonlashganiga qaramay, sudda ishtirok etadi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev 2019 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan Qo‘y-Toshdagi to‘qnashuvlar yuzasidan sudda ishtirok etishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi (SDP) raisining o‘rinbosari Qunduz Joldubayeva kecha, 13 sentyabr kuni “Interfaks”ga ma’lum qildi.

“Bishkekning Pervomay tuman sudida soat 14:00 da Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Sobiq Prezident Almazbek Atamboyev sudga olib kelinadi”, deydi Joldubayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq Prezident sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga qaramay, jarayonda ishtirok etishga rozi bo‘lgan.

Qayd etish kerakki, Atamboyevning advokati Sergey Slesarev o‘z mijozini sog‘lig‘i sababli qamoqdan ozod qilishni talab qilmoqchi ekanligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqdim etilgan hujjatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, Atamboyevning sog‘lig‘i 2020 yilda koronavirus infeksiyasidan keyin yomonlashgan.

“Ekspertlar Atamboyevda koronar yurak kasalligi va ko‘krak hamda bel umurtqalarining osteoxondrozi borligini, intervertebral disklar shikastlanganligini aniqladi. Tekshiruv shuni ko‘rsatadiki, ruxiy zo‘riqish uning ahvoli yomonlashishiga olib kelishi mumkin, shuning uchun biz sobiq Prezidentning qo‘yib yuborilishi hamda unga davolanish imkoniyati berilishini talab qilamiz”, degandi Slesarev.

Ma’lumot o‘rnida, Sooronbay Jeenbekov hokimiyatga kelgunga qadar Qirg‘izistonni boshqargan Atamboyev 2017 yilgi saylovlardan so‘ng, Prezident daxlsizligidan mahrum qilingan va unga korrupsion holatlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

U 2019 yil 8 avgustda Bishkek yaqinidagi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi tartibsizliklardan keyin hibsga olingan va bir yildan ko‘proq vaqt davomida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) hibsxonasida saqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyun oyida Atamboyev jinoyatchi Aziz Batukayevni noqonuniy ozod qilishda ayblanib, 11 yil-u ikki oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Batukayev shuningdek, 2019 yil avgust oyida Qo‘y-Toshda sodir bo‘lgan to‘qnashuvning asosiy ayblanuvchisi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing